Mangʻit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Buxoro amirligining soʻnggi xoni Sayd Olimxon, 1911)

Mangʻit, mangʻitlar — yirik qabilalardan biri. Oʻzbekiston hududida, 1923—26 yilgi maʼlumotiga koʻra, Mangʻitlarning umumiy soni 130 mingdan ortiq kishi. Shundan Buxoro xonligi hududida (100 ming kishi), Buxoro vohasi va Qarshi atrofida (44 ming kishi), Zarafshonning quyi oqimida (8 ming kishi) oʻrta oqimida (10 ming kishi), Chorjoʻy tumanida (11 ming kishi), Jizzaxda (2600 kishi), Xorazmda (10 ming kishi) yashagan. Mangʻitlar qoraqalpoqlar va Shimoliy Kavkazdagi noʻgʻaylar tarkibida ham boʻlgan, bir qismi esa Shimoliy Afgʻonistonda yashagan. Oʻzbekistonda yashovchi Mangʻitlar bir qancha yirik va mayda urugʻlarga boʻlingan. Eng yiriklari: oq Mangʻit, och Mangʻit, qora Mangʻit, chala Mangʻit, boygundi Mangʻitlar Bulardan tashqari temirxoʻja, isoboy, gaulak, koʻsa, toz, qorabayir, baqirchi, kula, tamgʻali, mangʻit qozoq, oʻn ikki choʻqay, gala botir, beshkal, chobakchak, uz, uvolay va boshqa Mangʻitlar Buxoro xonliginnt siyosiy hayotida faol qatnashganlar. 1753—1920 yillargacha Buxoroni idora qilib kelgan xonlar Mangʻitlarning toʻq urugʻidan boʻlgan, shu sababli xonlikda katta imtiyozlarga ega edilar. Mangʻitlar 13-asrda Dashti Qipchoqda, katta bir qismi esa Volga va Ural daryolari oraligʻida yashashgan. Qipchoqlar taʼsiri ostida oʻz tillarini unutib, turk-qipchoq tilini qabul qilganlar. 14-asrning oxirida alohida oʻrda (Mangʻit oʻrdasini) tashkil etganlar. 15-asrning oʻrtalarida Mangʻitlar "nogʻay" (noʻgʻay) deb atalgan, ularning oʻrdasi esa, "Noʻgʻay oʻrda" nomini olgan. 16-asrning oʻrtalarida Noʻgʻay Oʻrda Katta Noʻgʻay va Kichik Noʻgʻayga boʻlingan. Keyinchalik Katta Noʻgʻay tarkibidagi Mangʻitlar oʻzbeklar, qoraqalpoqlar, qisman qozoqlarning etnik tarkibiga kirganlar. 16-asrda hozirgi Oʻzbekiston qududiga koʻchib kelganlar. Qadimdan dehqonchilik bilan shugʻullanib kelgan oʻzbeklarning taʼsiri ostida Mangʻitlarning bir qismi asta-sekin oʻtroqlashib borgan, bir qismi esa 19-asr oxiri va 20-asrning boshlariga qadar yarim oʻtroq holda yashab, chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan. Ular qorakoʻl va jaydari qoʻylarni boqishgan. Mangʻitlar dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shugʻullangan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil