Jinoyat protsessual kodeksi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jinoyat-protsessual kodeksidan yoʻnaltirildi)

Jinoyat protsessual kodeksi (JPK) — jinoyat ishi yuzasidan tergov qilish va ishni sudda koʻrish tartibini belgilaydigan qonunlarning muayyan tizimga solingan majmui. JPK surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuror va sudning jinoyat ishini qoʻzgʻatishdan boshlab, sudda koʻrilib hal qilingungacha boʻlgan faoliyatini, tergov, sud harakatlarini oʻtkazish, dalil yigʻish, protsessual muxlatlar, jinoyat ishini qoʻzgʻatish, rad etish, uni tugatish va toʻxtatish, aybdorni sudga berishni, shuningdek, ishni apellyasiya, kassatsiya, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar boʻyicha qaytadan koʻrishni hamda hukm ijrosiga oid masalalarni tartibga soladi. Oʻzbekiston Respublikasi JPK 1994-yil 22 sentabrda qabul qilingan. Unda jinoyat ishini tekshirishda fuqarolarning , jamoatchilik, korxona, muassasa va tashkilot vakillarining qatnashuvi va protsessual huquqlari ham bayon qilingan. JPK normalari jinoyatni tez va toʻla ochish, haqiqatni aniqlash, aybdorni odilona jazolash uchun xizmat qiladi. Kodeksning oxirgi boblari alohida tartibda yurgiziladigan, jumladan voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarga bagʻishlangan.[1]

Kodeksga kiritilgan qoʻshimchalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Prezident tomonidan „Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-prosessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi qonun imzolandi. Hujjatga muvofiq, Oʻzbekistonda jinoyat ishlarida himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan holatlar koʻrib chiqildi va kengaytirildi:

  • shaxs amalda ushlangan yoki uni ushlash bilan bogʻliq tezkor-qidiruv tadbiri yakunlangan paytdan boshlab u bilan bogʻliq prosessual harakatlar amalga oshirilgunga qadar himoyachi bilan xoli uchrashishi ta’minlanadi;
  • tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan arizalar, tushuntirishlar va koʻrsatuvlar olish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan faqat himoyachi ishtirokida amalga oshiriladi (himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno).

Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan e’tiboran koʻpi bilan 48 soatni tashkil etishi belgilangan (ilgari ushbu muddat shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgan vaqtdan boshlab hisoblangan). Himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan holatlar toifasiga quyidagilar kiritilgan:

  • dastlabki eshituv oʻtkazilayotgan ishlar;
  • oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar;
  • shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotgan;
  • aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan ishlar[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Bugun.uz. „Ўзбекистонда жиноят ишида ҳимоячи иштирок этиши шарт бўлган ҳолатлар кенгайтирилди“. https://bugun.uz/. 2021-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 18-fevral. „arxiv nusxasi“. 2021-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 7-iyul.