Rahimjon Otayev (Otauli)
Otauli (Rahimjon Otayev) - O'zbekiston davlat mustaqilligi yillarida faol ijod qilayotgan taniqli adib, tarjimon, publitsist va munaqqid. U 1949-yilda Chimkent viloyatining Turkiston tumanidagi Chipon qishlog'ida tug'ilgan. 1973-yilda hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. O'rta maktabda o'qituvchi, O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligida uslubchi, Respublika Matbuot va axborot agentligida maslahatchi muharrir bo'lib ishlagan. 1983-yildan buyon O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qiladi.
Otaulining Osmon to'la yulduzlar falsafiy essesi, Surnay navolari qissalar va turkum badialar to'plami, Tilsim (Turkiston dostoni), Elchi (Afandi o'lmaydigan bo'ldi), Ulus (Forobiyning do'sti), Zamona zayli nasriy dostonlari nashr etilgan. Gazeta-jurnallarda yozuvchining ko'pgina qissalari, hikoyalari, badialari, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalari e'lon qilingan. Eron adibi Muhammad Ali Jamolzodaning Sho’robod asarini, Fozil Iskandarning Quyonlar va bo'g'ma ilonlar falsafiy ertagini – rus tilidan, Muxtor Mag'avinning Tiriklik qo'shig'i va Abish Kekilboevning Poygato'riq qissalarini – qozoq tilidan, To'lepbergen Qaipbergenov va Ollonazar Abdievning bir qator asarlarini – qoraqalpoq tilidan o'zbek tiliga tarjima qilgan.
Yozuvchi 1984-yilda Eng jumboq tuyg'u publitsistik maqolasi uchun Sharq yulduzi jurnalining yillik mukofoti, 1995-yilda Tilsim (Turkiston dostoni) asari uchun O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Alp Jamol mukofotiga sazovor bo'lgan. 2000-yilda Shuhrat medali bilan taqdirlangan.