Qo`qon Xonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻtish: foydalanish, Qidir

[tahrir] Tarix

18 asr boshida Ashtarxoniylar xonligida hukm surgan siyosiy inqiroz sharoitida Farg`ona Buxorodan ajralib chiqadi. Markazi Qo`qonda joylashgan mustaqil davlatga dastavval hojalar, keyin Ming xonlar sulolasi hukmronlik qila boshlaydi. Xonlik o`z tarkibiga Namangan, Qo`qon, Andijon va Marg`ilon viloyatlarini kiritdi. Birinchi hukmdor etib o`zbeklarning Ming qabilasidan Shohruhbiy e'lon qilindi. 1721/22 yillar Shohruh amirlarning ba'zi guruhlari o`rtasidagi nizolar oqibatida halok bo`ladi. Uning o`g`li Abdurahimbiy (1721/17-1733yy.) Xo`jand va Andijonni xonlikka qo`shib oldi, Samarqand, Kattaqo`rg`on, Jizzaxni ishg`ol qildi. Uning akasi Abdukarim (1733-1747/48yy.) hukmronligi davrida O`sh zabt etildi. Keyingi yigirma yillik hukmdorlarning tez-tez almashib turishi bilan ajralib turadi. 1770 yil Qo`qon zodagonlari Norbo`tani (1770-1800yy.) hukmdor deb e'lon qilishdi. U Chust, Namangan va Xo`jand hukmdorlarining ajralib chiqishga bo`lgan harakatlarini bosishga muvaffaq bo`ldi. Norbo`tabiy Toshkentga ham qo`shin yuboradi, lekin shaharni bo`ysindira olmaydi. Norbo`tabiy davrida nisbatan siyosiy osoyishtalikka erishildi, bu esa o`z navbatida iqtisodiy taraqqiyotga yo`l ochdi. Sug`orish tizimi kengaytirildi, yangi madrasalar, jumladan, Mir madrasasi bunyod etildi. Norbo`taning o`g`li Olimbek (1800-1809yy.) Qo`qonning siyosiy mavqeini sezilarli tarzda ko`tardi. Olimxon hokimiyatni markazlashtirishga bo`lgan harakatlarida o`zi tog`li tojiklardan tashkil qilgan yollanma qo`shinga suyandi. U Toshkent va Farg`onani bo`ysintirdi, O`ratepaga bir necha marta yurish qildi. Uyushtirilgan suiqasd oqibatida Olimxon o`ldiriladi va taxtga uning akasi Umarxon (1809-1822yy.) ko`tariladi. U Buxoro amiri Haydar bilan shartnoma tuzdi va Sirdaryoning quyi oqimigacha bo`lgan yerlarni saltanatiga qo`shib oldi. Toshkent, Buxoro va Xiva yo`llari kesishgan joyda u Oqmachit istehkomini bunyod qildi. "Musulmonlar amiri"-"amir ul muslimin" unvonining sohibi bo`lmish Umarxon o`z nomidagi tangalarni zarb etgan. Uning hukmdorligi chog`ida Qo`qonda ham Buxoro xonligidagi kabi ma'muriy tizim joriy etilgan. Umarxonning merosxo`ri etib uning 12 yoshli o`g`li Muhammad Ali (Madali) (1822-1842yy.) tayinlandi. Madali hukmronligini otasi zamonida ham unga yoqmagan kishilarni qatl qilishdan boshladi. U Sharqiy Turkiston va Qashqarga bir necha muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi, Oloy tog` tizmasi ortidagi tojiklarni bo`ysindirishga erishdi. Uni tilyog`machilar "g`ozi"(e'tiqod yo`lidagi kurashchi) deb atashsada ruxoniylar dinni bulg`agan va xudodan qaytgan kishi, deya hisoblashar edi. Xon g`animlari Buxoro amiriga shikoyat yo`lladilar. 1840 yil amir elchisi orqali Qo`qonga otasining xotini bilan nikoh tuzganligi uchun Madalixonni kofir deb e'lon qilgan fatvoni jo`natdi. Shundan so`ng Madalixon Buxoroga qarshi urush harakatlarini boshladi, biroq mag`lubiyatga uchragach, o`zining Buxoro tobeligini tan oldi va amirlik foydasiga Xo`janddan voz kechdi. 1842 yil amir Nasrullo Qo`qondni zabt etib, xonlikni Buxoroga qo`shib oldi. Madalixon qatl etildi va tez orada Toshkent ham qo`lga kiritildi.


[tahrir] Qo`qon Xonligi aholisining etnik tarkibi

XVIII asr boshlariga kelib Fargʻonada yangi Buyuk O`zbek Davlatlaridan biri - Qo`qon xonligi tashkil topdi. Bu davlat o`zbek davlatchiligi tarixida alohida o`rin tutadi. Biz bu yerda Qo`qon xonligi aholisining etnik tarkibi haqida ma`lumot berishni joiz deb bildik.

Ma'lumki, Farg'ona vodiysi va unga tutash hududlar aholisi azaldan polietniylik xususiyati bilan O`rta Osiyoning boshqa hududlaridan ajralib turgan. Bunday etnik o`ziga xoslilik, Qo`qon xonligi davrida ham saqlanib qolgan edi.

Qo`qon xonligi hududida asosan o`zbeklar, tojiklar, qirg`izlar, uyg`urlar va qoraqalpoqlar istiqomat qilganlar. Bundan tashqari xonlik hududida son jihatidan kamroq bo`lsada yahudiylar, tatarlar va boshqa etnik jamoa vakillari ham yashar edilar.

Oʻzbeklar. O`zbeklar Qo`qon xonligi aholisining asosiy qismini tashkil qilgan. Ta'kidlab o`tish o`rinliki, XX asr boshlariga qadar o`zbeklarning bir qismi o`troq, qolgan qismi esa yarimo`troq (yarimko`chmanchi) holda yashaganlar. XX asr boshlariga kelib, vodiy o`zbeklarining 828 mingdan ziyodrog`i o`troq holda yashab, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashg`ul bo`lganlar. Rus tilidagi adabiyotlarda aholining ushbu o`troq qismiga nisbatan «sart» etnonimi qo`llaniladi.

Biroq, keyingi yillarda o`zbek xalqiga nisbatan bu etnonimni qo`llanilishi to`g’ri emasligi va ushbu etnonim mazkur xalqqa past nazar bilan, kamsitilib qarash nuqtai-nazaridan, rusiyzabon tadqiqotchilar tomonidan ilmiy iste'molga olib kirilganligi haqidagi fikr-mulohazalar bayon etilmoqda.

O`zbek xalqiga nisbatan «sart» etnonimining qo`llanilishi, tarixiy haqiqatga zidligi, o`zbek xalqiga ushbu etnonim hech qachon o`z xalqining nomi sifatida qo`llanilmaganligi haqida jadidchilik harakatining namoyandasi Mahmudxo`ja Behbudiy ham o`z davrida ta'kidlab o`tgan edi.

Turli urug`-qabilaviy tuzilishga ega bo`lgan yarimo`troq (yarimko`chmanchi) o`zbeklarning vodiydagi umumiy soni o`sha davr ma'lumotlariga ko`ra 215 ming nafardan ko`proqni tashkil etgan. Bular ichida turk, ming, qipchoq, qurama, yuz, nayman kabilar Qo`qon xonligi hududidagi yirik etnografik guruhlar hisoblangan. Ushbu urug`-qabilalar o`zbek xalqini konsolidatsiyalashuvida muhim etnik komponentlar sifatida qatnashdilar.

Tojiklar. Tojiklar Qo`qon xonligi hududidagi aholining salmoqli qismini tashkil qilganlar. Ular asosan vodiyning g`arbiy va shimoli-g`arbiy qismida joylashganlar. Tojikistonning hozirgi So`g`d viloyati hududida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil etadilar. Ayni vaqtda Qo`qon xonligining boshqa bir qator manzilgohlarida ham ular g`uj yashaganlar.

Etnografik adabiyotlarda Farg`ona vodiysida yashagan tojiklar shartli ravishda ikki guruhga – voha tojiklari va tog`lik tojiklarga ajratiladi. Voha tojiklari – bu ushbu o`lkaning azaliy xalqlaridan biri bo`lib, qator etnik xususiyatlari bilan Qo`qon xonligi davrida va undan keyingi davrlarda ham boshqa etnoslardan ajralib turgan. Tog`li tojiklar Qo`qon xonligi hududiga asosan Tojikistonning tog`lik hududlarida joylashgan Mastchoh, Qorategin, Darvoz, Ko`lob, Hisor kabi joylardan ko`chib kelganlar.

Shu o`rinda ta'kidlab o`tish joizki, ko`plab tog`li tojiklar Qo`qon xonligi qo`shinlarida xizmatda ham bo`lganlar. Masalan, Niyozmuhammadning «Tarixi-Shohruhiy» asarida ko`rsatilishicha, XIX asr boshlarida Qo`qon xoni Olimxon tashkil etgan yangi qo`shin tarkibida 6000 dan ziyod tog`lik tojiklar bo`lgan.

Qirgʻizlar. Tarixiy manbalarning tahlili shuni ko`rsatadiki, XVII va XVIII asrlarda Tyanshan tog`ining shimolida yashovchi qirg`izlarning katta guruhi Farg`ona erlariga kelib o`rnashdilar.

Turli urug`-qabilaviy tuzilishga ega bo`lgan qirg`iz etnosi ham Qo`qon xonligi hududidagi tog` va tog`oldi manzilgohlarida yashab, vodiyning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida faol ishtirok etganlar.

Uygʻurlar. Uyg`urlar Sharqiy Turkistonning eng qadimgi turkiy etnoslardan biri hisoblanadi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan e`tiboran, ayniqsa XIX asrda Xitoy feodallariga qarshi ko`tarilgan musulmonlar qo`zg`oloni mag`lubiyatga uchragandan keyin Sharqiy Turkistonning ko`plab musulmon aholisi, xususan juda ko`p uyg`ur oilalari Farg`ona vodiysiga qochib o`tdilar.

XIX asrning o`rtalaridayoq Qo`qon xonligida 300 mingga yaqin uyg`urlar yashagan. Tadqiqotchi I.V. Zaxarova ham 1860-yilga qadar Qo`qon xonligi hududida 200-250 ming qoshg`arliklar yashagan bo`lsa kerak, deb hisoblaydi. Qoraqalpoqlar. XVIII asrdan Buxoro xonligida yuz bergan siyosiy inqiroz ko`plab xalqlarni bu hududni tashlab ketishga majbur etdi. Oqibatda Buxoro va Samarqand atroflarida yashagan aholining bir qismi Qo`qon xonligi hududiga kelib o`rnashdi.

Xususan, Sirdaryoning o`rta oqimida yashab turgan qoraqalpoqlar Qo`qon xonligi hududiga kelib qo`nim topdilar. Qo`qon xonligi hududiga ko`chib o`tgan qoraqalpoqlar Sirdaryo va Qoradaryo bo`ylariga o`rnashib, an`anaviy xo`jaligini yuritishni davom ettirdilar.

Xullas, Qo`qon xonligi o`zining etnik qiyofasining turli-tumanligi bilan ham xarakterlanadi. Holbuki, bunday etnik turli-tumanlik vodiy aholisini o`zaro iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlanishida muhim omillardan biri bo`lgan.


Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang.

Million31.29.10.46 08:59, 25 fevral 2012 (UTC).

[tahrir] Havolalar

Million 10:16, 24 fevral 2012 (UTC).

Shaxsiy uskunalar
Nomfazolar

Variantlar
Koʻrinishlar<!--Views-->
Amallar
O‘zbek viki / Ўзбек вики
ishtirok / иштирок
o‘zgarishlar / ўзгаришлар
asboblar (ʻ ʼ)
Boshqa tillarda