Kvars

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kvars

Kvars (olm. Quarz) — silikatlar sinfiga mansub eng koʻp tarqalgan jins hosil qiluvchi mineral. Kimyoviy formulasi SiO2. Kvarsning kristalli 2 ta modifikatsiyasi maʼlum: geksagonal Kvars (yoki a-K.) 870—573° temperatura oraligʻida turgʻun va trigonal Kvars (R-K.) 573° dan pastda turgʻun. r-K. tabiatda eng koʻp tarqalgan. Qoʻshaloqlari koʻp, kristall donacha, agregat va zich massalar holida uchraydi. Kvarsning kristallari, donalari, agregatlarining rangi har hil: shaffof — togʻ billuri, binafsha — ametist (safsar), kulrang — rauxtopaz, qora — morion, tillarang — sitrin va boshqa. Rangining har hil boʻlishi strukturaviy defektiga bogʻliq. Murakkab ranglilari ham uchraydi, ularga boshqa minerallarning mayda zarralari qoʻshilgan boʻladi. Kvarsning yashirin kristall hillari agat va xalsedon nihoyatda ingichka tolasimon tuzilmalardan iborat. K. optik jihatdan bir oʻkli, musbat. Ultrabinafsha va qisman infraqizil nurlarni oʻtkazadi. Sunʼiy Kvarsni SiO2 ning suvli eritmasidan yuqori bosim va temperaturada olinadi. Kvars turli togʻ jinslarining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Kvars pyezoelektrik hossaga ega. Qattikligi 7. Zichligi 2,65 g/sm3. Erish harorati 1710°C, soviganda kvars oynasi deb ataluvchi jismga aylanadi. Monokristallari kam uchraydi va juda yuqori baholanadi. Kvars Oʻrta Osiyo (Pomirda), Rossiya (Uralda), Ukraina (Volinda), Braziliya va Madagaskarda uchraydi. Kvars qumi va uning metamorflashgan turlari — kvarsitlar keramika va shisha sanoatida, monokristallari (pyezokvars) optika va radiotexnikada, shaffof va chiroyli ranglilari yarim qimmatbaho tosh sifatida zargarlikda ishlatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil