Laterit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Laterit (lot. later — gʻisht) — gilsimon yoki toshsimon zich togʻ jinsi. Issiq va nam iqlim sharoitidagi alyumosilikat jinslarining fizik-kimyoviy nurashining elyuvial mahsuli. L. nurash poʻstining qalinligi 50—60 m. Rangi kizil, goho sargʻish-qizil. Asosan, temir va alyuminiy oksiddan tashkil topadi. Qattiq toshli (havoda), juda boʻsh yoki gilli tuzilishga ega. Tarkibi boʻyicha bu kaolinit, temir, titan, magnetit, galluzit va gibbeit aralashmasidir. Unda, odatda, eriydigan tuzlar, sulfatlar, karbonatlar, gidroslyudalar va montmorillonitlar guruhi minerallari yoʻq. Gilli L.lar osongina yoʻniladi va havoda tez qotish xususiyatiga ega boʻlgani uchun ilgaridan Hindiston va Hindixitoyda qurilish materiali sifatida ishlatiladi. L.lar bilan temir rudalari, silikatli nikel hamda xrom, kobalt va oltin konlari bogʻliq. L.lar ham alyuminiy olinadigan xom ashyo hisoblanadi. L.ning eng sifatli rudalari Rossiya (Voronej viloyati)da qazib olinadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil