Nodir devonbegi xonaqohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nodir devonbegi xonaqohi
Muqobil nomlari Nodir devonbegi xonaqohi
Nadr devonbegi xonaqohi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi Xonaqoh
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1620—1621-yillar
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 2
Nodir devonbegi xonaqohi

Nodir devonbegi xonaqohi (asl nomi: Nadr devonbegi xonaqohi) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Buxoro xonligi hukmdori Imomqulixonning vaziri va togʻasi Nadr devonbegi (Nadr mirzo Togʻay ibn Sulton) qurdirgan (1620—1621). Xonaqoh Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodir devonbegi xonaqohi 1620-yilda hovuz bilan bir paytda bunyod etilgan. Xonaqohlar asosan qalandar va darveshlar uchun yashash joyi sifatida ishlatilgan. Mazkur xonaqoh koʻp xonali boʻlib, ikki minorasimon katta ravoqdan tashkil topgan, uning 28 ustundagi mayda ravoqchalari mavjud. Nodir devonbegi xonaqohida markaziy gumbazli zalining uch tomonida eshik, gʻarb tomonida esa mehrob mavjud. Xonaqohning burchaklarida esa hujralar boʻlgan. Maʼlum muddat xonaqoh madrasa va uzoq oʻlkalardan kelganlar uchun boshpana va masjid vazifasini bajaradi[1]. Mazkur xonaqoh Mulla Shamsiddin guzarida joylashgan bo’lib, 14 hujrasi mavjud bo’lgan. Vaqf hujjatlariga ko’ra, xonaqoh g’arbida Mirzo Aboqi Arbob Mirzo Husayn hovlisi, sharqi va shimolida yo’l, janubida esa hovuz bo’lgan. Mazkur vaqf hujjati “Nadr Devonbegi madrasasi, hovuzi va xonaqohi vaqfi” deb qayd etilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu xonaqoh vaqf hujjatlarini o’rgangan bo’lib, mazkur yodgorlikni dastlab masjid bo’lganligini yozadi. Uning fikriga ko’ra yodgorlik dastlab jome’ masjidi bo’lgan keyinchalik esa xonaqohga aylantirilgan[2]. Mazkur xonaqohda hozirgi kunda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur muzey 1991-yilda tashkil etilgan va 2017-yilda Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi sifatida qayta nomlanib, koʻrgazmalari oʻzgartirilgan.

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodir devonbegi xonaqohi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Xonaqoh Labihovuz ansamblida hovuz bilan birga bunyod etilgan boʻlib, Peshtogʻi hashamatli, ravogʻining qanosi ancha baland, ulugʻvor, ayrim yerlarida esa koshinlarning parchalari saqlanib qolgan. Ikki tomonidagi tagi qirrali guldasta-mezanalar old koʻrinishiga salobat beradi. Xonaqohning 2 yonidan ham hujralarga kiriladigan eshiklari boʻlgan. Devorlari bir necha bor taʼmirlanganidan (1914—1916-yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayyid Olimxon tomonidan taʼmirlangan) asl koʻrinishi oʻzgargan. Nodir devonbegi xonaqohi simmetrik tarhli (27,5X25 metr), kiraverishda ayvon, xonaqoh (11,2Xll,2 metr) va uning yon tomonlarida 2 qavatli darvishlar yotogʻi boʻlgan. Guldastalar ichidagi aylana zina bilan bino tepasiga chiqiladi. Xonaqoh ulkan gumbazli, devorlariga taxmonlar ishlangan. Undagi serhasham naqshlar saqlanmagan. Peshtoq ravogʻidagi 3 tobadonni ganchkori panjaralar bezagan. Nodir devonbegi xonaqohining hozirgi koʻrinishi oʻzgarib muhtasham, salobatli, koʻrkam inshootga aylantirilgan.[3]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Бухоро тарихий обидалари географияси 2020, s. 27-28.
  2. Абдусаттор Жуманазар 2017, s. 233.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Баҳромов Қ, Шодиева Н. Бухоро тарихий обидалари географияси. Бухоро: Дурдона нашриёти, 2020 — 129 bet. 
  • Абдусаттор Жуманазар. Бухоро таълим тизими тарихи. Тошкент: Akademnashr, 2017 — 592 bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.