Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi
Qisqartma MTRK
Sanoat Media
Maqomi Yuridik shaxs[1]
Ishga tushgan sanasi 1933-yil
Asoschi(lar)i Oʻzbekiston Respublikasi hukumati
Rais Abdurashid Joʻraboyev
Bosh mahkamasi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston Toshkent, Navoiy shoh koʻchasi, 69, (telestudiya)
Xorazm koʻchasi, 49 (radio)[2]
Vebsayti www.mtrk.uz

Koordinatalari: 41.3190°0′0″N 69.2575°0′0″E / 41.31900°N 69.25750°E / 41.31900; 69.25750 G O

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi — Oʻzbekiston televideniye va radio axborot tarqatuvchi tashkiloti.

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

1957-yil Oʻzbekiston radioeshtirish va televideniye qoʻmitasi sifatida tuzilgan. 1992-yil 7-yanvarda Oʻzbekiston Davlat Teleradioeshtirish kompaniyasiga, Oʻzbekiston Prezidentining 1996-yil 7-mayidagi Farmoni bilan esa Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi (Oʻzteleradio)ga aylantirilgan. Oʻzbekistonda televizion koʻrsatuvlar 1956-yil 5-noyabrda Toshkentda boshlangan. Oʻzteleradiokompaniya teledasturlari sutkasiga oʻrtacha 51,5 soat davomida asosan oʻzbek, rus, shuningdek, qozoq, qirgʻiz, tojik, uygʻur, turk, koreys, nemis tillarida efirga uzatiladi. Oʻzbekiston radiosi 1926-yildan buyon eshittirish berib keladi. Oʻzteleradio 4 ta respublika kanallari orqali radioeshittirishlarni efirga uzatadi. Radioeshittirishlarning kundalik oʻrtacha hajmi 91,7 soat.

„Oʻzbektelefilm“ studiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oʻzbektelefilm“ studiyasi 1970-yilda Oʻzbekiston televideniyesining kinokoʻrsatuvlar tahririyati negizida paydo boʻlgan. „Oʻzbektelefilm“ studiyasida har yili 23 soatga yaqin hujjatli, 24 soatga yaqin badiiy filmlar yaratish koʻzda tutilgan. Dublyaj boʻlimida bir yilda 550—600 soat atrofidagi filmlar oʻzbek va rus tillariga oʻgiriladi.

Badiiy jamoalar direksiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Badiiy jamoalar direksiyasi Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshida 1987-yilda tashkil etilgan. Direksiya 7 jamoadan iborat: Xalq cholgʻu orkestri, Estrada simfonik orkestri, Xor jamoasi, Y. Rajabiy nomli "Maqom" ansambli, Gʻ. Toshmatov nomli "Dutorchilar" ansambli, Kamer orkestri, „Bulbulcha“ bolalar xori.

Respublika Telemarkazi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Respublika telemarkazi (RTM) 1956-yil tashkil qilingan. RTMning asosiy vazifasi Oʻzbekiston televideniyesi kanallari tomonidan tayyorlanayotgan koʻrsatuvlarni texnik tomondan taʼminlab, ularni efirga uzatishdan iborat. Hozirgi vaqtda RTM bir kecha-kunduzda 51,5 soat koʻrsatuvlarni efirga uzatishni taʼminlaydi. Yangi raqamli markaziy apparatxona va 5 kamerali umumiy maydoni 600 m2 studiya qayta jihozlanib ishga tushirildi. Hozirgi kunda 8 va 4 kamerali raqamli koʻchma televizion stansiya ishlab turibdi.

Respublika radioeshittirish va ovoz yozish uyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Respublika radoeshittirsh va ovoz yozish uyi (RROYU) 1966 yili tashkil qilingan. Radio uyi 11 ta sex va boʻlimlardan iborat. RROYUning asosiy vazifasi radioeshittirshlarni texnik tomondan taʼminlab, ularni efirga uzatishdan iborat. Barcha appparatxonalariga Germaniyaning „Siemens“ firmasi bilan hamkorlikda raqamli uskunalar oʻrnatilgan.

„Oqtosh“ ijod uyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston teleradiokompaniyasinig „Oqtosh“ ijod uyi Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Soyliq qishlogʻida joylashgan. Umumiy maydoni 8,5 gektar. Pansionatda jami 10 kottej boʻlib, shundan 6 tasi yangidir. Bu yerda birdaniga 220 kishi dam olishi mumkin. Pansionat asab va nafas yoʻllari kasalliklarini davolash va profilaktika qilish uchun ixtisoslashgan.

Xalqaro aloqalar departamenti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Germaniyaning MDR-ARD, Rossiya, Ukraina, Polsha, Fransiya (CFI), Misr, Xitoy, Turkiya teleradiotashkilotlari bilan imzolangan hamkorlik shartnoma va kelishuvlar asosida oʻzaro dasturlar ayirboshlab turadi. Shuningdek, Oʻzteleradio jahondagi koʻpgina yirik telekompaniyalar bilan, jumladan, AQShning CNN, Germaniyaning DW, Yaponiyaning NHK, TBS, FUJI, Janubiy Koreyaning KBS, Turkiyaning TRT kabi yetakchi telekompaniyalar bilan keng tarmoqli aloqalarga ega. Oʻzbekiston televideniyesining „Axborot“ dasturi SCOLA (AQSH) konsorsiumi hamkorligida Internet orqali uzatib boriliadi. Oʻzteleradioning barcha xorijiy aloqalari va munosabatlari Xalqaro Aloqalar Departamenti orqali amalga oshiriladi[3][4].

MTRK raislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Положение о Национальной телерадиокомпании Узбекистана
  2. „Республиканский Дом радиовещания и звукозаписи“.
  3. Milliy TeleRadioKompaniya
  4. Oʻzteleradio Milliy Yoshlar Portalida, 2016-03-04da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2021-02-04