Mushtum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Mushtum
Sohasi Hajviya
Davriyligi
Tili Oʻzbekcha
Tahririyat manzili Toshkent, Buyuk Turon koʻch., 41
Bosh muharrir Nosirjon Toshmatov
Muassislar "Sharq" nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi
Nashriyot (mamlakat) (Oʻzbekiston)
Nashr tarixi 1923-yil 13-fevraldan
Hajmi 2,8 bosma taboq
Adadi 22.000 nusxa

Veb-sayti: www.mushtum.uz

Mushtum Abdulla Qodiriy tomonidan tashkil etilgan hajv va kulgi jurnalidir. Jurnal 1923-yil 13-fevralidan beri chop etiladi. Toshkentda oyda 1 marta chiqadi. Mushtumning 1-soni 1923-yil 18-fevralda "Turkiston" gazetasiga ilova (3 ming nusxada), 1924-yildan "Qizil Oʻzbekiston" nashri sifatida chop etilgan. Jurnalning 1-sonida uning tashkilotchilaridan Abdulla Qodiriyning "Mushtum taʼrifida" degan bosh maqolasi berilgan. Mazkur maqolada Mushtumning yoʻnalishi belgilangan:

« Bu "Mushtum" zoʻrlik mushtumi emas, haqlik mushtumidir, bu "Mushtum" zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning maʼnosi ham boshqachadir... »

Mushtumga turli davrlarda ijod qilgan Gʻozi Yunus, Choʻlpon, Hoji Muin, Rafiq Moʻmin, Gʻafur Gʻulom, Komil Aliyev, Abdulla Qahhor, Nosir Sayd, Gʻayratiy, Sobir Abdulla, Said Ahmad, Anvar Muqimov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon va boshqa ijodkorlar oʻz asarlari bilan ishtirok etgan. Mushtumda chop etilgan koʻpgina hajviy asarlar adabiyotimizning bebaho durdonalariga aylangan. Masalan Gʻ. Gʻulomning "Shum bola"si, A.Qahhor, S. Ahmadning eng sara hajviyalari, E.Vohidovning "Donishqishloq hangomalari", A. Oripovning "Jannatga yoʻl" dramasi. Yuzlab tanqidiy maqolalar, felyetonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda Mushtumning asosiy quroli hisoblangan. Halol va oshkora tanqid jamiyat va odamlar uchun haqiqiy malham boʻlishiga erishish jurnalning bosh mezoni hisoblanadi. Jurnal oʻz faoliyatida turli ijodiy shakllardan, jumladan Nasriddin Afandi, Aldar Koʻsa kabi xalq ogʻzaki ijodidagi obrazlardan keng foydalanadi. Uning sahifalarida muhim voqealarga bagʻishlangan felyeton, pamflet, hajviya, oʻrtoqlik hazillari va boshqa qiziqarli tanqidiy materiallar yoritiladi.

Mushtum oʻz karikaturalari bilan ham mashhur. Uning birinchi rassomi Ishtvan Tullya boʻlgan, keyinchalik jurnalda turli yillarda T.Muhamedov, D. Sinitskiy, M. Vorobeynikov, N.Ibrohimov, A.Xoliqov, S. Subhonov, A.Qambarov, S.Salohiddinov, H.Sodiqov va boshqalar ishladi. Mushtumga Gʻozi Yunus, Ziyo Said, Gʻ.Gʻafurov, Husayn Shams, J. Mahmudov, M. Muhamedov, Akmal Poʻlat, Z.Yoʻldoshev, Mirmuhsin, Ibrohim Rahim, N. Aminov, Maqsud Qoriyev va boshqalar muharrirlik qilgan. 1998-yil 28-avgustda jurnalning haftalik ilovasi —"Afandi" gazetasi tashkil etilgan. Gazetada davrning dolzarb muammolari, tanqidiy maqolalar ham keng yoritiladi. Hozir Mushtumning bosh muharriri — Ashurali Joʻrayev (1996-yildan). Adadi 10000 (2003).

[1]

Havolalar[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. Ashurali Joʻrayev. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil