Miyonqol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Miyonqol
orol
39°55′12″N 66°34′12″E / 39.92000°N 66.57000°E / 39.92000; 66.57000 G OKoordinatalari: 39°55′12″N 66°34′12″E / 39.92000°N 66.57000°E / 39.92000; 66.57000 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
Avvalgi nomlari Samarqand Sugʻdi
Nim Sugʻd (yarim Sugʻd)
Sugʻdi Xurd (Kichik Sugʻd)
Miyonqol xaritada
Miyonqol
Miyonqol

Miyonqol, Miyonkol, Miyonkolot – Oʻzbekistondagi Oqdaryo va Qoradaryo oraligʻidagi orol. Qadimda Samarqand Sugʻdi, Nim Sugʻd (yarim Sugʻd), Sugʻdi Xurd (Kichik Sugʻd) nomlari bilan mashhur boʻlgan. Xonliklar davrida Buxoro bilan Samarqand oʻrtasida uzunligi 12 farsang keladigan devor olingan. Miyonqol dehqonchilik uchun qulay boʻlib, Xatirchi, Payshanba, Qalʼai Dabus (Dabusiya) va boshqa shahar, qishloqlarni oʻz ichiga olgan. Keyinchalik Zarafshon vodiysining Samarqand bilan Xatirchi oraligʻidagi yerlar Miyonqol deb atalgan[1][2].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arablar Movarounnahr shaharlarini bosib olishlari chogʻida Soʻgʻdni Xurosondagi ummaviylar hokimi Qutayba egallaydi. Soʻgʻd ixshidi va uning qoʻl ostidagilar Qutaybaning buyrugʻi bilan Samarqandni tark etishga majbur boʻlganlar. Soʻgʻdning keyingi hukmdorlari qarorgoh sifatida Balazuriy – Samarqanddan 7 farsax uzoqlikdagi Zarafshon daryosi shimolidagi Ishtixon shahrini tanlaydi. Bu nomdagi viloyat va shahar hozirgacha Oʻzbekistonning Samarqand viloyatida mavjud. Nasafiy aytadiki, ixshid Samarqandni tark etib, Samarqanddan 4 farsax uzoqlikda yangi shahar qurdirib, uni ukasi Afarun sharafiga Ferenkent deb nomlagan. Manbalarda Ofarunkent va Ofarinkent nomlari ham bor. Manbalarda Farankent shahrida turklar yashashi va uning aholisi qisman dualistlar, qisman xristianlar ekanligi aytiladi[3]. Temuriylar davrida Ofarinkent shahri Miyonqolning markazi boʻlgan.

Shayboniyxonning Movarounnahrga qarshi yurishlaridan keyin Samarqand viloyati yoki viloyatining Ofarinkent hududi butunlay Shayboniylar qoʻl ostiga oʻtadi. Ofarikentdan mashhur hokimlar qatorida keyinchalik Buxoro xonligining xoni etib saylangan Iskandarxon va Abdullaxon II boʻlgan. Abdullaxon II ning bobosi Jonibek sulton Karmana va Miyonqol hokimi boʻlgan. Otasi Iskandar sulton oʻgʻli tugʻilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan[4].

Buxoro xoni Abulfayzxon davrida bu yerda qoʻzgʻolon koʻtarilib, keyinchalik bu qoʻzgʻolon Buxorogacha yetib boradi. Qoʻzgʻolonni Buxoroda oʻzbek mangʻitlar sulolasiga asos solgan Muhammad Rahimxon boshchiligidagi qoʻshin tomonidan bostirildi. U Miyonqoldan ayirmachilarga, oʻzbek zodagonlari Baxrin, Qipchoq, Keneges va Yetti-Urugʻlarga qarshi kurash olib bordi. Qoʻzgʻolonchi urugʻlarning yerlari tortib olindi, xalq Buxoroga yaqinroq joyga koʻchirildi.

Buxoro amirligi davrida Miyonqol mamlakatning eng zich joylashgan va iqtisodiy rivojlangan hududi boʻlib, aholisi sugʻorma dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan.

Miyonqol qoʻzgʻoloni[tahrir | manbasini tahrirlash]

1821-yilda Buxoro amiri siyosatiga qarshi oʻzbek qabilalari va qoraqalpoqlar ishtirokida XIX asrdagi eng yirik qoʻzgʻolon Miyonqol shahrida boshlandi[5]. 1825-yilda amir Haydar va shahzoda Nasrulloning koʻp urinishlaridan soʻng qoʻzgʻolonni bostirishga muvaffaq boʻlingan. Shundan soʻng, Muhammad Mir Olim Buxoriyning yozishicha, „amir xotirjamlik bilan hukmronlik qila boshlagan“.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Bartold V. V. K istorii orosheniya Turkestana, SPb, 1914, 113-b
  3. V. V. Bartold, Sochineniya, Tom 5, Izdatelstvo „Nauka“, Moskva 1968, 305—306-b
  4. „Kalon мasjidi“. Qaraldi: 20-sentabr 2023-yil.
  5. Ivanov, P. P. „Vosstanie kitay-kipchakov v Buxarskom xanstve 1821-1825 gg. Istochniki i opit ix issledovaniya.“ M.-L.: AN SSSR (1937), 82-bet