Uygʻonish davri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Renessansdan yoʻnaltirildi)

Uygʻonish davri (Renessans) — Markaziy Osiyo, Eron, Xitoy (9-12 va 15-asrlar) va Gʻarbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri. „Renessans“ atamasi dastlab Italiyadagi madaniy-maʼnaviy yuksalish (14—16-asrlar)ga nisbatan qoʻllanilgan, uni oʻrta asrchilik turgʻunligidan yangi davrga oʻtish bosqichi deb baholaganlar. Renessansning asosiy alomatlari: tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikni yorib oʻtib, insonni ulugʻlash (qarang Gumanizm), uning isteʼdodi, aqliyfikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish; antik davr (yunonrum) madaniyatiga qaytib, uni tiklash, boyitish; cherkov sxolastikasidan qutulib, adabiyot va sanʼatda dunyoviy goʻzallik, hayot taronalarini qizgʻin kuylash; inson erki, hurfikrlilik uchun kurashish. Buning natijasi oʻlaroq, ijodiy qudrat va tafakkur kuchini namoyish etadigan ulugʻvor badiiy asarlar, salobatli binolar yaratildi, ilmfan rivojlandi. Italiyada shoir Petrarka va Dante, rassom Jotto, adib va mutafakkirlar Bokkachcho, Ariosto, Tasso, Byome Renessans gʻoyalarining jarchilari boʻlib maydonga chiqdilar. Keyinchalik Michelangelo, Rafael, Shakespeare, Miguel de Cervantes Yevropaning turli mamlakatlarida buni davom ettirdilar. Ammo Renessans, yaʼni Uygʻonish faqat Yevropa hodisasi emas. Dunyo madaniyatini yaxlit olib oʻrgangan olimlarning ishlari shuni koʻrsatdiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnaxr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (9—12-asrlar) ulkan madaniy koʻtarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilgʻor insonparvarlik gʻoyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida „Musulmon Renessansi“ (A. Mets) yoki „Sharq Uygʻonishi“ (N. I. Konrad) nomi bilan atalib kelinmoqda. Sharq Uygʻonish davrida Yevropa Uygʻonish davrining asosiy belgilari mujassam: joʻshqin ijodiy faoliyat, ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilgani, aqlni hayratga soluvchi bemisl asarlarning yaratilgani shundan dalolat beradi. Sharq Uygʻonish davri ham ulugʻ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlarni yetishtirdi. Aniq fanlar sohasida Muhammad al-Xorazmiy, Abu Bakr Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Fargʻoniy, Umar Xayyom, Mirzo Ulugʻbek jahonshumul kashfiyotlar qildilar. Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Rushd, Muhammad Gʻazoliy, Nasafiy Aziziddinlarning falsafiy asarlari tafakkur xazinasini boyitdi, olam, odam va jamiyat yaxlitlikda tadqiq etilib, yangi qonuniyatlar ochildi, aqliy bilim ufqlari kengaydi, fozil jamiyat va komil inson nazariyasi chuqur ishlab chiqiddi. Sheʼriyatda Abu Abdullo Rudakiy, Abulalo alMaarriy, Abulqosim Firdavsiy, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy Ganjavip, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi daho ijodkorlar yetishib, oʻlmas asarlar yaratdilar, ishqmuhabbat, qahramonlik, ozodlik va ezgulikni kuyladilar. Miniatyura rassomchiligida bir necha maktablar shakllandi, bunda Kamoliddin Behzod rasmlari yangi ijodiy yoʻnalishga asos soldi. Uygʻonish davri ning yana bir belgisi xalq ruhini ifodalaydigan „Ming bir kecha“, „Kalila va Dimna“, „Qirq vazir“, „Toʻtinoma“, „Sindbodnoma“, „Jomeʼul hikoyot“ kabi qiziqarli sarguzashtlarga toʻla, shavqu zavq qoʻzgʻatadigan asarlarning koʻpaygani, ikkinchi tomondan „Xamsa“larda boʻlganiday, insoniy ideallarni mujassam etgan hikmat va falsafaga boy umumbashariy gʻoyalarning tasvirlanishidir.

Eron va Markaziy Osiyo xalqlari bir necha ming yillik sivilizatsiya tarixiga ega. Zotan, qadimiyati, qad. davlatchiligi boʻlmagan xalqda Uygʻonish davri ham boʻlmaydi. Markaziy Osiyoda 9—13-asrlarda oʻz xalqining qadimiyatiga qaytish, Avesto falsafasini Qurʼon maʼrifati bilan uygʻunlashtirib, qayta tiklashga intilish tasavvuf taʼlimoti, „ishroq“ falsafasida namoyon boʻlgan. Shu asosda turli nazariyalar, taʼlimotlar yuzaga kelib, fikriy xilmaxillik rivojlandi. Tasavvufiyorifona taʼlimotning qaror topishi, tariqatlar ham, aslida, hurfikrlik va inson kamolotiga boʻlgan ishonchning nishonasi edi. Uygʻonish davri vakillari dinga emas, balki dinni sxolastika va jaholat manbaiga aylantirgan kishilarga qarshi kurashganlar.

Tafakkurdagi ikki: akliy (ratsionalizm) va vajdiy (irratsionalizm) yoʻnalish namoyandalari zohiran oʻzaro kelishmay kelgan boʻlsalarda, amalda Yevropa Uygʻonish davrida boʻlganidek, inson ongini bedor etish, uni aqidaparastlik (taqlidchilik) gʻuboridan tozalashda hamkorlik qildilar. Shu bois hurfikrli mutafakkirlar orasida ratsionalist olimlar bilan birga, orif sufiylar ham bor edi.

Sharq Uygʻonish davri vakillari oʻz xalklarining ked. madaniyat bilan birga, yunon vahind xalklari merosidan ham foqdalanishgan. Yunon olimlarining asarlari 8—9-asrlarda arab tiliga tarjima qshshndi, sharxlandi. Aflotun, Arastuni Sharq faylasuflari ham oʻz ustozlari deb hisoblashgan, Plotin qarashlari Ibn alArabiyga taʼsir etib, „vahdatul vujud“ falsafasiga turtki berdi. Biroqyunonlar koʻp fikrlarni qad. osiyoliklardan olganlar. Bu tarix qonuniyati; Abu Rayhon Beruniyning „Kitob attafhim li avoil sinoat attanjim“ asari qoʻlyozmasi (13-asr).yuksalishga shaylangan xalq oʻz madaniyati va oʻzigacha yaratilgan bashariy yutuqlarni oʻzlashtirib, yana yuksaklikka koʻtariladi.

Sharq Uygʻonish davri keng koʻlamli: taʼlim va tahlil, madrasamaorif rivojlangan, ulkan kutubxonalarda yuz minglab jild kitoblar yigʻilgan, „xazinat ulhikma“, „dor ululum“larda tolibi ilmlar, ustozshogirdlar suhbati bardavom edi, olimning obroʻeʼtibori yuksak qadrlandi. Sharq Uygʻonish davri yutuqlari Gʻarbiy Yevropadagi Uygʻonish davriga bevosita taʼsir etgan. Chunki 12—14-asrlarda musulmon olami bilan Yevropa davlatlari orasida aloqa kuchaygan edi. Ayniqsa, tutash chegara mamlakatlari: Qurdoba (Ispaniya), Kavkaz, Bolqon yarim orolida bu jarayon kuchli boʻlgan. Yevropaliklar Sharq olimlarining asarlarini lotin, ispan, yahudiy tillariga qilingan tarjimalar orqali yoxud bevosita arab tilida oʻqib oʻrganganlar. Ibn Sinoning „Tib qonunlari“, „AshShifo“, Forobiyning „Ilmlar tasnifi“, Ahmad Fargʻoniyning „Samo harakatlari va yulduzlar ilmining jami kitobi“, Muxammad Muso Xorazmiyning „Aljabr val muqobila“, Ibn Rushd, Abu Bakr Roziy asarlari tarjima qilinib, keyinchalik nashr etilgan. Algebra, algoritm fanlari Xorazmiy asarlari tufayli shakllangan. „Tib krnunlari“ 7 asr mobaynida Yevropa untlarida tibbiyot darsligi sifatida xizmat qildi. Ibn Sino shogirdi Ibn Rushd goyalari Italiya, Fransiya hurfikrligini boshlab bergan. Ibn Sino — Avitsenna, Ibn Rushd — Averroes, Ahmad Fargʻoniy — Al Frageni, Abu Bakr Roziy — Al Ramzats, Abu Maʼshar Balxiy — Albumazar degan lotincha nomlar ostida mashhur boʻlgan. „Oʻsha paytda (13—16-asr) jaholat changalidagi Yevropaning koʻpgina qismida musulmonlar ilm charogʻini yoqdilar…; ispanlar yozuvi ham, shimoliy oramiy yozuvi ham Osiyodan olingan; shim., gʻarbiy va sharqiy Yevropa madaniyati yunon — rumo — arab urugʻidan unib chiqqandir“ (G.Gerder). Platon, Aristotel asarlari ham Yevropaga dastlab arabcha tarjima va talqinlar orqali kirib borgan. „Sharkliklar Gʻarbni Aristotel falsafasi bilan yoritdilar“ (Gegel).

Aniq fanlar va ularni oʻrganish usullarini, dehqonchilik va chorvachilik ilmlari, dengizda suzish, qarbiy texnikani Yevropa sharqdan olib rivojlantirdi. „Matematika, kimyo, tibbiyot sohasida musulmonlarning xizmati buyuk… bu fanlarda musulmonlar Yevropaning muallimlari boʻlib qoldilar“ (G. Gerder). Yevropa Uygʻonish davri adiblari Dante, Petrarka, Bokkacho Sharq ilmfani, adabiy asarlaridan ilhomlanganlar. Dante „Bazm“, „Ilohiy komediya“ asarlarida Ibn Sino va Ibn Rushdni oʻz ustozlari qatorida ehtirom bilan tilga oladi. Axmad Fargʻoniy asarlaridan foydalanganini qayd etadi. K. Marloning „Buyuk Temur“ dramasida Amir Temur jasur, xaloskor inson sifatida tasvirlangan.

Musiqada ham Uygʻonish davri jarayoniga xos yuksalish dastlab Sharkda yuz berdi. Markaziy Osiyo xalqlarining qad. anʼanalari arab, hind va fors musiqiy meros asarlari, cholgʻulari bilan oʻzaro taʼsir jarayonlari natijasida yanada boyib qaytadan jonlandi. Zero, Forobiy va uning izdoshi Ibn Sino musikaning nazariy, falsafiy va estetik masalalarini atroflicha tadqiq etib, umumsharqiy taʼlimotni yaratishgan. Xususan, Yaqin va Oʻrta Sharq xalklari musiqa amaliyotiga tayangan holda, kuy va usullar, qoʻllaniladigan sozlar, muayyan shakl va janrlar doirasida mushtaraklik mavjudligini isbotlashgan. Forobiyning „Kitob ul musiqa alkabir“ („Musiqaga doyr katta kitob“) va, ayniqsa, Ibn Sinoning „Javomeʼ ilm ulmusiqi“ („Musiqaga oid ilmlar toʻplami“) kabi asarlarida yunon olimlari (Pifagor, Aristoksen va boshqalar)ning qarashlari boyitilib, tovushlar balandpastligi munosabatlari matematik uslubda ifodalangan. Shuningdek, sof tovushqator tizimi, undan oʻrin olgan budlarning muloyimat va munofirat tasnifoti, iyqo nazariyasi ilk bor asoslab berilgan. 12—13-asrlarda ijodiy va aqliy kuchlar rivojini namoyish etgan Oʻn ikki maqom tizimi yuzaga keldi. Amir Temur (14 a.) va Temuriylar (15—16-asrlar) musiqaning barcha jabhalarida yangi Uygʻonish davri yuzaga kelishini taʼminlab berishdi. Turli mamlakatlardan Samarqand, Buxoro kabi markazlarga keltirilgan sanʼatkorlar — bastakorlik, musiqa ijrochiligi va musiqashunoslik jadal rivojlanishiga hissa koʻshishgan. Mazkur sohalarda nainki muayyan kasb egalari, balki oʻzga badiiy ijod sohiblari, xususan, Mirzo Ulugʻbek, Jomiy, Navoiy, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Boburlar ham nom chiqarishgan. Bu davrda mahalliy maqom ijodiyoti va ijrochiligi yuksaldi, ogʻzaki anʼanadagi musiqaning boshqa rivojlangan shakllari (doston, ashula, cholgʻu kuy va boshqalar) keng oʻrin egallab, oʻzlarining yuqori pallalariga koʻtarildi. Ayni shu jarayon keyinchalik Buxoro Shashmakrmi, Xorazm maqomlari va Fargʻona — Toshkent makom yoʻllari, katta ashulalar shakllanishiga olib keldi.

Yevropa musikasida Uygʻonish davri tamoyillari dastlab 14-asrda tashkil topgan ilgʻor yoʻnalish — „Are nova“ namoyandalari (ayniqsa, Italiyadagi vakillari — F. Landino va boshqalar) ijodida oʻz ifodasini topdi. Ular dunyoviy mazmundagi ilk professional vokal musiqa shakllari (ballada, madrigal, kachcha va boshqalar)ni ijod qilishdi, sheʼriy matnlar mazmuniga alohida ahamiyat berib ifodali, erkin tuzilishdagi kuylar yaratishdi. Uygʻonish davri cholgʻu musiqaning dastlabki mustaqil shakl va janrlari (richerkar, prelyudiya, fantaziya, tokkata) yuzaga keldi, ayniqsa lyutnya, klavesin va klavikord musiqasi keng rivoj topdi. Ijodkorlar va musiqa nazariyotchilarining antik davr badiiy merosiga qiziqishi tufayli yangi janrlar (mas, yunon tragediyasini „tiklash“ jarayonida — opera), koʻp ovozli musiqada polifoniyankng qatʼiy uslubi, keyinchalik gomofoniya uslubi k, aror topdi. Diniy musiqa janrlari (messa, motet) isloh qilindi, notalar chop etilishi joriy etildi, jonli musiqa amaliyotini umumlashtiruvchi musiqa nazariyasi (Tinktoris, J. Sarlino) rivoj topdi. Aynan shu davrda muayyan xalklarda yangi milliy va mahalliy kompozitorlik maktablari paydo boʻldi: niderland (Dyufai, Y. Okegem, J. Depre), fransuz (K. Janeken va boshqalar), nemis (G. Fink va boshqalar), ingliz (Dansteybl, U. Byord va boshqalar), ispan (K.de Morales va boshqalar), Rim (Palestrina), Venetsiya (A. va J. Gabriyeli) va boshqa Uygʻonish davrining pirovardida Yevropa kompozitorlik ijodiyotida Sharq mavzu va obrazlariga qiziqish kuchayib, ingliz G. Pereyem va fransuz J. Ramo umumsharqona ekzotikani ifodalashgan. Bular anʼanasi keyinchalik Sohibqiron Amir Temurni bosh qahramon sifatida gavdalantirgan Italiya (A. va D. Skarlattilar, A. Vivaldi va boshqalar), Germaniya (G. Gendel, G. Teleman va boshqalar) mualliflarining operalarida teranlashgan.

Uygʻonish davrida teatr sanʼati xayot koʻzgusi hisoblanib, koʻpqirrali inson xarakteri, real voqelik ziddiyatlarini aks ettirishga alohida ahamiyat berdi. Bu davr teatr namoyandalari antik drama tajribalaridan foydalanib xalq tomosha sanʼati anʼanalarini rivojlantirdilar, kundalik hayot zavqshavqini idrok qilishga daʼvat etilgan dunyoviy sahna asarlarini yaratishga harakat qildilar (L. Ariosto, A. Politsiano, N. Makiavelli va boshqalar). Ispaniyada Uygʻonish davridagi teatr rivoji M. Servantes va Lope de Vega, Angliyada U. Shekspir ijodi bilan bogʻliqdir. Uygʻonish davrida teatr sanʼati professional omillari kuchaydi, dramaturgiya va aktyorlik sanʼati nazariyasi qaror topdi, ilk teatr binolari qurildi.

Uygʻonish davri meʼmorligi qad. anʼanalarni oʻzlashtirib, uni yangi mazmun bilan boyitdi, yangi meʼmoriy qurilmalar vujudga keldi, koʻp qavatli uylar, yangi qiyofadagi jamoat binolari qad koʻtardi. Binoni tashqi va ichki tomonlarini bezash, kenglikni tashkil etish borasida xam muayyan yutuqlarga erishildi. Bu oʻzgarishlar Italiyaning Florensiya, Piza, Siyena, Genuya, Milan, ayniqsa, Venetsiya sh.larida juda sezilarli boʻldi. Ulkan binolar, gʻoyat katta gumbazli va bir nechta ustunli saroy va ibodatxonalar qurildi, ayniqsa, florensiyalik meʼmorlar antik meʼmorlik anʼanalari va order tizimidan unumli foydalandi. Bu anʼanalarni oʻrta asr Italiya meʼmorlik texnikasi yutuqlari, mahalliy qurilish xom ashyolari va konstruksiyalari bilan uygʻunlashtirib, renessans meʼmorligi uslubini yaratdilar. Devor sathi tekisligining yaxlitligiga eʼtibor kuchaydi, meʼmorlik mujassamotining chizikli ritmi va mutanosibligiga, xonaning kengligiga, uning yaxlit va koʻrkamligiga ahamiyat berila boshlandi; turar joy va ibodatxonalar qurilishi ham yangilandi. Shaharning ijtimoiy maʼmuriy markazi tarhi va tuzilishi bilan bogʻliq boʻlgan yangi tipi paydo boʻldi. Florensiyada shakllangan yuksak Uygʻonish davrining mumtoz uslubi Rimaa, keyinroq Venetsiyada monumental yodgorliklar (monumental sanʼat) yaratilishiga sabab boʻldi. Yirik meʼmoriy ansambllar vujudga keldi, „ideal“ shaharlarning loyihalari yaratildi.

Italiya meʼmorligida paydo boʻlgan yangi anʼanalar Uygʻonish davrining buyuk meʼmorlari ishlarida uz aksini topdi. Jumladan, Filippo Brunelleski katta gumbazli bino qurish muammosini hal qildi (diametri 42 m boʻlgan 8 qirrali gumbazli SantaMariya del Fore sobori), L. Alberti oʻzi yaratgan yangi meʼmoriy kompozitsiyalarini ilmiy nazariy bayon qilgan „Meʼmorlik toʻgʻrisida 10 kitob“ asari bilan nazariyotchi olim sifatida namoyon boʻldi. Shu tarzda yuksak Uygʻonish davri meʼmorligi uslubiga zamin yaratildi. Yuksak Uygʻonish davri ning asosiy tamoyillari Rimda shakllandi va rivojlandi, davrning insonparvarlik gʻoyalari ulugʻvor va hashamatli meʼmoriy kompozitsiyalarda oʻz ifodasini topdi. Amaliyotda antik meʼmoriy orderlar erkin va ijodiy ishlatila boshlandi, meʼmoriy uslublar birlashtirilib yagona milliy meʼmorlik uslubi shakllandi. D. Bramante, Rafael, Mikelanjelo va boshqa murakkab meʼmoriy majmualarida yuksak mahorat, boy ilm va nazariy fikr, oʻtkir tafakkurni namoyon qildilar, badiiy yechimining goʻzalligi, nisbat va shakllar oʻyinining boyligi, kompozitsiya yechimining rang-barangligi insonga zavq bagʻishlaydigan meʼmoriy makonni yaratdilar.

Soʻnggi Uygʻonish davrida yirik meʼmoriy inshootlar oʻrnini xususiy buyurtmalar kengroq egalladi. Villa, palatsso qurilishi sohasida koʻzga koʻrinarli ishlar qilindi. Bogʻpark meʼmorlik uslubi (bogʻ tuzish sanʼati) shakllandi. Pastbalandlikka ega boʻlgan maydonda bogʻ yaratish muhim ahamiyat kasb etdi: pastbalandliklar birbiri bilan murakkab zinalar orqali bogʻlandi, tepalik va qiyaliklar turli bezak qurilmalar (gʻor, suv kaskadlari, favvora, haykallar) hamda manzarali oʻsimliklar bilan bezatildi. Asosiy yoʻl, qolgan yoʻlka va zinalar darvozaga yoʻnaltirilgan boʻlib, kompozitsiyaning tugal boʻlishini taʼminlagan. Meʼmoriy nazariy masalalarga eʼtibor ortdi. Bunyod etilayotgan binolarni ilmiy asoslashga intilish kuchayib, bir nechta ilmiy asarlar yaratildi. 16-asr oʻrtalaridan Italiyada maxsus oʻquv yurtlari, akademiyalar tuzildi va ularda meʼmorlikka oid taʼlim berilishi muhim voqea boʻldi. Bu esa Yevropa meʼmorligining keyingi taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatdi, meʼmoriy klassitsizm tamoyillarining shakllanishida muhim rol oʻynadi.

Uygʻonish davri Italiyadan tashqarida (shartli ravishda „shimoliy“ deb nomlangan) 15-asrda rivojlandi. Gotika anʼanalarini ijodiy anglagan ustalar ayrim hodisalarni amaliy yoʻl bilan oʻzlashtirib bordilar. Niderlandiya va Germaniyada Uygʻonish davri meʼmorligi soʻnggi gotikaning taraqqiy etgan davriga toʻgri keldi (Antverpendagi ratusha, 1561—65, meʼmori K. Floris; Germaniyaning Geydelbergidagi saroy, 1556—59). 16-asr oʻrtalarida Fransiyada antik davrga hamda Italiya Uygʻonish davri meʼmorligiga asoslangan oʻziga xos meʼmoriy uslub shakllandi (Shambor qasri, 1519—40, meʼmori T. va D. Surdo, P. Nevo va boshqalar). Ispaniya, Chexiya, Polsha, Vengriya Uygʻonish davri meʼmorligi oʻziga xos milliy xususiyatlarga ega boʻlgan (Pragadagi Belveder yozgi saroyi, 1535— 63, meʼmori J. Spatsio va boshqalar).

Uygʻonish davrining buyuk gʻoyalari, ayniqsa, tasviriy sanʼatda yorqin ifodalandi; hayotga muhabbat, insonga, uning irodasi va aqliga katta ishonch bildirildi. Antik davr merosini ijodiy oʻzlashtirgan italyan rassomlari zamonasining ilmfan yutuklariga tayanib inson va uni oʻrab turgan muhitni haqqoniy aks ettirishga urindilar. Ular sanʼatni perspektiva, proporsiya, nursoya, ritm, rangshunoslik, hajm, rakurs va h.k. hamda odam tanasi tuzilishi haqidagi aniq bilimlar bilan boyitdilar, ikonadan kartinaga oʻtildi, haykaltaroshlik mustaqil janrga aylandi, freska sanʼati kjsaldi. Yangi davrning ilk xususiyatlari 13—14-asrlar rassomlar (rassom Jotto, haykaltarosh N. Pizano) ijodida kuzatildi, 15-asr boshlarida yangi badiiy dunyoqarash rassom Mazachcho, haykaltarosh Donatello ijodida yorqin namoyon boʻldi. Yuksak Uygʻonish davri Italiya sanʼatida nisbatan qisqa davrni oʻz ichiga oladi, lekin mazmunan juda ulug boʻlib, Italiya sanʼatining „oltin asri“ hisoblanadi. Bu davr Leonardo da Vinchining psixologik taʼsirchan asarlarida, uygʻunlikda ishlangan Rafael polotnolarida, kurash ruhi bilan yoʻgʻrilgan Mikelanjelo rangtasvir va haykaltaroshlik asarlarida, Jorjone, Titsianning koloritga boy hayotbaxsh kartinalarida va boshqalarda namoyon boʻldi. 16-asrning 2choragidan boshlangan Italiyadagi iqtisodiy va madaniy inqiroz gumanistik goyalarning barbod boʻlishi va soʻnishini boshlab berdi. Uygʻonish davrining dunyoviy, hayotbaxsh sanʼati va madaniyati oʻrnini tushkun gʻoyalarni ilgari suruvchi tashqi jihatdan yaltiroq, lekin hayotdan, uning muammolaridan uzoq boʻlgan sanʼat (manyerizm) egallay boshladi va keng yoyildi.

Uygʻonish davri Italiyadan tashqarida Gʻarbiy va Markaziy Yevropada 15-asrdan boshlab notekis rivojlandi, individual inson obrazi va uning muhitiga boʻlgan katta qiziqish diqqatga sazovor. 15-asr niderland rassomlari Ya. Van Epk va X. van der Gus, keyinchalik boshqa rassomlar oddiy odamlarni tasvirlashga katta eʼtibor berdi. 16-asr 2yarmi rassomlari (P. Breygel Katta) ijodida demokratik anʼanalar yorqin namoyon boʻldi. Germaniyada keskin siyosiy va gʻoyaviy kurashlar davrida oʻtkir ijtimoiy xususiyatga ega bulgan grafika va rangtasvir keng tarqaldi (A. Dyurer, X. Xolbeyn Kichkina va boshqalar). Fransiyada oʻta uygunlashgan dunyoviy mazmundagi Uygʻonish davri rivojlandi, psixologik portretlar va monumental bezak haykaltaroshligi tarqaldi (rassom F. Klue, J. Fuke, haykaltarosh J. Gujon, J. Pilon va boshqalar). Uygʻonish davriga xos xususiyatlar Ispaniya, Chexiya, Polsha va boshqa mamlakatlarda ham namoyon boʻldi. Uygʻonish davri Yevropa mamlakatlarining madaniy va gʻoyaviy hayotida katta ijobiy rol oʻynadi, bu davrda jahon madaniyatining eng nodir va bebaho asarlari yaratildi. Sharqda ham, Gʻarbda ham Uygʻonish davri insoniyat taraqqiyotining benazir davridir. Uygʻonish davrining koʻp gʻoyalarini 18-asr maʼrifatparvarlik vakillari meros qilib oldi. Uygʻonish davri ijodkorlarining ilmiy va adabiy asarlari hozirda ham maʼnaviyatimiz yuksalishiga xizmat qilib kelmoqda.[1]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mets A., Musulmanskiy renessans, M., 1966; Xayrullayev M ., Uygonishdavri va Sharq mutafakkiri, T., 1971; Hay itmetov A., Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan [10—15-asrlar], T., 1970; Konrad N . I ., Zapad i vostok, M., 1992; Sulaymonova F., Sharqu Gʻarb, T., 1997; Komilov N., Tafakkur karvonlari, T., 1999; Yevdokimov Yu., Simakova N., Muzika epoxi Vozrojdeniya M., 1982; Vseobshaya istoriya arxitekturi, t. 5, M., 1967; Shramkova G., Iskusstvo Vozrojdeniya, M., 1977; Gʻafurbekov A., Amir Temur obrazi talqinlari: haqiqat va badiyat // Amir Temur: shaxsning zamondoshlari tomonidan baholanishi, T., 1997.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Uygʻonish davri“ OʻzME. U-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil