Silovsin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Silovsin (Lynx lynx) — mushuksimonlar oilasiga mansub sutemizuvchi hayvon. Tanasining uz. 82—109 sm, dumi 20—40 sm, vazni 8—19 (baʼzan 32) kg. Quloqlarida bir tutam uzun tuklardan iborat shokilasi bor. Moʻynasi qalin va yumshoq, malla yoki qizgʻish-sariq, baʼzan xoldor. Yevrosiyo, Amerika oʻrmonlarida, baʼzan oʻrmon choʻllarida tarqalgan. Oʻzbekiston janubidagi togʻlarning oʻrta va yuqori qismida uchraydi. Asosan, tunda faol. Yanvar — mart oylarida juftlashadi. May — iyunda bolalaydi. Bolalar 2—3 yilda jinsiy voyaga yetadi. Quyon, sichqon kabi kemiruvchilar, qushlar, tuyoqlilar bilan oziqlanadi. Soni uzluksiz kamayib boryapti. "Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisida"gi Konvensiya (SGGE5)ning 1-ilovasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.