Sunnatilla Anorboyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(S. Anorboyevdan yoʻnaltirildi)

Sunnatulla Anorboyev (9-sentyabr 1922-yil — 30-mart 2003-yil) — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1973). Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1946). Birinchi kitobi — „Hikoyalar“ (1957). „Oqsoy shalolalari“ (1958), „Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari“ (1962), „Mehr“ (1964), „Umr“ (1972), „Qissalar“ (1974), „Oltin qoziq“ (1976), „Suzib borar arxarlar“ (1982) kabi qissalar toʻplami nashr etilgan. „Goʻzallik izlab“ (1960), „Xayr, bogʻchajon, bogʻcha!“ (1962), „Hamsuxbatlar“ (1969), „Yoʻlda yoʻldosh boʻlganlar“, „Ustoz va shogirdlar“ (1970), „Parvoz“ (1973), „Yaxshilik urugʻi“ (1986), „Yaylov gurunglari“ (1988), „Anqov“ (1999), „Saylanma“ (1986, 2 jildli) singari ocherklar va hikoyalar toʻplamlari muallifi. „Oqsoy“ (1961), „Sayli“ (1979) romanlari rus tili va boshqa tillarga tarjima qilingan.[manba kerak]

Uning asarlarida odamlarning chorvachilik va ovchilik hayot tarzi koʻp ifodalangan, shu bilan birga, u turli yorqin timsollardan foydalangan — uning qahramonlari betakror va oʻziga xosdir. Shuningdek, u insonlarni tabiat boyliklarini saqlashga chorlagan.

„Oqsoy“, „Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari“, „Sulaymon ovchi va uning iti haqida“, „Musicha bilan qaldirgʻoch qissasi“, „Suzib borar arxarlar“ — ushbu barcha asarlar insonlarning koʻchmanchi va choʻponlik hayot tarzi haqida soʻzlaydi.

Uning „Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari“ hikoyasi koʻp marotaba nashrdan chiqqan va bolalar orasida katta shuhrat qozongan. Hikoya qahramonlari Toʻrtkoʻz, Olapar va Koʻppak odam tilini tushunadi. Toʻrtkoʻzdan farqli jihati, Koʻppak mehrsiz va hudbin, shuning uchun Koʻppak kitobxonda yoqimsiz turli salbiy sifatlarni namoyon etadi, Toʻrtkoʻz esa havas hissini uygʻotadi. Toʻrtkoʻz onasi Olaparga oʻz podasini boʻrilardan himoya qilishda yordam beradi. Toʻrtkoʻzga xos fazilatlardan yana biri maqtanishni bilmasligidir. Qoravoyning doʻstlari uni eng zoʻr boʻribosar, jasur, dovyurak va kuchli deya olqishlaganlarida ham magʻrurlanib ketmaydi.

Sunnatilla Anorboyev nafaqat hayot va tabiat haqida, balki „Bahs“ va „Qoʻrqoq“ hikoyalarini ham yozgan boʻlib, ular boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish kitobiga kiritilgan. Yozuvchi 2003-yil 30-martda Toshkent shahrida vafot etgan. „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan (1999).[manba kerak]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]