Ostrovskiy Nikolay Alekseyevich

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ostrovskiy Nikolay Alekseyevich [1904.16(29).9, Rovno viloyati Viliya qishlogʻi — 1936.22.12, Moskva] — rus yozuvchisi. Cherkov krshidagi diniy maktabni tugatib (1913), 9 yoshida mehnat faoliyatini boshlagan. Dastlab 2 sinfli, keyin Oliy boshlangʻich bilim yurtida oʻqigan (1917—19). Soʻng koʻngilli sifatida frontga ketib, G. I. Kotovskiyning otliq brigadasi va Birinchi otliq armiyada xizmat qilgan. 1920 y.da ogʻir jarohat olgach, "mehnat fronti"da ishlab, komsomol tashki-lotlarida faollik koʻrsatgan. 1927 y.da xastaligi ogʻirlashib, koʻzi nogiron, oʻzi esa toʻshakband boʻlib qolgan. Shunga qaramay, O. adabiy faoliyat bilan shugʻullanib, dastlab Kotovskiy brigadasi toʻgʻrisida qissa (1927—28), keyin "Poʻlat qanday toblandi" romanini yozadi (1932—34). Fuqarolar urushi yillaridagi komsomol yoshlar jasora-tiga bagʻishlangan va muharrirlar tomonidan qayta ishlangan mazkur asar sovet adabiyotining ulkan yutugʻi sifatida baholanib, uzoq davrlar mobay-nida sovet yoshlari hayotiga bagʻishlangan sovet davri qahramoni obrazi yaratilgan asarlar uchun andoza boʻlib qolgan. Romanning bosh qahramoni Pavel Korchagin obrazi esa yoshlarni sovet davri gʻoyalari ruhida tarbiyalashda sovet targʻibot va tashviqot mashinasi uchun muhim vositalardan biriga aylangan. Dastlabki romanining katta muvaffaqiyat qozonganidan ilhomlangan O. yana fukarolar urushi mavzuida "Boʻron bolalari" qissasini yozgan (1934—36) va publitsistik maqolalar eʼlon qilgan. O.ning har ikkala ro-mani oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Manbalar[tahrir]

  • Sochineniya, t. 1—3, M., 1969; Poʻlat qanday toblandi, T., 1970; Boʻron bolalari, T., 1985.

Adabiyot[tahrir]

  • Timofeyev V., Shiryayeva M., Nikolay Ostrovskiy. Kritikobiograficheskiy ocherk, M., 1957.