Kislota

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Rux, tipik metall, xlor kislotasi, tipik kislota bilan reaksiyaga kirishmoqda.

Kislota (rus. кислота - "nordonlik") asos bilan reaksiyaga kirishadigan moddadir. Kislota vodorod va kislota qoldigʻidan iborat boʻladi. Kislota kalsiy kabi metallar va natriy karbonat kabi asoslar bilan reaksiyaga kirishadi. Suvli kislotalar pH koʻrsatkichi 7 dan kam, bunda qancha kichik pH boʻlsa, kislota shunchalik kuchlidir.

Keng tarqalgan kislotalar sirasiga sirka kislotasi (sirkada), sulfat kislotasi (akkumulatorlarda) va vino kislotasi (mevalarda) kiradi. Kislotalar eritma, suyuq, qattiq yoki gaz holatlarda boʻladi. Kuchli va baʼzi kuchsiz konsentratsiyalangan kislotalar yemirish xususiyatiga ega, biroq karboran va bor kislotasi kabilarda bu xususiyat mavjud emas.

Kislotalar uchun keng tarqalgan uchta taʼrif bor: Arrhenius (talaffuzi: Arrenius), Brønsted-Lowry (talaffuzi: Broʻnsted-Louri) va Lewis (talaffuzi: Luis) taʼriflari. Arrhenius taʼrifi kislota eritmada gidroksoniy ionlari (H3O+) konsentratsiyasini oshiradigan moddadir, deydi. Brønsted-Lowry taʼrifi qoʻshimcha qiladi: kislota proton donori boʻla oladigan moddadir. Kundalik hayotda duch keladigan aksariyat kislotalar suvli eritma yoxud suvda eriydi, shuning uchun ushbu ikki taʼrif koʻproq qaraladi. Kislota pHi 7 dan kamligi sababi gidroksoniy ionlari konsentratsiyasi 10-7 mol/l dan oshiqligidadir. pH gidroksoniy ionlari konsentratsiyasi manfiy logarifmi, deb taʼriflangani uchun kislota pHi 7 dan kichikdir. Brønsted-Lowry taʼrifiga koʻra osonlikcha protonsizlasha oladigan har qanday birikma kislota, deb hisoblanishi mumkin. Misol qilib O-H yoki N-H qismlarini oʻz ichiga oladigan spirt yoki aminlarni olish mumkin.

Lewis taʼrifi esa kimyoda kam ishlatiladi. Lewis kislotalari elektron juftlari akseptorlaridir. Lewis kislotalariga metall kationlari hamda bor triftoridi va aluminiy trixloridi kabi elektroni kam molekulalar kiradi. Gidroksoniy ionlari keltirilgan uch taʼrifga binoan kislotalardir. Qiziqarlisi shundaki, spirt va aminlar ularning kislorod va azot atomlaridagi yolgʻiz elektronlar tufayli Brønsted-Lowry taʼrifiga koʻra kislota, Lewis taʼrifiga koʻra esa asos, deb qaraladi.

Havolalar[tahrir]