Qoratepa togʻlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qoratepa togʻlari - Zarafshon togʻ tizmasining gʻarbiy qismi. Sharqdan gʻarbga 50 km dan ziyod, shimolidan janubga 35–40 km ga choʻzilgan. Sharqiy qismidagi Chaqilikalon tizmasidan Taxtaqoracha dovoni orqali ajralgan. Oʻrtacha balandligi 1000–1500 m, eng baland joyi Qumgʻaza choʻqqisi (2197 m). Qoratepa togʻlarining yon bagʻirlari koʻplab chuqur soy oʻzanlari, shimolida Ilonsoy, Ogʻalik, Oqsoy, Sazagʻonsoy va boshqa, janubida Qashqadaryoning bir qancha oʻng irmoqlari (Makrid, Oyoqchidaryo, taragʻay va boshqalar) bilan kesilgan. Suvayirgʻich qismining baʼzi joylarida maydoni kichik tekislangan yuzalar uchraydi. Qoratepa togʻlari yirik gumbazsimon gorstantiklinal koʻtarilma boʻlib, asosan, paleozoy davrining magmatik, metamorfik va choʻkindi togʻ jinslaridan (granit, granodiorit, diorit, slanets, qumtosh, ohaktoshlardan) iborat. Ohak-toshlarda karst relyef shakllari: karrlar, gʻorlar (Pudanali, Kaptarxona. Hazrati Dovud, Tomchiota. Amir Temur gʻorlari va boshqalar) hosil boʻlgan. Iqlimi baland qismida moʻʼtadil, quyi va gʻarbiy qismlarida kontinental quruq. Iillik yogʻin gʻarbiy qismida 400–450 mm, sharqida 700–750 mm. Togʻlarda tipik va toʻq boʻz hamda jigarrang tuproqlar tarqalgan. Ularda qoʻngʻirbosh, qorabosh, bugʻdoyiq, turli butalar (bodomcha, naʼmatak va boshqalar), archa oʻsadi.

Qoratepa suv ombori va Qoratepa tog'lari