Jondor tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jondor tumani
tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Jondor (shaharcha)
Asos solingan sanasi 1930
Hokimi Hikmatov San'atillo Nusratovich[1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 58
Pochta indeksi 200600
Rasmiy sayti http://buxoro.uz/uz/jondor-tumani
Xaritada
Jondor tumani xaritada
Koordinatalari: 39°44′0″N 64°11′0″E / 39.73333°N 64.18333°E / 39.73333; 64.18333 G O

Jondor tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman. 1935-yil 17 yanvarda tashkil etilgan. 1962-yil 24 dekabrdan Buxoro va Romitan tumanlari tarkibida boʻlgan. 1967-yil 9 yanvarda qayta tuzilgan. Jondor tumani janubiy-gʻarbdan Olot, Qorakoʻl tumanlari, sharq va shimoliy-sharqdan Buxoro, Romitan, Peshku tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 5,17 ming km2. Aholisi 123,7 ming kishi (2001). Jondor tumanida 9 ta shaharcha (Jondor, Paxlavon, Dalmun, Ko'liyon, Samonchuq, Tobagar, Ushot, Xazorman, Chorzona), 13 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Aleli, Dalmun, Lolo, Mirzayon, Navrabot, Oqshix, Romish, Poʻloti, Samonchuq, Sepatta, Xumdanak, Koʻliyon, Xumin, Qorali,Qorovul,Joʻysafed,Peshqandoq,Qahramonlar) bor. Markazi — Jondor shaharchasi. Jondor tumanida toʻrtta yirik tarixiy obida mavjud: Mahmud Torobiy daxmasi (13 a.), Varaxsha yodgorligi (7 a.), Shaxri Islom qalʼasi, Qizbibi meʼmoriy majmuasi (16 a.). 1935-yildan „Jondor ovozi“ gazetasi chop etiladi.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jondor tumani Buxoro vohasida Zarafshon daryosi quyi oqimining shimoliy-gʻarbida, choʻl zonasida joylashgan. Relyefi, asosan, tekislik, qisman botqoq va shoʻrxoklar ham bor. Hududining qolgan qismi choʻl (Urganchchoʻl va Oʻrtachoʻl) yaylovlaridan iborat. Tekisliklar bagʻrida alohida doʻngliklar (Uchbosh, Shoʻrquduq) uchraydi.

Iqlimi keskin kontinental, choʻl iqlimi. Baʼzan, Urganchchoʻldan garmsel esib turadi. Vegetatsiya davri 218 kun. Bahor — sernam. Yoz serquyosh, quruq, jazirama issiq boʻlib, uzoq davom etadi. Kuz — qisqa; qishi — iliq, baʼzan ayozli. Yanvarning oʻrtacha havo harorati 0—0 °C, iyulniki 28—30 °C. Yillik oʻrtacha havo harorati 15—16 °C. Minimal havo harorati —27 °C, maksimal havo harorati 45 °C. Yillik yogʻin qariyb 125-130 mm, aksariyat qismi fevral—mart oylariga toʻgʻri keladi.

Tuman hududidagi obikor yerlar dastlab Zarafshon daryosidan sugʻorilgan. Amu-Buxoro mashina kanalining, ayniqsa Jondor tarmogʻining ishga tushirilishi tufayli hozirgi kunda Amudaryo suvi bilan taʼminlanadi. Vohadagi obikor yerlarning tuprogʻi madaniy oʻtloqi, boʻz tuproqlar (baʼzi joylarda bu tuproqlar shoʻrlangan). Choʻl qismini qumli, gipsli, gilli, qumli choʻl, qoʻngʻir tusli sur, taqir, taqirli na shoʻrxok tuproqlar egallagan. Yovvoyi oʻsimliklardan daryo terrasa va qayirlarida qamish, roʻvak, bugʻdoyiq, shoʻrajriq, kampirsoch, itgunafsha, yulgʻun, shoʻrxok yerlarda pashmakshoʻra, oqshoʻra, qumli choʻllarda oq saksovul, boyalich, quyonsuyak, selin, astragal va boshqa oʻsimliklar oʻsadi.

Yovvoyi hayvonlardan qumli choʻlda sudraluvchi va kemiruvchilar, qushlardan qirgʻovul, loyxoʻrak, soʻfitoʻrgʻay, zargʻaldoq chumchuq va boshqalar yashaydi.

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asosan, oʻzbeklar (95,6%); shuningdek, rus, tojik, qozoq, turkman, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2ga 24 kishi toʻgʻri keladi, vohada esa 250— 300 kishiga yetadi. Aholining 93% qishloqlarda yashaydi.

Iqtisodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xoʻjaligida yetakchi tarmoq qishloq xoʻjaligidir. Asosan, paxta ekiladi. Chorvachilik, polizchilik, pillachilik ham rivojlangan. Tokzor va mevazorlar bor. Sugʻoriladigan yer maydoni 28,2 ming ga. Shu jumladan donli ekinlar 7,5 ming ga, texnika ekinlari 17,5 ming ga, kartoshka, poliz, sabzavot 1,3 ming ga, yem-xashak 1,9 ming ga yer maydonini egallaydi (1999). Chorvachilik goʻsht-sut va jun-teri yetishtirishga ixtisoslashgan. Jondor tumani xoʻjaliklarida 45,4 ming qoramol, 105,3 ming qoʻy va echki, 35,8 ming parranda boqiladi. Oʻrmon xoʻjaligi 66,4 ming ga maydonda joylashgan. Bu yerda koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Qumli joylarida, asosan, saksovul, qandim, cherkez oʻsadi.

Oziq-ovqat va yengil sanoat tarmoqlari mavjud boʻlib, ularning aksariyati tuman markazida joylashgan. Plastmassa, vino, konserva zavodlari, non, sut kombinatlari, Navoiy jamoa xoʻjaligi hududida Buxoro paxta tozalash zavodining filiali, „Xadan“ (Oʻzbekiston— Xitoy) qoʻshma korxonasi mavjud. Tumanda jamoa, shirkat, ijara, dehqon, fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmokda.

Jondor tumanida 52 umumiy taʼlim maktabi (30 ming oʻquvchi), litsey, sanatoriy-internat, musiqa maktabi, iqtidorli bolalar internati, 42 kutubxona, madaniyat uylari, 2 muzey bor.

Tumanda 365 oʻrinli kasalxona, 20 qishloq vrachlik punkti, 12 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 1 poliklinika va 23 feldsher-akusherlik punkti boʻlib, ularda 194 vrach xizmat qilmoqda. Tuman hududidan Buxoro—Turkmanobod xalqaro avtomagistrali oʻtadi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Tursunov M., Jondor va jondorliklar, Buxoro, 1995.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Buxoro viloyati Jondor tumani hokimligi
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil