Qayroq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qayroq — jismi sadolanuvchi (idiofon) urma cholgʻu. Oʻzbek, tojik, uygʻur va boshqalar Sharq xalqlarida tarqalgan. Asosan, raqqos(a), dorboz, yogʻochoyoq oʻyinchilar tomonidan qoʻllaniladi. Qayroq ikki juft silliq yupqa toshdan iborat. Xorazmda Qayroqni tosh va metall boʻlaklari tashkil etishi mumkin. Ijrochi har bir qoʻliga bir juftdan Qayroq olib ularni bir-biriga urib sadolantiradi. Qayroqda raqs harakatlariga mos turli usullar (koʻpincha "rez") hosil qilinadi. Buxoroda "Qayroqbozi", Xorazmda "Orazibon", "Norim-Norim" kabi Qayroq joʻrligida ijro etiladigan raqslar mashhur. Ispaniya, Italiya, Lotin Amerika xalqlarida keng tarqalgan (hozirda, simfonik orkestr va baʼzi ansambllar tarkibiga kirgan) kastanetalar Qayroqga yaqin. U kichik qoshiqsimon, yapaloq boʻlib, qattiq yogoch yoki plastmassadan yasaladi.