Oʻzbekistonning sohil hayvonlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sohil hayvonlari. Oʻzbekistonning daryo sohillarida — hasharotlar (mas., suzuvchi qoʻzgʻizlar va ninachilar lichinkasi), koʻl baqasi, suv ilonlari, baliqchilar, chigirtchilar, qoravoylar, meshkopchiqushlar, qoʻngʻir va qanjirlar, koʻk qoʻtonlar, koʻlbuqalar, oʻrdaklar, suv burgutlar, koʻktargʻoq, skopa, suvsar yashaydi.

Qamishzor va toʻqaylarda yashaydigan hayvonlar suvga bevosita ehtiyoj sezmasa ham, hayot uchun zarur narsalarning hammasini suv havzalari qirgʻogʻidan topadi, uchraydi va dushmanlaridan saqlanish uchun ovloq joy axtaradi. Bunday sharoitda yashil qurbaqa va koʻl baqasi, sudralib yuruvchilardan sahro kaltakesagi, ildam kaltakesak, suvilon, guldor chipor ilon, choʻl qora iloni koʻp. Toʻqaylarda qirgʻovul, oddiy kakku, sariq jiblajibon, zagʻizgʻon, ola qargʻa, vahimaqush, gʻarb bulbuli uchrab turadi. Sut emizuvchilardan tovushqon, plastinka tishli kalamush, taroq tishli qumsichqon, kasbiy orti dala sichqoni, chiyaboʻri, toʻngʻiz, toʻqay mushugi va yoʻlbars bor. Qamishzorlarda moʻylovlar chiitak va toʻqay dehqon chumchugi ayniqsa koʻp.

Daryo atrofidagi lyoss tuproqli jarliklarda kulrang gekkon, turkiston gekkoni, chipor ilonlar uchraydi. Gʻorlari esa buxoro taqaburun koʻrshapalagi, oʻqquloqli tungi koʻrshapalagi, oʻqquloqli tungi koʻrshapalak uchun makon.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. O'n ikkinchi jild. Toshkent, 2000-yil