Moshkichiri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Moshkichiri - mosh solib tayyorlanadigan quyuq taom[1].

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu ot ,,dukkakli o‘simlikning yumaloq, to‘q yashil rangli doni” ma’nosini anglatadigan tojikcha mosh oti bilan “mosh bilan guruchdan tayyorlanadigan quyuq ovqat” ma’nosini anglatadigan o‘zbekcha kichiri otidan tuzilgan bo‘lib, shunday taomning nomi sifatida ishlatiladi. Bu birlik “oq-qora aralash” ma’nosini ham anglatib, moshkichiri soqol birikmasi tarkibida ham ishlatiladi[2].

Turlari                                                                         [tahrir | manbasini tahrirlash]

Qiymali moshkichiri, po‘stdumbali moshkichiri,  piyozdog‘li moshkichiri,  sabzavotli moshkichiri,  moshkichiri-muxashshir (moshi alohida qaynatilib po‘sti ajratib olingan moshdan) va boshqa turlari bor[1].

Tayyorlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Piyozli moshkichiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moshkichiri, aslida mosh-guruch, qadimiy taom, O‘zbekistonning deyarli hamma joyida tayyorlanadi. Piyozli moshkichiri moshli taomlar orasida eng sodda retseptlisi bo‘lib, go‘shtsiz tayyorlanadi. Yog‘ni dog‘lab, halqa-halqa qilib to‘g‘ralgan piyozni solib qizarguncha qovuriladi. Qovurilgan piyozning yarmi olib qo‘yiladi. Qozonda qolganiga suv qo‘shib, yuvib tayyorlab qo‘yilgan moshni solib, to ochilguncha qaynatiladi, tuzi rostlanadi. So‘ngra yuvib tayyorlab qo‘yilgan guruchni solib, to yumshaguncha kovlab-kovlab pishiriladi. Moshi ham, guruchi ham yumshaganda yog‘och cho‘michning orqasi bilan moshkichirini qozonning devorlariga ishlab eziladi, toki moshi ham, guruchi ham ezilib atala holiga kelsin. Shundan keyin qopqog‘ini yopib 10-12 minut dam yediriladi va laganga yassi qilib suziladi. Dasturxonga tortishda yuziga olib qo‘yilgan qovurilgan piyozni solib keltiriladi.

Sabzavotli moshkichiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moshkichirining bu varianti qadimiy va unutilgan bo‘lib, bunga sabzi va lavlagi solib pishirilgan. Sabzi solishdan maqsad hajmini ko‘paytirish bo‘lsa, qizil lavlagi (qizilcha) qo‘shib taomning rangini chiroyli qilish ko‘zda tutiladi. Mosh va guruchni yuvib, alohida ivitiladi (moshni sovuq suvga, guruchni issiq suvga ivitib qo‘yiladi. Go‘shtni lo‘nda-lo‘nda, piyozni halqa-halqa, sabzini guruchga monand somoncha usulda, lavlagini esa moshga monand mayda kubik qilib to‘g‘raymiz. Qozonda yog‘ni dog‘lab, piyozni solib, bir-ikki aralashtirgach, go‘shtni tashlaymiz va har ikkala masalliq qizarguncha qovuramiz. So‘ngra qozonga suv quyib, moshni solib miltiratib qaynatamiz, moshning po‘sti yorilib ochilganda lavlagi bilan sabzini solamiz, yana qaynab chiqqanda guruchni solib, barcha masalliqlar o‘rtacha olovda to‘la pishgandan so‘nggina tuzini rostlaymiz. Qalampirni esa butunligicha sabzavotlar bilan birga solamiz. Tuyilgan qalampir yoki murch taom dasturxonga tortilganda keltirib qo‘yiladi. Tayyor moshkichiri olovi o‘chirilib, 15-20 minut damlanib qo‘yiladi. Dasturxonga tortishda bir aralashtirib yuborib, laganga yassi qilib solamiz. O‘rtasiga suyakli go‘shtlarni, butun qalampirni qo‘yamiz, yuziga qirqilgan ko‘k piyoz sepamiz.

Qiymali moshkichiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moshkichirining bu turi qiyma bilan tayyorlanadi. Buning uchun kerakli yog‘ning yarmini dog‘lab, piyozning ham yarmini qovuramiz va mayda (mosh kattaligida) qilib to‘g‘ralgan lavlagini solib, bir-ikki kovlagach, suv quyamiz-da, hali qaynab chiqmasdan avval yuvib qo‘yilgan moshni solamiz. Past olovda to ochilguncha qaynatamiz. Mosh to‘la ochilganda guruchni solamiz, vaqt-vaqti bilan aralashtirib, har ikkala don to‘la pishguncha qaynataveramiz. Oxirida tuzini rostlaymiz. Boshqa idishda yog‘ning qolgan qismini dog‘lab, piyozni jazlaymiz va qiymani solib qovurasiz. Qiymasi esa quyidagicha tayyorlanadi: yog‘liroq mol go‘shtidan olib, chopiladi yoki qiymalagichdan o‘tkaziladi, bunga picha piyoz qo‘shib ham yuboriladi. Qovurganda pomidor, chuchuk garmdori solish  ham mumkin. Go‘sht va pomidorning seli chiqqach, suv quyib olovini sust qilib qo‘yamiz, suvi tomoman bug‘langanda pishgan hisoblanadi. Taomni dasturxonga tortishda yaxshilab aralashtirib laganga yassi qilib suzamiz va ustiga qatlam qilib qiymasini solamiz, yuziga murch va qirqilgan oshko‘klardan sepib keltiramiz. Alohida idishda uzum sirkasi qo‘yiladi.

Po‘stdumbali moshkichiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu tansiq taom Toshkentda bahor, kuz va qishning sovuq kunlarida tayyorlanadi, sababi juda kuchli kalloriyalidir. Ushbu moshkichiri aziz mehmon dasturxoniga atalib, bir necha kun avval qo‘y po‘stdumbasi maxsus sur qilinadi. Ya’ni yog‘li tomoniga qalin tuz sepib aylantirib o‘rab, kanopda bog‘lab salqin joyda saqlanadi. Unutilgan taomlardan biri. Po‘stdumbani tuzidan yuvib yuborgach, kabobga go‘sht to‘g‘ragandek, ya’ni bosh barmoqning birinchi bo‘g‘ini kattaligida to‘g‘raladi. Piyozni halqa-halqa, sabzini esa xuddi palovga to‘g‘ragandek somoncha qilib to‘g‘raymiz. Qozonda yog‘ni dog‘lab piyozni tashlaymiz, u hali rangini o‘zgartirmasdan turib po‘stdumbani solamiz. Buni bir-ikki aralashtirib, sabzini solamiz va suv quyamiz. Qaynab chiqmasdan turib yuvib tayyorlab qo‘yilgan moshni solamiz-da, olovini pastlatib, 1 soat davomida miltiratib qaynatamiz. Qancha uzoq qaynasa, shuncha lazzatli chiqadi. Oz-ozdan qaynoq suv quyib turamiz. Moshi ochilib, po‘stdumbasi pishganda yuvilgan guruchni solamiz, tuzini rostlaymiz, butun qalampir tashlab pishirishni oxiriga yetkazamiz. Dasturxonga tortishdan 15-20 minut oldin damlab qo‘yamiz. Laganga yassi qilib solib qirqilgan ko‘k piyoz, qishda bo‘lsa, mayin to‘g‘ralgan bosh piyoz sepib keltiramiz. Sirka alohida beriladi[3][4].

Shifobaxshligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq tabobatida mosh, no‘xat va loviyadan tayyorlangan taomlar o‘pka va nafas a’zolari uchun foydaliligi ta’kidlanadi. Yana shuni aytib o‘tish ham zarurki, ushbu dukkakli donlarda hujayra moddasi — taom tivitlari ham mo‘l bo‘lib, hazmlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Moshning tarkibida 45-50 foizgacha kraxmal, 25 dan 30 foizgacha oqsil moddasi bo‘lib, u go‘shtdan qolishmaydi. Shu sababli moshli taomlar juda lazzatli va to‘qtutar bo‘ladi. Moshda yana 2-4 foizgacha yog‘  moddasi, turli ma’dan tuzlar hamda ba’zi darmondorilar mavjuddir.

Moshli taomlarga, odatda, guruch ham qo‘shiladi. Guruchning kimyoviy tarkibida eng ko‘p ne’mat — karxmal bo‘lib, miqdori 88 foizgacha boradi, yana oqsil moddasi ham bor: 7 dan 8 foizgacha, shakar va kletchatka moddalari 0,5 foizni tashkil etadi. Guruch tarkibida 0,8 foizdan 1 foizgacha yog‘ va 0,5 foizdan ko‘proq suv ham bo‘ladi. Guruch darmondorilar va ma’dan moddalaridan ham xoli emas. Zamonaviy dietolog vrachlarning ta’kidlashlariga ko‘ra guruchdan tayyorlangan taomlarning hazmlanishi 98 foizni tashkil qiladi. Guruchning bunday parhezlik hosiyati B2 darmondorisi – riboflavin bilan xolinga bog‘liq.  Agar a’zolarimizda B2 darmondorisi yetishmasa, jigarda glyukoza kamayib ketadi va oqsil aminokislotalarning hazmlanish jarayoni buziladi. Bundan tashqari,  B2 darmondorisi markaziy nerv sistemasining bir maromda ishlab turishi uchun ham zaruriy ne’matdir. Guruchdagi xolin moddasi modda almashinuvi uchun eng yaxshi vositalardan hisoblanib, ichki a’zolar yog‘ bosishining oldini oladi[5].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tiliing etimologik lug‘ati. 3-jild — 142 bet. 
  3. Mahmudov K. O‘zbek tansiq taomlari, 1989 — 197 bet. 
  4. „Moshkichiri“. Qaraldi: 2023-yil 29-may.
  5. Mahmudov K. Oʻzbek tansiq taomlari, 1989 — 162 bet.