Jayran

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jayran, kiyik, ohu (Gazella subgutturosa) — ohular (gʻizollar) urugʻiga mansub sut emizuvchi hayvon. Tanasining uz. 94—115 sm, boʻyi 60—65sm, ogʻirligi 25—30 kg . Urgʻochisi shoxsiz. Erkagining shoxi qora, yoʻgʻon va boʻgʻimli (uz. 40 sm gacha). Markaziy Osiyo va Gʻarbiy Osiyoda, jumladan Zakavkazye, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Jan. Qozogʻistonning choʻl va chalachoʻllarida tarqalgan. Bahor va yozda 4—7 tadan, qishda 15—20 tadan, baʼzan bir necha yuztadan poda boʻlib oʻtlaydi. Koʻklamda gʻallasimonlar va efemer oʻsimliklar, kuzda shoʻrak va shuvoqlar; qishda butalar novdasi va mevasi bilan oziqlanadi. J.ning oyoqlari ingichka, tez (soatiga 60 km gacha) yuguradi. Apr.—mayda 1—2 bola tugʻadi. Tutqinlikda yaxshi koʻpayadi, lekin uzoq yashamaydi. Goʻshti va terisi uchun koʻplab ovlanishi tufayli soni juda kamayib ketgan. Buxoro va Surxondaryoda J.ni koʻpaytirish uchun maxsus pitomnik (parvarishxona)lar tashkil etilgan. Xalqaro va Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil