Tutdoshlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tutdoshlar (Moraceae) — ikki urugpallali oʻsimliklar oilasi. Sut shirali daraxt, buta, baʼzan sut shirasiz oʻt oʻsimliklar. Barglari navbatlashib yoki qaramaqarshi joylashgan, butun, oʻyilgan yoki qaychibarg , yonbargli. Toʻpgullari — kuchala, boshoq, roʻvaksimon yoki boʻsh sharsimon. Gullari ayrim jinsli, bir yoki ikki uyli. Gulqoʻrgʻoni oddiy odatda, 4 boʻlakli. Changchisi toʻrtta, urugʻchisi bitta. Mevasi danaksimon yoki yongʻoqcha, birlashib etli toʻpmeva hosil qiladi. T.ga 53 turkum va 1400 ga yaqin tur kiradi. Asosan, tropik va subtropik mamlakatlarda, qisman oʻrta mintaqada tarqalgan.

T.ning eng yirik turkumlaridan biri fikus (Ficus) doim yashil yoki barg toʻkadigan daraxt, buta, baʼzan oʻt oʻsimliklari hisoblanadi. 1000 ga yaqin turi bor. Bargi turli shaklda, yonbargli, koʻpincha toʻkiluvchan. Fikuslardan anjir (F. carica) uzoq yashovchi daraxt. Barglari oddiy, 3—5 boʻlakchali, toʻkiluvchan. Gullari toʻpgulining ichida oʻrnashgan. T. ning yana bir yirik turkumi tut (Moras) Shim. yarim sharning moʻʼtadil mintaqalarida tarqalgan.

Oʻzbekistonda manzarali oʻsimlik sifatida ekiladigan (asosiy vatani Xitoy, Yaponiya) mevasi anjirga oʻxshash qogʻoz daraxti, Shimoliy Amerikada oʻsuvchi tikanli daraxt — maklyura, faqat tropik mamlakatlarda oʻsadigan mevasi ajoyib non daraxti, Malayya arxipelagida tarqalgan sut shirasi gʻoyat zaharli salobatli daraxt — zaqqum ham T.ga mansub.