Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi
Turi futbol tashkiloti
Maqomi federatsiya
Maqsadi Oʻzbekiston futbolini rivojlantirish
Ishga tushgan sanasi 8-noyabr, 1991-yil (32 yil avval) (1991-11-08)
Joylashuvi Toshkent, 100011, Islom Karimov koʻchasi, 98-a
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Prezident Abdusalom Azizov
Birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatov
Vitse-prezident Odil Ahmedov
Bosh mahkamasi Assotsiatsiya
Aʼzolari Osiyo Futbol Konfederatsiyasi
Vebsayti ufa.uz
Til(lar)i Oʻzbek, Rus
Hamkor tashkilotlari Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi
Oʻzbekiston Professional futbol ligasi
Map

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Oʻzbekistonning futbol klublari va musobaqalarini idora etuvchi tashkilotidir.

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

1912-yildayoq, Fargʻona va Qoʻqonda Oʻzbek futboli tarixidagi ilk jamoa paydo boʻlgan. Shundan soʻng, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan hamda Oʻzbekistonning boshqa shaharlarida turli futbol klublari paydo boʻla boshladi. Oʻtgan asrning 20-yillari oʻrtalariga kelib, mamlakat birinchiligi baxslari ham oʻtkazila boshladi. 1928-yilda Oʻzbekiston milliy futbol terma jamoasiga asos solindi. Oʻsha kezlarda endi tashkil etilgan jamoa Moskvada oʻtgan spartakiada baxslarida oʻziga hos natijalarni qayd etdi. 30-yillarga kelib, oʻzbekistonlik futbolchilar xalqaro oʻyinlar doirasida birinchi gʻalabani nishonlashdi. Havaskor futbolchilardan tashkil topgan Norvegiya va Germaniya terma jamoalari magʻlubiyatga uchratildi. 1939-yildan eʼtiboran, Oʻzbekistonning yetakchi jamoalari, jumladan Toshkentning „Dinamo“, „ODO“, „Spartak“ kabi futbol klublari Sobiq Ittifoq birinchilgi hamda mamlakat Kubogi oʻyinlarida, B toifasidagi sport ustalari oʻrtasidagi musobaqalarda ishtirok etishni boshlashdi. 1956-yilda esa, hozirga kelib, "Paxtakor" futbol klubiga asos solindi. „Paxtakor“ jamoasi 1962 hamda 1982-yillarda Sobiq Ittifoq chempionatida 6-oʻrinni egalladi, 1968-yilda esa jamoa vakillari Sobiq Ittifoq Kubogi baxslarining finaliga yoʻl olishgan. Oʻsha kezlarda Toshkent viloyati sharafini himoya qiluvchi „Politotdel“, Jizzaxning „Boʻston“, Fargʻonaning "Neftchi", Namanganning "Navbahor", Samarqandning „Dinamo“ klublari ham Sobiq Ittifoq chempionatining birinchi ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

1991-yildan Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) hamda FIFAning toʻlaqonli aʼzosiga aylandi.[1] Shu yoʻl bilan mamlakat jamoalari yirik xalqaro turnirlarda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Jahon va Osiyo chempionati baxslari, Olimpiada va Osiyo oʻyinlari musobaqalari oʻz navbatida Federatsiya rahbarlarini futbol mutaxassislari, murabbiylar va barcha darajadagi murabbiylariga boʻlgan munosabatlarini tiklash va qayta yoʻlga qoʻyish imkoniyatini yaratib berdi. Ana shu eʼtibor va harakatlar bois, turli yillarda Fargʻonaning Neftchi hamda Qarshining Nasaf jamoalari Osiyoning klublar oʻrtasidagi nufuzli Qitʼa Kubogi oʻyinlarida muvafaqqiyatli ishtirok etdi. 1994-yilda Yaponiyaning Xirosima shahrida oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida chempion boʻlganini alohida tilga olish mumkin. Shuningdek, 2000-yilda Futzal, yaʼni mini-futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo chempionati ikkinchi oʻrinni egalladi. 2002-yilga borib, 20-yoshgacha boʻlgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Jahon Chempionatining final qismiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Terma jamoalarning muvaffaqiyatli ishtiroklari, klub va bolalar futbolining tezkor ravishda rivojlanishini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov hamda mamlakat hukumatining diqqat va eʼtibori bilan bogʻlash mumkin.

Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish borasidagi qarorlari futbolni rivojlantirishga xizmat qildi. Bu orada, mini-futbol, ayollar hamda bolalar va oʻsmirlar futboli, ommaviy futbolni rivojlantirish borasida barcha masalalarni hal qiladigan, turli savollarga javob beradigan normativ baza yuzaga keldi. Bu esa, xalqaro musobaqalarda terma jamoalar va klublarning muvaffaqiyatli ishtirokiga sabab boʻldi. Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya sportni rivojlantirishning keyingi istiqbollarini koʻzlagan holda, Oʻzbekiston Respublikasining „Jismoniy tarbiya va sport haqidagi“ qonun loyihasi 2000-yilning 26-mayida qabul qilindi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining ana shu boradagi qator qonunlari eʼlon qilindi: „Oʻzbekiston Respublikasida futbolning keyingi istiqbollarini belgilash toʻgʻrisida“gi Qonuni (144-sonli; 18/03/1993), „Oʻzbekistonda futbol taraqqiyotining prinsiplari va asoslarini tubdan amalga oshirish toʻgʻrisida“gi Qonuni (27-sonli, 17/01/1996), „Oʻzbekistonda Futbol taraqqiyoti jamgʻarmasining faoliyatini yaxshilash va uni qoʻllab quvvatlash toʻgʻrisida“gi Qonuni 1998-yilning 6-iyulida qabul qilib, 238-sonli qonun etib belgilab qoʻyildi. Bu qonun Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish boʻyicha 2006-yilgacha amalda boʻladigan milliy dasturga ishora edi. 1996-yilning 17-yanvarida qabul qilingan 27-sonli qonun yordamida professional klublar tizimi orqali respublikada futbolni rivojlantirish siyosati aniqlab olindi. Oʻzbekiston chempionatining Oliy Ligasida hozirga kelib, 14 ta jamoa ishtirok etadi. Birinchi Ligada esa, 20 ga yaqin professional futbol klublari kurash olib bormoqda. 200 dan ortiq klublar esa, ikkinchi ligada birinchi liga yoʻllanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda.[2] Oʻlkadagi futbol klublari hamda terma jamoalarga oʻrinbosarlar tayyorlash maqsadida mamlakatning barcha tumanlarida futbol boʻyicha ixtisoslashgan maktab-internatlar ochilgan. Ana shu yosh iqtidorlarning kelajagi uchun mas’ul boʻlgan murabbiylar hamda hakamlarning malakasini oshirish boʻyicha, Toshkentda FIFA hamda OFK mutaxassislari ishtirokida xalqaro seminarlar ham uyushtirildi.

Bu orada respublikadagi stadionlar qayta taʼmirdan chiqib, yaʼni oʻyingohlar barpo etildi. Bundan tashqari mini-futbol baxslari uchun qator maydonlar qurildi. Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ishlarni tashkil etish uchun Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi tarkibidagi viloyat futbol federatsiyasi yaratildi. Ana shu federatsiyalar Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasiga kerakli maʼlumotlarni oʻz vaqtida toʻgʻridan toʻgʻri yetkazib turadi.

FIFA va AFC[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi FIFA va AFCga 1994-yilda qabul qilingan boʻlsa-da, Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga 1992-yildan beri FIFA shafeligida oʻtkazilayotgan xalqaro oʻrtoqlik oʻyinlariga ruxsat berilgan. 1997-2013-yillarda Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi OFKning quyi federatsiyalaridan biri – oʻsha paytda Markaziy va Janubiy Osiyo (hozirgi) mamlakatlari futbol federatsiyasini birlashtirgan Markaziy va Janubiy Osiyo futbol federatsiyasi tarkibiga kirgan. Bu subfederatsiya Janubiy Osiyo futbol federatsiyasi deb ataladi va faqat Janubiy Osiyo davlatlarini birlashtiradi). 2014-yilning iyun oyidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi OFKning yangi subfederatsiyasi, Markaziy Osiyo futbol federatsiyasi tarkibiga kirdi – Afgʻoniston, Eron, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston futbol federatsiyalarini birlashtirgan.

2013-yilning 7-yanvar kuni Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA tomonidan tashkil etilgan marosimda Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasiga FIFAning „Fair play“ mukofoti (fayr oʻyin uchun mukofot) topshirildi. Oʻzbekiston futbol federatsiyasining ushbu nominatsiyada gʻalaba qozonishiga OFK vakillari oʻrtasida Fair play ochkolari boʻyicha birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilarining minimal sariq va qizil kartochkalari sabab boʻldi.

Prezidentlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbari prezident hisoblanadi. Boshqa sport federatsiyalaridagidek, 1992-yildan buyon futbol federatsiyasida ham Oʻzbekiston siyosiy elitasida muhim oʻrin egallagan shaxslar prezidentlikka saylanib keladi. 1992—1995-yillarda Oʻzbekiston bosh vaziri lavozimida ishlagan Abdulhoshim Mutalov bir vaqtda futbol assotsiatsiyasi rahbari boʻlgan. Keyingi 10 yil davomida 1991-yildan buyon ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Zokir Almatov rahbar boʻlgan. 2005-yilda salomatligi yomonlashgani sabab bu lavozimni tark etgan. Uning oʻrniga senator Mirabror Usmonov saylandi. 2017-yilda Usmonov ham salomatligi yomonlashgani sabab bu lavozimni tark etgan. 2017–2018-yillarda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi boʻlgan Umid Ahmadjonov bir vaqtda futbol assotsiatsiyasiga ham prezident boʻldi. 2018-yilning 25-yanvar kuni boʻlib oʻtgan federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida Oʻzbekiston futbol federasiyasini (OʻFF) Oʻzbekiston futbol assosiasiyasiga (OʻFA) aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Oʻzbekiston temir yoʻllari davlat kompaniyasi raisi, bosh vazir oʻrinbosari, boks federatsiyasi prezidenti, Oʻzbekiston qahramoni va senator Ochilboy Ramatov bir vaqtda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga ham prezident etib saylandi. 2019-yil 15-iyuldan Abdusalom Azizov prezident lavozimida ishlab kelmoqda. Assotsiatsiyaning amaldagi va ijrochi rahbari birinchi vitse-prezident boʻlib, uning lavozimida 2019-yil iyun oyidan buyon Ravshan Ermatov ishlab kelmoqda.

Ijroiya qoʻmitasi tarkibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yutuqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „About UFA – UFA“ (en-US). Qaraldi: 2022-yil 26-fevral.
  2. Federatsiya tarixi, 2018-03-11da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2018-03-06
  3. OʻFA Ijroqoʻmining yangi tarkibi tasdiqlandi

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]