Leksika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Leksika (yun. lexis — soʻzga oid, lugʻaviy) — tildagi barcha soʻzlar va iboralar yigʻindisi, tilning lugʻat tarkibi. L. maʼlum qonun-qoidaga boʻysunuvchi izchil va murakkab tizimdan iborat. Til L.si toʻxtovsiz oʻzgarib turadi. Bu narsa lugʻat tarkibida yangi soʻzlarning paydo boʻlishi, mavjud soʻzlardan ayrimlarining eskirib, isteʼmoldan chiqishi, leksik maʼnosini uzgartirib, yangi maʼno kasb etishi kabi jarayonlarda koʻrinadi. Jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy tuzumning oʻzgarishi bilan uzviy bogʻlangan holda L. boyib boradi. 20-a.da barcha xalqlar qatori oʻzbek xalqi L.si ham tezlik bilan oʻsib, taraqqiy etdi. Oʻzbek tili L.siga baynalmilal soʻzlar keng koʻlamda kirib keldi. Buning ustiga fan va turli sohalar terminologiyasi ham toʻxtovsiz oʻsib bormoqda. Oʻzbek tili L.sida oʻz va oʻzlashgan qatlam, shuningdek, oʻz qatlam tarkibida umumturkiy suzlar va ulardan yasalgan oʻzbekcha suzlar mavjud. Oʻzlashma qatlam tarkibida forscha, arabcha, ruscha-baynalmilal soʻzlar bor. Oʻzbek tili L.si zamonaviyligi jihatdan 3 asosiy qatlamga bulinadi: 1) zamonaviy qatlam — eskilik va yangilik boʻyogiga ega boʻlmagan soʻzlar. Shu qatlamga oid soʻzlar oʻzbek tili L.sining asosini tashkil qiladi; 2) eski qatlam — hozirda ham isteʼmolda boʻlgan istorizmlar, arxaizmlar bu qatlamga kiradi; 3) yangi qatlam — yangi L. deb ham yuritiladi. Lugʻaviy birliklar ishlatilish doirasi jihatdan 2 qatlamga ajratiladi: 1) ishlatilish doirasi chegaralanmagan soʻzlar. Maʼnosi shu tilda soʻzlovchilar uchun tushunarli va umumqoʻllanish xususiyatiga ega boʻlgan suzlar umumisteʼmoldagi chegaralanmagan L. sanaladi; 2) ishlatilish doirasi chegaralangan soʻzlar — til lugʻat tarkibining ajralmas qismi boʻlib, uning tarkibiga dialektal, terminologii kasb-hunar L.si, ilmiy atamalar, jargon va argolar, vulgarizm va varvarizmlar kiradi. Lugʻaviy birliklar nutq koʻrinishlari jihatdan adabiy va soʻzlashuv nutqiga xoslangan boʻladi. L. termini biror muallif yoki asar L. si kabi tor maʼnoda ham qoʻllanadi: Navoiy L.si, "Oʻtgan kunlar" romani L.si. Ad.: Tursunov U., Muxtorov J,, Rahmatullayev Sh., Hozirgi oʻzbek adabiy tili, T., 1965. Bozorboy Oʻrinboyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil