Taqvim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Taqvim yoki kalendar (lotincha: calendarium — „qarz daftari“) — yil, oy, hafta va kunlar hisoblashni yuritish tizimi. Quyosh, Oy, sayyoralarning koʻrinma harakati, kun bilan tunning almashinuvi, Oy fazalari va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanib turishiga asoslanadi. Taqvimning paydo boʻlishi odamning xoʻjalik faoliyatini yuritish ehtiyoji bilan bogʻliq. Odamlar Quyoshning chiqib botishini kuzatib — kun, Oy oʻrogʻining avval kattalashib, soʻng kichrayishiga qarab — oy, yil fasllarining davomida Quyoshning ufqdan qanchalik koʻtarilishini kuzatib yil tushunchalariga kelishgan. Asta-sekin vaqtni yana ham aniqroq hisoblash ehtiyoji bilan soat, minut birliklari, mifologik anʼanalar asosida hafta tushunchasi kiritilgan. Vaqt hisobini toʻgʻri yuritish uchun dastlabki rasadxonalar qurilgan, quyosh soati oʻylab topilgan.

Taqvim hisobining asosiy birligi — yil. Yil esa oylarga, oylar esa kunlarga boʻlingan. Bu 3 tushuncha 3 xil astronomik hodisa — mos tartibda Yerning Quyosh atrofida aylanishi, Oyning Yer atrofida aylanishi va Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishi bilan bogʻliq. Bu 3 hodisaning davomiyligi ancha murakkabligi yilni oylarga, oyni kunlarga boʻlishni murakkablashtiradi. Bu masala turli xalqlarda turli usulda hal etilgan va shu tarzda quyosh taqvimi (shamsiy taqvim), oy taqvimi (qamariy taqvim) hamda oy-quyosh taqvimi (shamsiy-qamariy taqvim) ishlab chiqilgan.

Quyosh taqvimi ning asosiy birligi — tropik yil. Uning uzunligi ketmaket ikki bahorgi tengkunlik oraligʻidan iborat boʻlib, 365, 2422 kun, yaʼni 365 kun 5 soat 48 min. 46 sek.ga teng . Dastlabki shamsiy taqvimdan foydalangan qadimgi misrliklar bir yilni 365 kun deb olishgan. Bir yil 30 kunlik 12 oyga boʻlingan va yil oxirida qoʻshimcha 5 kun qoʻshilgan. Qadimgi Rimda ham bir yilni 365 kun deb olingan, lekin yilning oylarga boʻlinishi yana ham murakkabroq boʻlgan. Bundan tashqari qadimgi Misr va Rim taqvimlarida yil uzunligi tropik yildan taxminan 6 soatiga qisqa boʻlgani uchun bahorgi teng kunlik har 4 yilda 1 kunga surilgan va bu ham chalkashliklarga sabab boʻlgan. Ularni bartaraf etish uchun Rim konsuli Yuliy Sezar mil. av. 46-yilda yunon astronomi Sozigen taklifiga muvofiq taqvim islohotini oʻtkazadi: har 4 yildan biri 366 kunlik (kabisa) deb qabul qilinadi. Bu taqvim Yulian taqvimi deb yuritiladi. Yulian taqvimida bir yil 12 oyga boʻlinib toq oylar 31 kun, juft oylar 30 kun, faqat fevral oyi 28 kun (kabisa yili 29 kun). Dunyoning koʻp mamlakatlarida hozirgacha oylarning Yuliy taqvimdagi nomlari qoʻllanadi.

Yuliy taqvimda bir yil tropik yildan 11 daqiqa 14 soniya ortiq boʻlgani uchun bu farq har 400-yilda taxminan 3 kunni tashkil qiladi. Bu farq yigʻilib 16-asrda 10 kunga yetgan, natijada bahorgi teng kunlik 11 mart ga toʻgʻri kelib qolgan. Bu nomutanosiblik xristianlarning diniy bayramlarini belgilashda chalkashlik keltirib chiqarar edi. Shuning uchun Yuliy taqvimdagi xatolikni tuzatish uchun Rim papasi Grigoriy XIII 1582-yil 24 fevralda italiyalik vrach va matematik Luidji Lullio loyihasi boʻyicha taqvim islohotini oʻtkazadi: 1) 1582-yil 4 oktabrdan keyingi kun 15 oktabr deb olinadi va bahorgi teng kunlik 21 martga qaytariladi; 2) toʻrtga boʻlinadigan yillar Yuliy taqvimdagi kabi 366 kun deb olinadi; 3) har 400-yilda 3 kun chiqarib tashlanadi — 400 ga boʻlinmaydigan yillar 365 kunlik (yaʼni oddiy) yil deb eʼlon qilinadi. U Grigoriy taqvimi deb yuritila boshladi. Sanalarni Grigoriy taqvimiga muvofiq hisoblash yangi uslub deb ataldi. Sanalarni avvalgidek Yulian taqvimi asosida hisoblashda davom etish esa eski uslub nomini olgan. Grigoriy taqvimi 16-asrdan boshlab asta-sekin dunyoning koʻpchilik mamlakatlariga tarqaldi. Oʻzbekistonda ham u 1918-yil 14 fevraldan qoʻllab kelinadi.

Yil uzunligi va oy-kunlarga boʻlinish taqvimga muvofiq yuritilsa, yillar hisobi alohida kelishuv bilan belgilanishi lozim. Qachon birinchi yil deb olinishi bilan bu masala hal boʻladi va istalgan sanani hisoblash imkoni tugʻiladi. Bunday kelishuv taqvim bilan birga xronologiya deb ataladi. Grigoriy taqvimi qabul qilingan mamlakatlarning koʻpchiligida xronologiya Iso Masihning tugʻilgan kunidan boshlanadi, yaʼni Iso (a.s.) tugʻilgan kun 1-yilning 1-yanvari deb qabul qilingan. Tarixning mana shu sanasigacha davri eski era (miloddan avval), keyingi davri esa yangi era (milodiy) deb ham ataladi.

Oy taqvimida asosiy birlik vazifasini sinodik oy oʻtaydi. Oy Yer atrofida aylanishi davomida Quyoshning toʻgʻrisiga kelishi oy boshi deyiladi. Bu vaqtda Oy koʻzga koʻrinmaydi, 1-2 kundan keyin u gʻarbda kechqurun oʻtkir oʻroq („yangi oy“) shaklida koʻrinadi. Oy taqvimida 12 oy bir yilni tashkil etadi. Sinodik oy 29,5306 sutka, yaʼni 29 kun 12 soat 44 min. 3 sek. boʻlgani uchun bir yil taxminan 354 kunga teng boʻladi.

Hozir Oy taqvimi arab mamlakatlarida amal qiladi. 20-asrgacha u asosiy aholisi musulmon boʻlgan mamlakatlar, jumladan, bizning yurtimizda ham qoʻllangan va hijriy (aniqrogʻi hijriy-qamariy) taqvim deb atalgan. Hijriy taqvimda xronologiya paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning Makkadan Madinaga koʻchib borgan (arabcha hijrat) kunidan boshlanadi. Bu sana Yulian taqvimida 622-yil 16-iyul juma kuniga toʻgʻri kelishi aniqlangan. Hijriy taqvimda 12 oydan toqlari 30, juftlari esa 29 kun. Bunda bir yil 354 kun boʻlib, 12 sinodik oydan qisqa boʻlgani uchun har oʻttiz yildan 11 tasi kabisa deb olinadi. Kabisa yilning soʻnggi oʻn ikkinchi oyi (zulhijja) 30 kun boʻladi. Hijriy taqvimda oʻttiz yillik davrlar (1-yildan 30-yilgacha, 31-yildan 60-yilgacha va h.k.) qoʻllanadi. Har oʻttiz yillik davrning 2-, 5-, 7-, 10-, 12-, 15-, 17-, 19-, 21-, 24-, 27- va 29-yillari kabisadir. Masalan, hijriy 1426-yil kabisami-yoʻqmi ekanligini aniqlash uchun undan 30 ga karrali qismi chegirib tashlanadi: 1426 — 30x47=1426 — 1410=14, demak, bu yil oddiy ekan, 1427-yilda esa qoldiq 15 chiqadi va kabisa boʻlishini koʻrsatadi.

Ayrim Sharq mamlakatlarida hijriy taqvimning kabisa yillari boshqa usulda ham aniqlangan. Shuningdek, Eronda hijriy-qamariy taqvim bilan bir paytda hijriy-shamsiy taqvim ham qoʻllanadi. Unda xronologiya hijrat kunidan boshlanadi, ammo yil uzunligi Quyosh taqvimi boʻyicha hisoblanadi. Yil boshi sifatida bahorgi tengkunlik — Navroʻz kuni, oylar esa burjlar bilan deyarli ustma-ust tushadi.

Ayrim Sharq mamlakatlarida ham yil, ham oy asosiy birlik boʻlgan oy-quyosh taqvimlari qoʻllanadi. Taqvim tarixida Umar Xayyom taklif qilgan islohot ham ahamiyatga molik. U oʻsha davrda amalda boʻlgan taqvimlar bilan tanishib, ulardagi kamchiliklardan xoli boʻlgan quyosh taqvimini ishlab chiqqan va saljuqiylar sultoni Jaloliddin Malikshoh tomonidan joriy ham qilingan (Yulian taqvimi boʻyicha 1079-yil 15-martda). Ammo sulton vafotidan (1092-yil) keyin amal qilinmay qolib ketgan. Umar Xayyom taqvimida har 33 yildan 8 tasi: 4-, 8-, 12-, 16-, 20-, 24-, 28- va 33-yillar kabisa yil boʻlgan. Bunda bir yil oʻrtacha 365+8/33=365,242424 kunga teng boʻlib, tropik yildan atigi 19,7 sekundga farq qiladi. Umar Xayyom taqvimini amaldagi taqvimlar ichida eng sodda va anigʻi deyish mumkin. Qadimdan turli xalqlar turlicha taqvimlar va xronologiya tizimlaridan foydalangani bir taqvimdagi sanalar boshqa taqvimda qaysi sanaga mos kelishi masalasini oʻrtaga chiqargan. Bu masalani hal etishga, ayniqsa, al-Xorazmiy, Beruniy va Ulugʻbek katta hissa qoʻshgan. Xususan, Ulugʻbekning „Ziji jadidi Koʻragoniy“ asarida oʻsha davrda Yaqin Sharq, Xitoy, Yevropada qoʻllangan oʻndan ortiq taqvimlar oʻrtasidagi mutanosiblik bayon qilingan.

Musulmon Sharqi, jumladan, Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi, klassik va madaniy yodgorliklarida sanalar hijriy-qamariy taqvimda berilgan. Shuning uchun bunday yodgorliklar oʻrganilganda hijriy sanalarni milodiy, yaʼni Yuliy-Grigoriy taqvimiga oʻtkazish masalasiga duch kelinadi. Bir holatda bu masalani taqribiy hal etish — hijriy yilga mos milodiy yilni hisoblash kifoya qilsa, ikkinchi holatda uni aniq hal etish — tayin hijriy sanaga milodiy boʻyicha qaysi kun toʻgʻri kelishini topish lozim boʻladi. Manbashunoslar ishini yengillatish maqsadida turli mutanosiblik jadvallari tuzilgan. Jadval boʻlmagan taqdirda maxsus qoidadan foydalanish mumkin: hijriy yil shartli ravishda N bilan, milodiy yil M bilan belgilansa, u holda: M=N-S+622, N=M-622+ Mu2622. Masalan, manbalarga koʻra, Alisher Navoiy hijriy 844-yilning 17-ramazonida tavallud topgan, yaʼni N=844. Endi 844:33 taqriban 25,6 ga tengligi uchun M=844+622-25,6= 1440,6. Odatda, bu natija 1440/1441 (yaʼni 1440 yo 1441) koʻrinishda yoziladi. Qoidani biroz oʻzgartirib, mikrokalkulyatorda hisoblashga moslash mumkin: M=N*354: 365+622, N=Mx365: 354-622.

Bir taqvimdagi tayin A kunga ikkinchi taqvimda qaysi B kun toʻgʻri kelishini aniqlash lozim boʻlsa, u holda dastavval har ikki taqvim uchun mutanosibligi maʼlum kun — boshlangʻich hisob nuqtasi olinadi. Xususan, hijriy va Yuliy-Grigoriy taqvimlari uchun boshlangʻich nuqta sifatida hijriy 1-yilning 1-muharrami milodiy 622-yil 16-iyulga mos kelishi olinishi mumkin. Soʻng birinchi taqvimga muvofiq A kungacha necha kun oʻtgani hisoblanadi va boshqa taqvimda shuncha kun oʻtsa, qaysi sana chiqishi topiladi.

Shunday qilib, taqvimlar oʻrtasidagi mutanosiblik ularning xronologiyasiga (erasiga) ham bogʻliqdir. Turli xalqlarda ming yillar mobaynida turlicha eralar qoʻllangan. Xitoyda yil hisobi hukmdor Xuan Di podsholigi boshlangan sana — mil. av. 2637-yildan hisoblangan. Qadimgi Misrda yagona uzluksiz yil hisobi boʻlmagan — har bir firʼavn taxtga oʻtirishi bilan yil hisobi boshidan boshlangan. Qadimgi Bobilda Navoxudonasr podsholigi boshlangan mil. avv. 747-yildan hisoblangan era qoʻllangan. Yunonistonda xronologiyaga 1-Olimpiada boshlangan yil — mil. avv. 776-yil asos qilib olingan. Qadimgi Rimda yil hisobi afsonaviy qahramon Romul shaharga asos solgan sana — mil. av. 753-yildan boshlangan. Keyinchalik imperator Diokletian (Daqyonus) hukmdorligi boshlangan eraga oʻtilgan, u mil. 284-yilga toʻgʻri keladi („Daqyonusdan (almisoqdan) qolgan“ degan ibora shundan kelib chiqqan).

„Dunyoning yaratilishi“dan boshlangan eraning bir necha varianti ham bor. Jumladan, qadimgi yahudiy taqvimi boʻyicha dunyoning yaratilishi mil. avv. 3761-yil, Vizantiya taqvimi boʻyicha esa mil. avv. 5508-yil sodir boʻlgan. Hozirgi vaqtda koʻpchilik mamlakatlarda qabul qilingan yangi era — „Iso Masih tugʻilgan kun“dan boshlangan era qoʻllanadi.

Grigoriy XIII islohoti taqvim vaqtini astronomik vaqtga yaqinlashtirgan boʻlsa ham taqvimning ichki tuzilishidagi oylardagi kunlar soni bir xil emasligi, haftalarning oylar ichida boʻlinib ketishi kabi noqulayliklar saqlanib qolgan. Shuning uchun mukammalroq taqvim loyihalarini ishlab chiqishga urinishlar boʻlgan. Masalan, Hindiston hukumatining tashabbusi bilan taqvimni isloh qilish masalasi 1953-yilda BMTga qoʻyilgan. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) doimiy taqvim loyihasini maʼqullagan. Unga koʻra, har bir chorakda 13 ta toʻliq yetti kunlik hafta (hammasi boʻlib bir yilda 364 kun) va yil oxirida qoʻshimcha bir kun (31-dekabr oʻrniga) — Tinchlik bayrami kuni belgilangan. Kabisa yillari esa, shuningdek, 6- va 7-oylar orasida yana bir kun — Kabisa yil bayrami qoʻshiladi. Qoʻshimcha kunlar haftalar va oylar hisobga kiritilmaydi (yaʼni ular qaysi oy va haftaning kunlari boʻlishi koʻrsatilmaydi). Bu loyiha boʻyicha har chorakning birinchi oylari (yanvar, aprel, iyul, oktabr) 31 kundan, qolgan oylar esa roppa-rosa 30 kundan tashkil topishi kerak. Shunda haftasiga bir kun dam olish kuni hisoblansa, hamma oylardagi ish kunlari soni doimiy — 26 kundan boʻladi. Har bir xalqning milliy bayramlari borligi va dam olish kuni 2 kun kilib belgilanganligi tufayli, bu loyihani ayrim mamlakatlar maʼqullamadi. Shuning uchun 1956-yildan keyin taqvim islohoti oldinga siljimadi. Keyinchalik boshqa taqvimlar loyihalari taklif qilindi, lekin ularni hayotga joriy etish masalasi ochiq qolmoqda.

Taqvim tarixi — insoniyat sivilizatsiyasining uzviy ajralmas boʻlagi. Tashqi olam toʻgʻrisidagi bilimlar koʻpaygan sari va turli davrlarda xalq xoʻjaligi ehtiyojlari bilan bogʻliq ravishda taqvimlar takomillashib bordi. Masalan, oy taqvimining paydo boʻlishini ibtidoiy odamning turmush tarzi bilan bogʻlash mumkin. U davrlarda ovchilik va termachilik odam faoliyatining asosini tashkil qilgan edi. Asta-sekin dehqonchilik va chorvachilikka oʻtilishi oy-quyosh taqvimi va quyosh taqvimining paydo boʻlishiga olib keldi. Keyingi ikki yuz yillik taqvimlarning ichki tuzilishini takomillashtirishga intilish bilan tarixga kirdi. 18-asr oxiridagi Yevropadagi sanoat toʻntarishi, 19-asrdagi sanoatlashtirish, 20-asrdagi fan va texnika inqilobi taqvimni takomillashtirish muammosini dolzarb qilib qoʻydi.

Fan-texnika taraqqiyotining xalq xoʻjaligini elektronlashtirish, kompleks mexanizatsiyalashtirish, EHM va kompyuterlarni xalq xoʻjaligiga keng joriy qilish bilan bogʻliq hozirgi bosqichida doimiy taqvimlar tuzish muammosi dolzarb boʻlib qoldi. Lekin oxirgi paytlarda taqvimni isloh qilish masalasi koʻtarilmay turibdi.

Qadimgi Xorazm kalendari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazmda mil. avv. IV asrdan boshlab, astronomiya ilmi keng taraqqiy etdi. Ikki qavatdan iborat boʻlgan, Qoʻyqirilganqal’aning markaziy saroyi rasadxona vazifasini bajargan. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, qadimgi xorazmliklar quyosh kalendariga asoslangan yil hisobidan foydalanganlar va bu kalendar milodiy I ming yillikning boshlarigacha amal qilgan. „Xorazm ahli yil va oylar boshlari soʻgʻd ahlinikiga oʻxshash boʻlib, eronliklarnikiga esa teskaridir… Xorazmliklarning udumlari soʻgʻdiylarnikiga oʻxshaydi[1],“ – deb xabar beradi Beruniy. Xorazm kalendari yilida 365 kun boʻlgan, yil har biri 30 kunlik 12 ta oydan tashkil topgan[2].

Xorazm vohasining maʼlum boʻlgan qadimiy kalendar tizimi Aleksandr Makedonskiydan 980 yil oldin boʻlgan. Xorazmliklar boshida haftani ishlatishmagan. Ularda hafta kunlari maʼlum mohiyatga ega deb hisoblangan. Kunlar hafta tarkibidagi nomlaridan tashqari yana boshqa nomlarga ham ega boʻlgan. Xorazmliklar oyning har qaysi kuniga alohida nom qoʻyganlar. Xorazmliklarda va soʻgʻdiylarda bir oy ichida oʻn bir kunning nomlanishi bir xil shaklda boʻlgan.

Xorazmliklar oy nomlarini ishlatganlar. Ulardan astronomiya toʻgʻrisida hukmlar chiqarganlar. Manzillarini va ismlarini yodda saqlaganlar. Oy manzillarini oʻn ikki burjga boʻlib, burjlarni oʻz tillarida alohida nom bilan nomlaganlar. Abu Rayhon Beruniy: „Xorazmliklar burjlarni arablardan koʻra yaxshiroq bilganlar“ deb maʼlumot beradi. Xorazmliklar va soʻgʻdiylar yil boshini belgilash uchun ortiqcha kunlarni qoʻshishda bir xil amalni bajarganlar. Ular quyosh yili har 115 yil-u 365 kundan, 116 yili esa bunga 1 oy va 1 kun qoʻshiladi deb qayd etganlar[3].

Yangi yil Xorazmda navsorjidan boshlangan. „Biror muddat oʻtib ketgan yilning avvalidan hisobga olinadigan maʼlum bir muddatga tarix deyiladi… Millatlarning tarixlarni ishlatishda bir-birlaridan farq qilganlari kabi, oylarning avvallari, har bir oyning necha kun boʻlishi va buning sabablari masalasida ham ajraladilar“,- deb yozadi Beruniy.

Xorazmliklar foydalanadigan oylar oʻn ikkita boʻlib, har biri oʻttiz kundan tashkil topgan[3].

Xorazmliklar isfandorajiy oyining oxiriga qoʻshiladigan oshiqcha besh kunning birinchisini oyning birinchi kuni rimjd bilan atab, qolgan kunlarga ham birin-ketin keyingi nomlarini berishlarini va beshinchi kunni isfandorajiy deb atashlarini, undan keyin novsorjiy oyi kunni yana rimjddan boshlanishini A. R. Beruniy aniqlagan. Xorazmliklar oxirgi oyga qoʻshiladigan bu besh kunni alohida nomlamaganlar[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abu Rayhon Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Toshkent: Fan, 1968 — 280 bet. 31-oktabr 2023-yilda qaraldi. 
  2. Абдуллаев, M. Қадимий Хоразм тарихи ва Хоразм давлатчилиги. Tошкент, «Ўзбекистон» нашриёти, 2019 — 17 bet. 
  3. 3,0 3,1 3,2 „Qadimgi Xorazm kalendari“. xorazmiy.uz. Qaraldi: 31-oktabr 2023-yil.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bakulin P. I., Blinov I. S, Slujba tochnogo vremeni, Moskva, 1968.
  • Seleshnikov S. I., Istoriya taqvimya i xronologiya, Moskva, 1977.
  • Sibulskiy V. V., Sovremennie taqvimi stran Blijnego i Srednego Vostoka, Moskva, 1982.
  • Volodomonov N. V., Taqvim; proshloye, nastoyasheye, budusheye, Moskva, 1981; Aʼzamov A., Ikki asr. Hijriy va milodiy taqvimlarning kunma-kun mutanosiblik jadvallari.
  • Abdulla Aʼzamov, Sobit Ilyosov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.