Shofirkon tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shofirkon tumani
Шафирканский район
shahar
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Shofirkon
Asos solingan sanasi 1930
Hokimi Ravshanov Jahonqul Ibragimovich[1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Shofirkon tumani xaritada
Koordinatalari: 40°7′28″N 64°30′9″E / 40.12444°N 64.50250°E / 40.12444; 64.50250 G O

Shofirkon tumani — Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati tarkibidagi tuman boʻlib, viloyatning shimolida joylashgan. 1926—yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Janubdan Vobkent, janubi-gʻarbdan Romitan, gʻarbdan Peshku, sharqdan Gʻijduvon tumanlari, shimoldan Navoiy viloyatining Konimex tumani bilan chegaradosh. Maydoni 3,72 ming km². Aholisi 136 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Shofirkon), 8 ta shaharcha (Jo'yrabot, Iskogare, Quyi Chuqurak, Mirzoqul, Talisafed, Undare, Chandir, G'ulomte) va 13 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻiafzal, Vardonze, Denov, Doʻrmon, Iskogare, Joʻynov, Joʻyrabot, Sulton Joʻra, Boboato,Tezguzar, Chandir, Sharofbobo Hamroyev, Qarmoqon, Savrak) mavjud. Markazi — Shofirkon shahri.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman hududi asosan, tekislik va qum barxanlaridan iborat. Shimoliy qismi Quljuqtov etaklari (Gujumdi togʻi) va Qizilqum (Jilvon va Toldi massivlari)ga tutashgan. Janubiy qismi Zarafshon vodiysi orqali sugʻoriladigan yerlar. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 14,2°, eng past temperatura —29°. Iyul oyidagi oʻrtacha temperatura 29,4°, eng yuqori temperatura 46°. Yiliga 220 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 150 kun. Tumandagi ekin maydonlari AmuBuxoro mashina kanali, Katta Jilvon, Kichik Jilvon, Sultonobod va Koʻhnarud ariqlaridan sugʻoriladi. Shimolida shoʻrtob, shoʻrxok, qumloq, toshli choʻl, turli boʻz, och qoʻngʻir; Zarafshon vodiysiga tutash qismida oʻtloqibotqoq, ochboʻz, oddiy boʻz tuproqlar tarqalgan. Shofirkon tumanining shimolidagi choʻllarda yovvoyi oʻsimliklardan ajriq, otquloq, yalpiz, shoʻra, baliqkoʻz, qoʻngʻirbosh, yaltirbosh, qumlarda oq saksovul, qandim, cherkez, iloq, quyonsuyak, selin, isiriq; janubiy tekislik qismida qamish, roʻvak, bugʻdoyiq, shoʻraajriq, kampirsoch, itgunafsha, yulgʻun va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan jayran, tovushqon, chiyaboʻri, tulki, yumronqoziq, qumsichqon, qirgʻovul, bedana, kaptar, burgut, qirgʻiy va boshqalar bor. Shofirkon tumanida Vardonze davlat tabiat yodgorligi tashkil qilingan.

Aholisi asosan oʻzbeklar, shuningdek tojik, qozoq, tatar, rus, ukrain va boshqalar millat vakillari ham yashaydi.

Aholining oʻrtacha zichligi hozirgi kunda (2018-yil)1 km²ga 42,2 kishi. Shaharliklar 17 ming kishi, qishloq aholisi 119 ming kishi.

Xoʻjaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Tumanda paxta tozalash, gʻisht, vino zavodlari, Buxoro pillakashlik fabrikasining filiali, gilam toʻqish fabrikasi, Oʻzbekiston—Turkiya „Vardonze“ qoʻshma korxonasi, 22 kichik, 400 ga yaqin xususiy, 13 shirkat korxonalari, 8 aksiyadorlik jamiyati mavjud (2004). Hozirgi paytda (2018-yilda) Shofirkon paxtani qayta tozalash zavodi, Turkiya — Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi va pilla zaxira omborlari mavjud. Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogi — paxtachilik. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 28,2 ming ga, shu jumladan, 12110 ga yerga paxta, 6100 ga yerga gʻalla, 94 ga yerga sabzavot va poliz, 63 ga yerga kartoshka, 469 ga yerga beda ekiladi, 1,3 ming ga yer tokzor va mevazor. Urmon xoʻjaligi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 43,5 ming qoramol, 76,2 ming qoʻy va echki, 233 yilqi, 32,9 ming parranda, yaylovlarda qorakoʻl qoʻylar boqiladi.

2003/04 oʻquv yilida Shofirkon tumanidagi 54 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 2-ixtisoslashtirilgan bolalar maktab — internati, kasb-hunar kollejlari faoliyat koʻrsatadi. 13 ta madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi, 62 ta kutubxona, markaziy futbol oʻyingohi va boshqa sport inshoatlari mavjud. Tuman markaziy kasalxonasi (420 oʻrin) va boshqa turli kasalxonalar, 4 ta poliklinika, 22 ta dorixona, 37 ta qishloq vrachlik punkiti mavjud. Shofirkon shahridan Buxoro, Gʻijduvon, Navoiy, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlarga avtobuslar qatnaydi.

Diqqatga sazovor joylar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shofirkon tumanida tarixiy va meʼmoriy yodgorliklardan Vardonze qoʻrgʻoni (3—8-asrlar), Xoja Orif Mohitobon (Revgariy) maqbarasi va Jome masjidi (13asr), Hazornur qadamjosi va Toshmasjid saqlangan. Burqi Sarmast, Childuxtaron, Qoʻchqorota, Gʻoyibota, Bibi Kabudpush, Sayidota ziyoratgohlari mavjud. 1932-yildan tuman „Shofirkon ovozi“ gaz. nashr qilinadi (adadi 2027).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • S. Muxtor, K. Bobomurod, Shofirkon tarixi, T., 1998;
  • Abdulla Rahmon, Shofirkon yudduzlari, T., 2004.




  1. Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimligi