Meghalaya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Meghalaya — Hindistonning shim.-sharqiy qismidagi shtat. Maydoni 22,4 ming km². Aholisi 2,3 mln. kishi (2001); asosan, kxasi, garo va ingliz tilida soʻzlashadi. Maʼmuriy markazi — Shillong shahri.

Meghalaya 1970-yilda Assom shtati hududining bir qismidan muxtor shtat sifatida tuzilgan. 1972-yil yanvardan Hindistonning teng huqukli shtati.

Relyefi sertepa tekislik va past togʻlik. Eng baland joyi 1961 m. Iklimi tropik, mussonli iqlim. Yozi seryogʻin. Yillik yogʻin baʼzi joylarda 10000 mm dan ham koʻp. Tropik oʻrmonlar va butazorlar bor.

Meghalaya, asosan, agrar shtat. Aholisining 80% qishloq xoʻjaligida band. Asosiy oziq-ovqat ekini vodiylarda sholi, qirlarda makkajoʻxori va tariq, shuningdek, jut, paxta, tamaki ekiladi. Chetga chiqarish uchun kartoshka, sitrus mevalar yetishtiriladi. Ipak qurti boqiladi. Asalarichilik, oʻrmon xoʻjaligi rivojlangan. Hududining 70% oʻrmon bilan qoplangan. Sal, qaragʻay, tik, qayin va boshqa daraxtlar hamda dorivor oʻsimliklar ham oʻsadi. Foydali qazilmalardan koʻmir, ohaktosh, korund, oq gil konlari topilgan. Yogʻochsozlik, sement, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar mavjud. Shillong shahri yaqinida aeroport bor. Turistlar koʻp keladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil