Toʻrgʻay platosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toʻrgʻay platosi, Toʻrgʻay supasimon oʻlkasi — Qozogʻistonning shimoli-gʻarbidagi platosimon qir. Shimolida Gʻarbiy Sibir tekisdigi, gʻarbda Janubiy Ural va Mugʻojar togʻlari etaklari, sharqda Qozogʻiston past togʻlari, janubida Turon pasttekisligi bn chegaradosh. Toʻrgʻay platosi chekka qismining mutlaq bal. 200–300 m. Toʻrgʻay soyligi (yoʻlagi)ni ham oʻz ichiga oladi. Meridional yoʻnalishda 630 km, kenglik boʻylab 300 km ga choʻzilgan. Toʻrgʻay platosi toʻlqinsimon tekislik boʻlib, asosan, pastroq qirlar (supa togʻlar) va yassi tekisliklardan iborat. Ular orasida esa quruq vodiylar joylashgan. Platoda shamol va suffozion jarayonlar natijasida vujudga kelgan botiqchalar koʻllar bn band.

Toʻrgʻay platosining oʻrta qismi pastroq (Toʻrgʻay soyligida 80–150 m ga pasayadi). Platoning zamini paleozoy davri kristalli togʻ jinslaridan tuzilgan, ularning ustini qalin mezozoy va kaynozoy gʻovak jinslari (gil, mergel, qum, konglomerat va boshqalar) qoplagan. Iqlimi keskin kontinental va quruq, qishi sovuq va uzoq, yozi issiq. Jan.ga borgan sari qurgʻoqchil. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi shimoliy qismida —15°, — 16°, janubida —13°, —14°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi shimolida 23°, janubida 25°. Baʼzi yillari qishda temperatura —45°, —46° ga pasayadi, yozda esa 42°, 44°ga koʻtariladi. Yillik yogʻin, shimolida 3000–3500 mm, janubida 150–200 mm. Dare kam, shim.ga Tobol va uning tarmogʻi — Ubagan, jan.ga qarab Toʻrgʻay, Irgʻiz va boshqa daryolar oqadi. Yirik koʻllari: Qushmurun, Oqsaut, Sariqara, Tenteksoʻr, Qarasoʻr va boshqa Toʻrgʻay soyligida joylashgan. Toʻrgʻay platosining shimoliy qismi dasht landshaftlaridan iborat. Och rangli qoratuproqlar, janubida kashtan, qoʻngʻir tuproqlar tarqalgan. Dare vodiylarida oʻtloq, koʻllar atrofida shoʻrxokbotqoq tuproqiar uchraydi. Oʻsimliklardan shimoliy qismida chalov, betaga, janubida chalov, betaga bn birga burgan, shuvoq, shoʻralar, dare, koʻl boʻylarida qaragʻay, tol, terak va qamishzorlar tarqalgan.

Yovvoyi hayvonlardan yumronqoziq, qoʻshoyoq, sichqon, boʻri, tulki, boʻrsiq va boshqa yashaydi. Qushlardan tuvaloq, bizgʻaldoq, toʻrgʻay, koʻllarda oʻrdak, gʻoz va boshqa uchraydi. Temir, koʻmir, boksit, tuz konlari bor. Donli ekinlar ekiladi. Chala choʻl zonasida joylashgan janubiy qismidan yaylov sifatida foydalaniladi. Toʻrgʻay platosi da yirik magnetit temir rudasi (Sokolovsk, Sarbay, Kachar); boksit, koʻmir konlari va boshqa konlar bor. Naurzum qoʻriqxonasi tashkil etilgan.