Qonun ustuvorligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qonun ustuvorligi - barcha davlat hokimiyati organlari faoliyatida konstitutsiya, qonunlar oliy yuridik kuchga ega boʻlib, ularning hokimiyat chiqaradigan boshqa hamma meʼyoriy hujjatlar va yoʻriqnomalardan ustun turishi. Qonun ustuvorligi jamiyatda demokratiya va qonunchilik taʼminlanishiga xizmat qiluvchi tamoyildir. Bu tamoyil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida mustahkamlangan: "Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar". Qonun ustuvorligi tamoyili birinchidan, jamiyat hayotining barcha jab-halarida qonunlarning qatʼiy hukmronligini bildirib, yuqorida taʼkidlanganidek, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarga soʻzsiz itoat etishida; ikkinchidan, ijtimoiy munosabatlarning jamiyat, fuqaro va davlat manfaatlariga mos tarzda tartibga solinganini anglatib, mamla-kat miqyosida barqarorlik, batartiblik va qonuniy tartibot muhiti oʻrnatilganida; uchinchidan, huquq buzilishi hollarining oldini olish, shuningdek, huquqiy munosabat ishtirokchilari qonunni buzgan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun qonunlarning huquqiy asos vazifasini bajarishida namoyon boʻladi.

Mamlakatda hokimiyatlar boʻlinishi prinsipining real joriy etilganligi Oʻzbekistonda konstitutsiya va qonunlar ustunligini taʼminlashning muhim kafolatidir. Unga koʻra, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati boʻgʻinlari oʻzlarining konsti-tutsiyada, qonunda belgilangan vakolatlari doirasida faoliyat yuritadilar. Ular oʻrtasidagi munosabatlarni uygʻunlashtirishda eng oliy hakam qonundir.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakat prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishining kafilidir (93-modda). Prezidentning bu boradagi faoliyati muhim siyosiy-yuridik ahamiyatga ega. U oʻz farmonlari, qarorlari bilan konstitutsiyaviy tamoyillarning, qonunlarda mustahkamlangan qoidalarning hayotga toʻla joriy etilishi uchun yoʻl ochadi, tegishli huquqiy mexanizmlarni yaratadi. Oʻzbekiston Respublikasi Preziden-tining "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganishni tashkil etish toʻgʻrisida" farmoyish qabul qilganligi (2001-yil 4 yanvar) jamiyatda Kon-stitutsiyaning mavqei va nufuzini koʻtarishga qaratilgan muhim tadbir boʻldi. Garchand, farmoyishning asosiy maqsadi aholi orasida konstitutsiyaviy savodxonlikni, huquqiy madaniyatni oshirishdan iborat boʻlsa ham, bu pirovardida, Konstitutsiyaning eʼzozlanishi, unga ustuvor tarzda amal qilinishiga puxta zamin yaratadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorida (1997-yil 9 oktabr) umummajburiy tusdagi idoraviy normativ hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga mosligini taʼminlash vazifasi Adliya vazirligiga yuklatilib, ularning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi talab etilgan. Rasmiy tarzda roʻyxatdan oʻtmagan idoraviy normativ hujjatlar yuridik kuchga ega boʻlmaydi, ularni hayotga joriy etish mumkin emas. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini taʼminlashda prokuror nazoratining roli kattadir. Mazkur vazifa doirasida prokuratura idoralari muayyan qonunlar ijrosini bevosita bajaruvchi vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasa va tashkilotlarning masʼuliyatini oshirish, qonun buzilishining oldini olish, uning sabablari va shart-sharoitlarini oʻz vaqtida bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻradilar. Qonunni qoʻpol buzish hollari aniqlanganda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari qoʻllaniladi.

Oʻzbekistonda konstitutsiya va qonunlarning ustunligini taʼminlash uchun tashkiliy-huquqiy kafolatlar va yuridik mexanizmlar muttasil takomillashtirilib, ularning samaradorligini oshirib borish lozim.