Miltiq
Miltiq — o'q otish quroli. Ov va harbiy ishda qo'llaniladi. Dastlabki miltiq 12 asrda arablarda paydo bo'lgan. Miltiq yog'och dastaga mahkamlangan stvol (quvur)dan tuzilgan. Qadimgi miltiqlar pilta bilan o't oldirilgan (shuning uchun o'zbeklar orasida «pilta miltiq» deb ataladi). 14 asrda Yevropada silliq stvolli miltiq ishlab chiqarilgan. 16 asr birinchi yarmida Ispaniyada mushket deb nomlangan birmuncha tez o'qlanadigan miltiq ishlab chiqarildi. 17-18 asrlarga kelib o'yiq stvolli miltiq yaratilgan. 19-asrda tepki, piston va metall patronning ixtiro qilinishi miltiqni o'qlash tezligini birmuncha oshirdi. 1868-yildan boshlab Rossiyada patron gilzasini mexanik ravishda chiqarib tashlaydigan zatvorli miltiq ishlab chiqarila boshlangan. Hozir miltiqlardan, asosan, ov qilishda foydalaniladi.