Til
Til deb murakkab muloqot tizimiga yoki shu tizimni oʻrganish va ishlatish qobiliyatiga aytiladi. Tilni oʻrganuvchi sohaga tilshunoslik deyiladi. Jahon tillari miqdorini aniqlash uchun til va sheva orasida farq oʻrnatish zarur. Shunga qaramay, tillar soni 6—7 ming orasida, deb hisoblanadi. Tabiiy til soʻzlashuv yoki imo-ishora orqali tarqaladi, biroq har qanday til eshitish, koʻrish, sezish stimullari yordamida yozuv, braille yoki hushtak kabi ikkilamchi vositaga kodlanishi mumkin. Bu odam tili modallikdan mustaqil boʻlgani uchun ilojli. Keng maʼnoda til atamasi ostida biror muloqot tizimining tayinli qoidalari majmuasi tushuniladi. Barcha tillar semiozisga, yaʼni belgilarni tegishli maʼnolarga bogʻlash jarayoniga tayanadi. Ogʻzaki va imo-ishora tillari ramzlar ketma-ketligini soʻz yoki morfema qilib shakllantiruvchi fonologik tizim hamda soʻz va morfemalar ketma-ketligidan ibora va gaplarni hosil qiluvchi sintaktik tizimni oʻz ichiga oladi.
Til — 1) kishilar oʻrtasida, jamiyatda aloqa va oʻzaro fikr almashishning muhim vositasi; tilshunoslikning asosiy oʻrganish obʼyekti; borlikdagi narsa, hodisalarga va ularni ongda aks ettirishga xizmat qiladigan, nutq aʼzolari tomonidan aslidagiday tiklanadigan va muayyan jamiyat doirasida hammaga maʼlum va maqbul boʻlgan tovush belgilari majmui, shuningdek, ushbu belgilarning fikr ifodalash jarayonida birga qoʻshilishi, birikishi haqidagi qoidalar toʻplami. T. — ijtimoiy hodisa, kishilar, jamoalar oʻrtasidagi eng muhim aloqa vositasi ekanligi asrlar mobaynida Sharq va Gʻarb olimu shoirlari, mutafakkirlari tomonidan taʼkidlab kelinadi.
T. konkret nutq hodisalari (ayrim gaplar, hikoyalar, bir necha kishining suhbati va shu kabi), jumladan, ogʻzaki yoki mexanik usudda takrorlanadigan va yozuv orqali qayd etiladigan nutq hodisalarida mavjud boʻladi. Koʻplab nutq hodisalarining struktur xususiyatlarini taxlil qilish, qiyoslash va umumlashtirish muayyan tilda mavjud boʻlgan elementlar va ular oʻrtasidagi munosabatlar majmuini yaxlit murakkab belgi tizimi sifatida anglash va tavsiflash imkonini beradi. Hoz. davrda turli millat, elat va qabilalarga tegishli 2500 dan 5000 tagacha (baʼzi manbalarda 3000—7000 oraligʻida) jonli til borligi maʼlum (q. Jahon tillari). Ularning har birida barcha tillar uchun umumiy boʻlgan baʼzi universal struktur xususiyatlar koʻzga tashlanadi. Lisoniy tizim nuqtai nazaridan T.ning bunday universal xususiyatlari sifatida barqarorlashgan koʻplab til belgilari — soʻzlarning va ulardan foydalanish boʻyicha umumiy (grammatik) qoidalarning mavjudligi; soʻzlar tarkibida T.ning eng qisqa (kichik) tovush birliklari — fonemalarnint ajratilishi kabilarni koʻrsatish mumkin. Ayrim olingan soʻz doirasida fonemalar bir yoki bir necha boʻgʻinga birlashadi. T.ning kamroq umumiy bulgan struktur xususiyati alohida soʻzlar doirasida yanada kichikroq fonetiksemantik qismlar — morfemalarning ajralishidir. Nutq jarayonida har qanday nutq hodisasining gaplar tashkil etishi har qanday tovush T.ining universal xususiyati hisoblanadi. Umumiy xususiyatlar doirasida turli xil T.larda ularni tashkil etuvchi elementlarning cheksiz variantlashuvi va bu elementlarning nutq jarayonidagi oʻzaro munosabati kuzatiladi (q. Grammatika, Semasiologiya, Sintaksis, Leksika).
T. mehnat va ijtimoiy ong bilan birgalikda bir-biriga oʻzaro bogʻliq boʻlgan, insonni hayvondan farklovchi 3 ta eng muxim xossalardan birini tashkil etadi. Ushbu hossalar ichida mehnat muhim ahamiyatga ega boʻlib, u jamiyat mavjudligining moddiy asosi hisoblanadi.
T.ning tafakkur, ijtimoiy ong bilan aloqasi nihoyatda uzviy, chambarchasdir. T. belgilari — soʻzlar, soʻz birikmalari va gaplar — moddiy shakllar boʻlib, ularda ongning ideal mahsullari — aniq tasavvurlardan tortib eng mavhum va umumlashtiruvchi tushunchalar yoki hukmlargacha obʼyektiv tarzda oʻz aksini topadi. Shunday kilib, T. nafaqat fikrni ifodalash yoki fikr almashish vositasi, balki ijtimoiy ongda fikrlarni shakllantirish va mustahkamlash vositasi ham hisoblanadi. T. — jamiyat boyligi, u jamiyat aʼzolarining oʻzaro aloqasini amalga oshiradi, insonning moddiy va maʼnaviy turmushida roʻy beradigan barcha voqeahodisalar haqidagi bilimlarni jamlaydi va ulardan xabardor qiladi; T. ayni maʼnoda asrlar mobaynida shakllanadi va mavjud boʻladi. Tafakkur T. ga Karaganda birmuncha tezroq rivojlanadi va yangilanadi, leki n T.siz tafakkurni tasavvur etib boʻlmaydi: T.da ifodalanmagan fikr noaniq, tushunarsiz bir narsa boʻlib, insonga borliq voqeahodisalarini anglab yetishida, fanni rivojlantirish va takomillashtirishida yordam bera olmaydi. Tafakkur T. siz mavjud boʻlmas ekan, T. ham tafakkursiz yashay olmaydi. Biz oʻylab turib gapiramiz va yozamiz, oʻz fikrlarimizni T.da aniqroq va tushunarliroq bayon etishga harakat qilamiz. Demak, fikrlar T. negizida paydo boʻladi va unda mustaxkamlanadi; T. bilan tafakkur bir butunlikni tashkil etadi.
T. ning , dastlabki T.ning paydo boʻlishi masalasi insoniyatni qad. zamonlardan beri qiziqtirib keladi. Qad. davrlardan boshlab T.ning kelib chiqishi haqida koʻplab nazariyalar, taʼlimotlar paydo boʻldi. Lekin bu nazariya va taʼlimotlar T.ning kelib chiqish masalasini hanuzgacha uzilkesil hal qilib bera olgani yoʻq.
Qayd etilganidek, jahon T.lari oʻz grammatik qurilishi, lugʻat boyligi va b. jihatidan bir-biridan farq qiladi, lekin shu bilan birga ular barcha tillar uchun mushtarak boʻlgan umumiy qonuniyatlar asosida rivojlanadi. T. davr bilan, zamon bilan hamohang ravishda oʻzgarib boradi (oʻzbek T.ining qad. turkiy T. davri bilan hoz. koʻrinishi chogʻishtirilsa, bunday oʻzgarishlar qay darajada boʻlganligi yaqqol seziladi) va baʼzan, turli ijtimoiysiyosiy oʻzgarishlar oqibatida, muomaladan chiqib ketishi ham mumkin. Mas., oʻtmishda jahon madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshgan feklar va rimliklar soʻzlashgan qad. grek va lotin T.lari davrlar utishi bilan muomaladan chiqib, ulik Tlarga aylanib qolgan.
T.dagi uzgarishlar tabiati xamda T. taraqqiyotidagi yoʻnalishlar 2 ta boshqa boshqa omil — jamiyat hayotidagi tarixiy oʻzgarishlar xamda T. taraqqiyotining muayyan bosqichida uning strukturasidagi konkret xususiyatlar bilan belgilanadi. T. tarixining jamiyat tarixi bilan aloqadorligi tilning ichki strukturasi oʻzgarishlarida (asosan, leksika va frazeologiya sohasida), shuningdek, muayyan T. ning tarkalish miqyoslari oʻzgarishida (jumladan, uning funksional uslublari taraqqiyotida) va uning laxjalarga boʻlinishi (differensiatsiyasi) darajasida namoyon boʻladi. Fonetika va morfologiya sohalaridagi oʻzgarishlar ijtimoiy hayot voqeahodisalari bilan bevosita bogʻliq emas. T. strukturasining jiddiy oʻzgarishlari T.larning oʻzaro taʼsirlashuvi jarayonlariga bogʻliq boʻladi. Jamiyat tarixiy taraqkiyotining turli bosqichlarida T.larning lahjaviy farqlanishi darajasidagi tafovutlar T. tarixining jamiyat tarixi bilan aloqadorligini belgilovchi xususiyat xisoblanadi. Jamiyatning ayrim hududiy kismlarga iktisodiy va siyosiy parchalanishi jarayonlari iktisodiy va siyosiy birlashish jarayonlaridan ustun boʻlganda, yaxlit, bir butun T.lar hududiy laxjalarga boʻlinib ketadi. Aksincha, jamiyatning iqtisodiy, siyosiy birlashish jarayonlari hududiy parchalanish jarayonlaridan ustunlik qilgan davrlarda, laxjaviy differensiatsiya bilan bir qatorda, adabiyotda adabiy til sifatida mustahkamlanib qoluvchi yagona umumxalq T.ini yaratishga imkon paydo boʻladi. Umumxalq milliy T.ning shakllanishi tegishli millatning shakllanishi davrida roʻy beradi (yana q. Sunʼiy tillar, Nutq, Tilshunoslik, Adabiy til, Milliy til); 2) har qanday belgi tizimi, mas., imoishora T.i, maxsus ramzlar qoʻllanadigan matematika T.i, kino T.i va b.; 3) aynan uslubning oʻzi (roman T.i, gazeta T.i).
Odam tili unumdorlik, rekursivlik va siljuvchanlik xususiyatlariga ega ekanligi hamda ijtimoiy kelishuv va oʻrganishga butunlay asoslangani uchun unikaldir. Binobarin, uning murakkab tuzilishi hayvonlar muloqotiga nisbatan juda keng ifoda va qoʻllanishlar koʻlamini beradi. Til erta homininlar asta-sekin primat muloqot tizimlarini oʻzgartira boshlagan paytda, boshqa onglar nazariyasini shakllantirish qobiliyati va intensionallikni oʻrganayotganida yuzaga kelgan, deb taxmin etiladi.
Ushbu rivojlanish miya hajmi oʻsishiga mos kelgan boʻlishi mumkin; aksariyat tilshunoslar til tuzilishini tegishli muloqot va ijtimoiy vazifalarga xizmat qilish uchun evolutsiyalangan, deb qarashadi. Til odam miyasining turli, xususan Broca va Wernicke sohalarida ishlanadi. Odamlar tilni yosh bolalik paytidagi ijtimoiy oʻzaro munosabat orqali oʻzlashtiradilar va oʻrtacha uch yoshga kelib ravon gapira oladilar. Til ishlatish odam madaniyatiga chuqur singgan. Binobarin, til faqatgina muloqot vositasi boʻlib qolmay, balki individuallik, ijtimoiy stratifikatsiya, parvarish va ermak kabi ijtimoiy va madaniy rollarga ham ega.
Tillar vaqt oʻtishi bilan oʻzgaradi, ularning evolutsiyasini qadimgi tillar keyingi bosqichlar sodir boʻlishi uchun qanday belgilarga ega boʻlganini aniqlovchi va ularni zamonaviy tillarga taqqoslovchi tarixiy tilshunoslik oʻrganadi. Umumiy ajdoddan keluvchi tillar guruhiga tillar oilasi deyiladi. Bugungi kunda jahonda eng keng tarqalgan tillar, jumladan inglizcha, ispancha, portugalcha, ruscha va hindcha hind-yevropa tillari; mandarin xitoychasi va kantoncha esa sino-tibet tillari; arabcha, amharcha va ivrit esa semit tillari; suahili, zulu va shona esa bantu tillari oilasiga kiradi. Tilshunoslar fikriga koʻra bugun mavjud tillarning 50 dan 90 foizigachasi 2100-yilga kelib yoʻqolib ketadi.[1][2]
Manbalar [tahrir]
Adabiyotlar [tahrir]
- Usmonov S, Umumiy tilshunoslik, T., 1972;
- Budagov R. A., Chelovek i yego yazik, M., 1974;
- Berezin F. M., Golovin B. N., Obsheye yazikoznaniye, M., 1979;
- Reformatskiy A. A., Vvedeniye v yazikovedeniye, M., 1998.
- Austin, Peter K (2011). "Introduction", Cambridge Handbook of Endangered Languages. Cambridge University Press. ISBN 978-0-521-88215-6.
- (2010) Atlas of the World’s Languages in Danger, 3rd edition.. Paris: UNESCO Publishing.
| Til haqida Vikipediyaning qardosh loyihalariga qarang | |
| Maʼno va tarjimalari Vikilugʻatda | |
| Media fayllar Vikiomborda | |
| Taʼlim resurslari Vikiversitetda | |
| Axborotlar Vikiyangiliklarda | |
| Iqtibos, maqol va matallar Vikiiqtibosda | |
| Asarlar matnlari Vikimanbada | |
| Kitob va darsliklar Vikikitobda | |
| Ushbu maqolani yozishda Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |