Javdardagi ovchi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Javdardagi ovchi

"Javdardagi ovchi" (ingl. The Catcher in the Rye rus Над пропастью во ржи) Amerikalik yozuvchi Jerome David Salingerning romani. Asar Holden Kolfild nomidan yozilgan. Unda bosh qahramonning dunyoqarashi va hayotga boʻlgan munosobati ochiq shaklda bayon qilingan. Roman kattalar uchun moʻljallangan boʻlishidan qatʼiy nazar, yoshlar ichida katta muvaffaqiyatga erishdi. Asar dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan boʻlib, XX asrning ikkinchi yarmida jahon madaniyatiga ancha katta hissa qoʻshdi. Biroq hikoyada qoʻpol nutq mavjud boʻlgani uchun, AQSHda roman tanqid ostiga qoʻyilgan va uzoq vaqt ichida nashr etilishi taqiqlangan.


Tavsif[tahrir]

Roman 16 yoshli oʻsmir, Holden Kolfild nomidan yozilgan. U sil kasaliga duch kelib, sanatoriyda davolanishga majbur boʻladi.

Holden 1949 yil dekabr oyida sodir boʻlgan voqealar haqida gapirib beradi. Bosh qahramon Pensi maktabida oʻqigan. Ammo u oʻqish dasturini qoniqarli darajada oʻzlashtirmagani uchun, maktabdan haydalgan.

Holden Pensini tark etish arafasida turganda, turli xil ziddiyatlarga duch keladi. U qilichbozlik guruhining kapitani sifatida, musobaqaga Nyu-Yorkka boradi. Ammo sport jihozlarini metro vagonida unutib qoʻygani sababli, uning guruhi musobaqada ishtirok etish imkoniyatini yoʻqotadi. Bundan tashqari Holden Stredleyter ismli doʻsti bilan janjallashib qolishga ham ulguradi.

Holden maktabdan haydalgani haqida ota-onasiga xabar bermay, qishgi taʼtilgacha qolgan bir necha kunni, Nyu-Yorkdagi mehmonxonalarning birida oʻtkazishga qaror qiladi.

Tongda Holden Salli Heys ismli dugonasi bilan telefon taqmogʻi orqali bogʻlanib, uni teatrga taklif qiladi. Bundan soʻng u mehmonxonani tark etib, nonushta qilish uchun restoranga kiradi. U yerda Holden ikkita rohiba bilan tanishib oladi. Ularning biri adabiyot muallimasi boʻlgani uchun, Holden oʻqigan kitoblari haqida soʻz yuritadi. Xususan ular „Romeo va Julyetta“ asarini muhokama qiladilar.

Nonushtadan soʻng, Holden singlisi uchun „Kichkintoy Sherli Binz“ nomli plastinkani xarid qilish maqsadida, musiqa doʻkoniga boradi. Yoʻlda bir notanish bola qoʻshiq kuylab yurganini eshitib qoladi. Bu kuyda: „Agar sen kimnidir javdarda, kechqurun tutgan boʻlsang…“ degan ibora mavjud edi. Qoʻshiq Holdenning kayfiyatini ozgina bo`lsa ham koʻtaradi.

Holden Salli bilan spektaklga boradi. Alfred Lant va Linn Fontennlarning aktorlik mahorati tomoshabinlarni gʻoyat zavqqa solgan boʻlsada, Holdenni pyesa qoniqtirmaydi.

Soʻng ular yaxmalakka boradilar.U yerda Holden hayotidagi hamma narsadan naqadar nafratlanishini iqror qilib, oʻzi bilmagan holda Sallini ham xaqoratlaydi. Salli yigʻlab yuborib, ketib qoladi. Bundan keyin Holden Djeyn Gallaher ismli dugonasiga qoʻngʻiroq qilishga urinib koʻradi. Ammo goʻshakni hech kim koʻtarmaydi.

Kechga yaqin Holden Karl Lyuis ismli tanishini uchratib qoladi. Lyuis oʻzini doim takabbur tutuvchi talaba edi. Holdenning gaplarini eshitib, unga psixoanalitikga muroajaat qilishini maslahat beradi.

Bir oʻzi qolib, Holden markaziy tomoshabogʻga yoʻl oladi. Qish faslida koʻl boʻyidagi oʻrdaklar qayerga gʻoyib boʻlishi uni doim qiziqtirar edi. Yoʻlda Holden bilmagan holda singlisining musiqiy plastinkasini sindirib qoʻyadi.

Holden uyga borib kelishga qaror qiladi. Uning omadi keladi, uyda singlisi Fibidan tashqari hech kim boʻlmaydi. Lekin koʻp oʻtmay, Fibi Holdenni maktabdan haydab yuborishganligini fahmlaydi. Bu xabardan u hafa boʻladi. Holden singlisiga oʻzining orzulari haqida gapirib beradi.U notanish bolaning qoʻshigʻini ham eslaydi. (bu Robert Berns ismli shoirning sheʼri edi):

Tushunyapsanmi ? Men ulkan, javdar bilan qoplangan bogʻda oʻynab yurgan kichkina bolalarni tasavvur qildim. Mingdan ortiq kichkintoylar. Atrofda esa mendan tashqari hech kim yoʻq. Men qoyaning eng chetida turibman, jarning tepasida. Tushunyapsanmi. Bolalar jarga yeqilib tushmasliklari uchun, ularni vaqtida tutib olish mening vazifam. Tushunyapsanmi. Ular oʻyin-kulgu bilan band boʻlib, qayerga chopib ketishayotganini sezmay qolishadi. Men esa yugurib kelib ularni tutib olaman. Bu mening ishim. Javdar bilan qoplangan jarning ustida bolalarni qoʻriqlash. Bilaman bu ahmoqlik. Lekin bu, men haqiqatdan ham xohlayotgan yagona narsa. Men ahmoq boʻlsam kerak.

Kutmaganda ularning ota-onasi uyga qaytib kelishadi. Holden ular bilan uchrashishga tayyor emas boʻlgani uchun, berkinib olib, uydan sekin chiqib ketadi. Tunov qilish maqsadida, Holden maktabdagi adabiyot ustozi mister Antolinining xonadoniga boradi. Muallim Holdenni xushmuomalalik bilan kutib olib, uning muammolarini muhokama qilishga tushadi.

Tong otganda Holden Gʻarb tomon joʻnab ketishga qaror qiladi. Holden hatto singlisiga maktub yozib qoldiradi. Bu maktubda u Fibi bilan uchrashish niyatida ekanligini xabar qiladi. Fibi akasining rejalarini eshitib, u bilan birga ketmoqchi boʻladi. Lekin Holden uning iltimosini rad etadi. Natijada Fibi juda hafa boʻladi. Singlisiga rahmi kelib, Holden uydan ketish niyatidan qaytadi. Fibi bilan yarashib olish maqsadida, uni Markaziy tomoshabogʻdagi hayvonat bogʻiga oboradi. U yerda ot oʻyini ishlayotgan boʻladi. Holden singlisini unda uchib koʻrishga koʻndiradi. Birdan jala quyib yuboradi. Romanning oxirida Holden yomgʻir ostida qolib ketganidan qatʼiy nazar, singlisining ot oʻyinida uchayotganini zavq bilan tomosha qilib, nihoyat oʻzini baxtiyor his etadi.

Epilogda esa Holden bu hodisalardan keyin sodir boʻlgan voqealar haqida qisqacha gapirib beradi.

Yaratilish tarixi[tahrir]

  • Jerome Salinger Kolumbiya universitetida taʼlim olayotgan davrda "The Young Folks" (yosh yigitlar), nomli hikoya yozgan. Bu hikoyaning qahramonlaridan biri Salli Heysning timsoli edi.
  • 1941 yil "Slight Rebellion off Madison" (Medison-avenyudagi yengil isyonkorlik) nomli hikoya chop etildi. Keyinchalik bu kitob „Javdardagi ovchi“ning 17 bobiga aylangan. Unda Holdenning Salli bilan yaxmalakka borishi, hamda Karl Lyuisni uchratib qolishi taʼriflangan. Bundan tashqari "Slight Rebellion off Madison" da birinchi marotaba Holden Kolfild ismli qahramon paydo boʻlgan.
  • "I`m Crazy" (Men aqldan ozganman) nomli hikoyada esa Holden tarix muallimi bilan xayrlashishi, hamda maktabdan Nyu-Yorkka ketayotganda sinfdoshining onasini uchratib qolishi taʼriflangan.
  • 1949 yil The New Yorker jurnali Salingerning 90 betli qoʻl yozmasini nashr etishga qabul qildi. Bu hikoyada ham, bosh qahramonning ismi Holden Kolfild edi. Ammo keyinchalik muallif fikridan qaytib, qoʻl yozmani nashr etilishini taqiqlagan.
  • „Javdardagi ovchi“ni Little, Brown and Company nashriyoti 1951 yil chop etgan.


Omillar[tahrir]

  • 2005 yil Time jurnali „Javdardagi ovchi“ni, 1923 yildan boshlab, ingliz tilida yozilgan 100 ta eng yaxshi romanlar royxatiga kiritdi.
  • Modern Library nashriyoti esa, romanni XX asrning 100 ta eng yaxshi asarlari qatorida joy olishga loyiq deb topdi.
  • Taxminan Holden Kolfildning ismi "hold on a coal field" iborasidan kelib chiqqan. Bu ibora qisman romanning nomini toʻldiradi.
  • Asar Salingerning hayoti bilan zich bogʻlangan. Holden oilasini taʼriflayotganda, D.B. ismli akasi haqida gapirib beradi. U ham Salinger kabi roman va hikoyalar yozgan. Kolumbiya universitetida taʼlim olib, keyinchalik Gollivudga koʻchib ketgan. Bundan tashqari D.B. ikkinchi jahon urushi davrida, AQSH qurolli kuchlar majmuasida xizmat koʻrsatgan. Salinger esa Normandiya desant operatsiyasida ishtirok etgan.
  • Xuddi Holden kabi Salinger qilichbozlik guruhining kapitani boʻlgan.
  • Muallifni sharq falsafasi qiziqtirar edi. U nonkomformizm va individualizm tushunchalarini, turmush hayotda uchraydigan barcha muammolardan ustun qoʻygan. Salingerning hayotga boʻlgan munosabati, bosh qahramonning dunyoqarashi orqali romanda aks ettirilgan.

Davomi[tahrir]

2009 yil shvetsiyalik yozuvchi Fredrik Kolting, Djon David Kaliforniya taxallusi ostida "60 Years Later: Coming Through the Rye" nomli roman yozgan. Koltingning qahramoni 76 yoshli keksa. Mister K., qariyalar uyidan qochib ketib, Nyu-Yorkning koʻchalaridan sayr qilib yuradi. 2009 yil 1 iyunda, Salinger Koltinni adabiy oʻgʻirilikda ayblab, sudga daʼvo berdi. Shu yilning 1 iyulidan boshlab, roman AQSH va Kanada hududlarida chop etilishi, sud orqali taqiqlangan. Roman hozirgi kun Shvetsiya va Buyuk Britaniya davlatlarida qisman nashr etilgan.


Hayotga boʻlgan taʼsiri[tahrir]

Bir nechta qotilliklar roman bilan bogʻliq boʻlgan:

  • Roberd Djon Bardo ismli qotil, 3 yil davomida gollivud aktrisasi- Rebekka Shefferni izidan poylab yurib, 1989 yil uning hayotiga qasd qilgan. Bardo hibsga olingandan soʻng, politsiyachilar uning yonidan „Javdardagi ovchi“ kitobini topishgan.
  • 1980 yil 8 dekabr, Manxettendagi „Dakota“ binosining oldida Djon Lennon halok boʻlgan. Uning muxlisi Mark Chepmen bastakor tomon 5 marotaba oʻq uzgan. Politsiyachilar kelganda, Chepmen 72-chi koʻchaning yoʻlkasida oʻtirib, „Javdardagi ovchi“ romanini oʻqib oʻtirgan edi. Kitobning sarvaragʻida "To Holden Caulfield, From Holden Caulfield, This is my statement"(Holden Kolfildga, Holden Kolfilddan. Bu mening koʻrsatmalarim) deb yozilgan edi.

Madaniyatga boʻlgan taʼsiri[tahrir]

Londondagi roman nomi bilan atalgan mayxona

Rus tilida ijro etuvchilardan: Ирина Аллегрова „мы над пропастью во ржи“, Борис Гребенщиков „мама, я не могу больше пить“, Сплин „мне сказали слово“, Вася Обломов „УГ“, Вячеслав Малежик „Ты мне нравишься“, Krec „Под стук колес“, Animal ДжаZ „Давид“, Слот „Над пропастью во лжи“, Исток „Холден Колфилд не стал старше“, Сергей Трофимов „Когда окончится война“, Братья Грим „Место во ржи“, Стипл-чез „Спасите души“.

  • "South park " multfilmida ham romanga yoʻllanmalar mavjud.
  • Taniqli ingliz yozuvchisi Djon Faulz, baʼzi bir romanlarining bosh qahramonlari orqali „Javdardagi ovchi“ asarini muhokama qilgan.
  • „Conspiracy Theory“ (Mahfiy bitm nazariyasi) filmida qotillar guruhini oʻzaro bogʻlovchi boʻgʻim, „Javdardagi ovchi“ kitobi boʻlib chiqadi.
  • „27 Bob“ filmi Djon Lennonning qotili, Mark Chepmen haqida olingan.

Havolalar[tahrir]