Lab

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lab — anatomik tuzilma; ogʻiz boʻshligʻining kirish qismini tashkil etadigan muskul-teri burmalari. Toshbaqa, qush va kloakali yirik sut emizuvchilarda jagʻdan tumshuq vujudga kelganligi tufayli L. boʻlmaydi. Baliqlar labida taʼm bilish va tuygʻu retseptorlari koʻp boʻlib, L. oʻljani ushlab olishga yordam beradi. Suvda va quruqlikda yashovchilarning koʻpida L. nafas olishda ogʻiz boʻshligʻini ochib-yumishga xizmat qiladi. Sudralib yuruvchilar labi rostmana shakllangan va muguz qalqoncha bilan qoplangan. Sut emizuvchilarda L. harakatchan boʻlib, bola emizishga moslashgan. Toʻgarakogʻizlilarda yuqori L. soʻrgʻich vazifasini oʻtaydi.

Odamda L. harakatchan boʻlib, ogʻiz boʻshligʻi bilan chegaralangan; u tashqaridan teri, ichkaridan mayda bezlarga boy shilliq parda bilan qoplangan, uning asosini ogʻizning aylana muskuli va mayda mimika muskullari tashkil etadi. Teri bilan shilliq parda tutashgan joy — qizil hoshiyada qon tomirlar koʻp. L.ga uch shoxli nervdan sezuvchi tolalar keladi. Yuqori va pastki L.ning oʻzaro bir-biri bilan birikib turishi ovqatni chaynashga imkon beradi; soʻzlashda talaffuzning toʻgʻri va ravon boʻlishini taʼminlaydi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil