Klistron

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Klistron (yun. klyzo — toʻlqin zarbi va (elek)tron) — oʻzgarmas tokni oʻzgaruvchan tokka aylantiruvchi oʻta yuqori chastotali (OʻYUCH) elektron asbob; ishi OʻYUCH elektr maydonida elektronlar tezligini modulyasiyalashga asoslangan (qarang Modulyasiya). Toʻgʻri utishli (impulsli va uzluksiz ish rejimli) va qaytargichli xillari bor. Toʻgʻri oʻtishli K.da (rasm) katod bilan nurlantirilgan elektronlar kirish, oraliq, soʻngra chiqish hajmiy rezonatorlar orqali uchib oʻtib, ularning tezligi kamayadi va kinetik energiyasining bir qismi OʻYUCH tebranishlari energiyasiga aylanadi. Qaytargichli K.da — rezonator oraligʻida tezlashtirilgan elektronlar oqimi rezonatorning toʻrlaridan oʻtib, tormozlovchi maydonga toʻshadi, bu maydon taʼsirida orqaga qaytib, yana rezonatorlar oraligʻidan oʻtadi. Birinchi oʻtishda OʻYUCH elektr maydoni elektronlar tezligini modulyasiyalaydi, ikkinchi (teskari) oʻtishida elektronlar guruhlangan boʻladi, OʻYUCH maydoni bu guruhni tormozlaydi va elektronlar kinetik energiyasining bir qismini OʻYUCH tebranishlari energiyasiga aylantiradi. OʻYUCH asboblari ichida qaytargichli K. eng keng tarqalgan. K. kosmonavtika, radiolokatsiya, radioastronomiya, televideniyeda, tibbiyot, oʻlchash texnikasi, radionavigatsiya va boshqa sohalarda ishlatiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil