Toʻmaris

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toʻmaris (miloddan avvalgi VI asr) — Turon xalqlarining axamoniylar bosqiniga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan jasur ayol sarkarda.

Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning „Tarix“ (miloddan avvalgi V asr) asarida yozilishicha, Axomaniylar davlati asoschisi Kir II miloddan avvalgi 530-yilda Turonga bostirib kirganida, Toʻmaris massagetlar qabilasining malikasi boʻlgan. Massagetlar bu paytda Amudaryo (Araks) boʻylari va Qizilqumda yashashgan. Toʻmaris massagetlar podshosining xotini boʻlib, u erining vafotidan soʻng davlatni boshqargan.

Erondan kelgan bosqinchilar qoʻshini va massagetlar oʻrtasida shiddatli janglar boʻlgan. Dastlabki jangda Toʻmarisning oʻgʻli Spargalis (Siparangiz) boshchiligidagi massagetlar gʻolib chiqqan. Biroq keyingi jangda forslar hiyla yoʻli bilan Spargalis va ayrim massagetlarni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Spargalis oʻzini oʻldirgan. Toʻmaris oʻgʻlining halokatidan esankirab qolmay, oʻz xalqining manfaatini oʻylab, Kir II dan massagetlar yurtidan chiqib ketishini soʻraydi. Biroq forslar shohi rad javobini bergach, ikki oʻrtada ayovsiz jang boʻlgan. Gerodot massagetlar va forslar oʻrtasidagi jang tafsilotlarini oʻz asarida quyidagicha tasvirlaydi: „Mening bilishimcha, bu jang varvarlar oʻrtasidagi barcha janglardan ham dahshatli boʻlgan. Avval har ikkala qoʻshin bir-birini uzoq masofadan turib, kamondan oʻqqa tutdilar. Kamon oʻqlari tugagach, ular nayza va qilich bilan kurashdilar. Jang uzoq vaqt davom etdi. Koʻp qon toʻkildi. Nihoyat, massagetlar gʻalaba qozondilar. Fors qoʻshinlarining asosiy qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok boʻlgan. U toʻliq 29 yil shohlik qilgan edi. Kir II ning jasadi topilgach, malika (Toʻmaris)ning buyrugʻi bilan uning kesilgan boshi inson qoni bilan toʻlgʻazilgan meshga solingan“.

Toʻmarisning jasorati va harbiysiyosiy faoliyati toʻgʻrisida xalq dostonlari yaratildi, jangnoma va rivoyatlar toʻqildi. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli Hodi Zarifovdan yozib olgan „Oysuluv“ dostonida Turon mamlakatining podshosi Oysuluv obrazida Toʻmaris faoliyati oʻzining badiiy talqinini topgan. Yozuvchi Mirkarim Osim „Toʻmaris“ qissasida uning jasoratini ulugʻlaydi. Ibrohim Yusupov „Toʻmaris“ (1974) dostonini yozgan, kompozitor Ulugʻbek Musayev shu nomli balet (1982)ni sahnalashtirgan. Oʻzbekistonda ayollar oʻrtasida „Toʻmaris oʻyinlari“ festivali oʻtkaziladi.


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Gerodot, Istoriya (v devyati knigax), Leningrad, 1972.
  • Oʻzbekiston tarixi — davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, Toshkent, 2000.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]