Qimmatli qogʻozlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qimmatli qogʻozlar - oʻz egasiga mulkka egalik huquqini va daromad koʻrinishida muayyan pul summasini olish huquqini beradigan pul yoki tovar hujjatlari (aksiya, obligatsiya, akkreditiv, veksel, chek va boshqalar). Qimmatli qogʻozlar taqdim etuvchi yoki egasining ayrim huquqlari qayd etilgan maxsus tarzda rasmiylashtiriladigan moliyaviy hujjat. Qimmatli qogʻozlar maʼlum shaxs nomiga yozilgan (ismli), dastlab sotib olgan shaxs nomiga yozilgan va uning roziligi bilan boshqa shaxsga oʻtkaziladigan orderli va egasi yozilmaydigan (egasi koʻrsatilmaydigan) turlarga boʻlinadi.

Korxonalarning aksiya, obligatsiyalari va davlat obligatsiyalari qimmatli qogʻozlarning asosiy turlari hisoblanadi. Qimmatli qogʻozlar korxona kapitalida qatnashish yoki pulni ssudaga taqdim etish va dividend yoki foiz tarzida daromad olish huquqini beradi. Qimmatli qogʻozlar oʻz egasiga daromad keltirgani uchun fond birjasida maʼlum kurs boʻyicha oldi-sotdi qilinadi (qarang Fond bozori).