Monizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Monizm (qadimgi yunoncha: μόνος — monas — yakka, yagona) — dunyodagi turli hodisalar negizida bitta ibtido, yagona substansiya yotadi deb hisoblaydigan taʼlimot. M. dualizm va plyuralizmning aksi. Falsafa tarixida materialistik va idealistik M. mavjud boʻlgan. Materialistik M. tarafdorlari suvni (Fales), apeyron (noaniq modda)ni (Anaksimandr), havoni (Anaksimen), gomeomeriya (zarra)ni (Anaksagor), atomni (Demokrit, Epikur), olovni (Geraklit) dunyoning yagona moddiy asosi deb hisoblaganlar. Idealistik M.ning yirik vakili Gegel dunyo va uning hodisalari asosiga dunyoviy gʻoyani qoʻygan. Falsafada M. butun borliqni — tabiat, jamiyat, inson maʼnaviy dunyosini bir deb bilish, ular yagona asosdan kelib chiqqan, bir-birlaridan mutlaqo ajralmas deb hisoblashdir.

Tabiatshunoslikda M. jonsiz (noorganik) va jonli (organik) tabiat bosqichlari — oʻsimlik dunyosi, hayvonot dunyosi, insoniyat dunyosini bir asosdan uzoq rivojlanish jarayonini bosib oʻtib, bir-biridan kelib chiqqanligi haqidagi taʼlimotdir.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil