Oʻrmon zonalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻrmon zonalari — Shimoliy va Janubiy yarim sharlarning ekvatorial, tropik, subtropik va moʻʼtadil mintaqalarining tabiiy landshaftida turli tipdagi oʻrmonlar asosiy oʻrinni egallagan geografik zonalar.

Oʻrmon zonalari Yer yuzidagi quruqlikning 30% ga yaqin qismini egallaydi (qarang Oʻrmon).

Ekvatorial Oʻrmon zonalari ekvatorial mintaqatlsh tabiiy landshaftida oʻrmonlar koʻp boʻlgan tabiiy zona. Asosan, ekvatorning har ikki tarafidagi pasttekisliklarni egallaydi (Amazonka daryosi havzasi, Ekvatorial Afrika, Malay arxipelagidagi orollar va Yangi Gvineyada). Tabiat rivojlanishida mavsumiy oʻzgarishlarning yoʻqligi, iqlimning oʻziga xosligi va kunning uzoqligi xos. Doim yashil oʻrmonlar juda zich va turlarga boy. Zonaning chekka qismlarida barg toʻkuvchi daraxtli aralash oʻrmonlar mavjud.

Subtropik mintaqa lardagi Oʻrmon zonalarida qish iliq boʻlib, vegetatsiya uzluksiz davom etadi. Bu zonadagi oʻrmonlar gemigileya, mussonli aralash oʻrmonlar va oʻrta dengizboʻyi oʻlkalaridagi yozgi quruq oʻrmonlar va butazorlarga ajratiladi. Gemigileyalar AQShning jan.sharqi, Braziliya yassitogʻligining jan., Afrikaning jan.sharqi, Yangi Zelandiyaning Shimoliy o.dagi sernam oʻlkalarda, mussonli aralash oʻrmonlar qishi quruq va yozi nam boʻlgan iliq iqlim sharoitida, asosan, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya materiklarining sharqiy chekkalarida joylashgan. Oʻrta dengiz boʻyi oʻlkalaridagi yozi quruq oʻrmonlar va butazorlar Shimoliy Amerika (Kaliforniya), Janubiy Amerikaning gʻarbi, Avstraliyaning jan. va gʻarbi, Janubiy Afrikada, Yangi Zelandiyaning shimolidagi kichikroq hududni egallagan.

Tropik mintaqalardagi Oʻrmon zonalari Janubiy yarim shardagi iqlimi nam yoki mavsumiy nam boʻlgan, tuproq hosil boʻlishi laterit xususiyatli, yillik yogʻin miqdori 2000 mm dan ziyod boʻlgan hududlarda, xususan, Floridaning jan.da, VestIndiyada, Madagaskar o.da, Avstraliyaning sharqida va Okeaniyaning baʼzi orollarida keng tarqalgan. Bu zonada doim yashil oʻrmonlar bilan bir qatorda qizil ferralit va ferrit tuproqlarda qurgʻoqchilik davrida barg toʻkadigan daraxtlar ham oʻsadi.

Moʻʼtadil mintaqalarning Oʻrmon zonalari Shimoliy va Janubiy yarim sharlardagi materiklarning, asosan, igna bargli va barg toʻkadigan oʻrmonlar hamda podzol va qoʻngʻir tuproqlar tarqalgan tabiiy zonalaridir. Shimoliy yarim sharning shim. qismida muzlik davri relyef shakllari saqlangan. Bu zonada oʻrmon hosil qiladigan daraxt turlari kam, oʻrmon va oʻtloqlar, oʻrmon va botqoqliklar, oʻrmon va dasht zonalari bir-biri bilan qoʻshilib ketgan joylarda oʻsimlik turi ancha koʻp. Moʻʼtadil mintaqaning Oʻrmon zonalari 3 kichik zonaga ajratiladi: t a y g a, aralash va keng bargli oʻrmonlar kichik zonalari. Togʻli oʻlkalardagi Oʻrmon zonalarining tabiiy xususiyatlari balandlik mintaqalari boʻylab oʻzgaradi. Yevrosiyoning Oʻrmon zonalari Gʻarbiy Yevropaning katta qismi, Sharqiy Yevropa tekisligi, Ural, Gʻarbiy Sibir, Oʻrta Sibir yassitogʻligi va Uzoq Sharqda, Shimoliy Amerikadagi oʻrmonlar Tinch okeandan Atlantika okeanigacha, janubida sohil boʻylab 36—40° shahrik. gacha tarqalgan. Janubiy Amerikada faqat materikning gʻarbida, And togʻlarida, 38° j.k.dan janubda joylashgan. Yangi Zelandiyaning Janubiy o.da ozgina shunday oʻrmonlar bor. Boshqa materiklarda bunday oʻrmonlar yoʻq.

Oʻrmon zonalaridan qishloq xoʻjaligida, ayniqsa, dehqonchilikda keng foydalaniladi. Baʼzi joylarda oʻrmonlar kesilib, koʻp yerlar ekin maydonlariga, plantatsiyalarga aylantirilgan. Baʼzi hududlarda oʻrmon xoʻjaliklari va ovchilik keng rivojlangan. Hozirgi kunda oʻrmonlarni muhofaza qilish muammosi yuzaga kelgan. Oʻrmonlarni tartibsiz daraxt kesish, yongʻinlar, turli kasallik va zararkunandalardan saqlash zarur vazifa boʻlib kelmoqda.

Oʻzbekistondagi togʻlarda keng bargli, aralash va archa oʻrmonlari, tekisliklarda choʻl saksovulzorlari, toʻqay oʻrmonlari mavjud. Ular suv, tuproq muhofazasiga xizmat qiladi.