Jaloliddin Manguberdi
|
|
Ushbu maqola yoki boʻlimni Jaloliddin manguberdi bilan birlashtirish taklif etiladi. (Munozara) |
Jaloliddin Manguberdi (arab. جلال الدين منكبرتي— Jalāl al-Dīn Menguberdī, toʻliq oti — Jaloliddin Abulmuzaffar Manguberdi ibn Muhammad) (1198—1231) — Xorazmshohlar davlatining soʻnggi hukmdori (1220-yildan), Alovuddin Muhammad II ning toʻngʻich oʻgʻli.
Jaloliddin Xorazmshohlar davlatining taxtiga otasi Muhammad IIning oʻlimidan soʻng oʻtiradi. Otasi Chingizxon tomonidan 1220-yilda magʻlubiyatga uchraganidan soʻng, Xorazmning moʻgʻullar bosqiniga qarshi kurashiga boshchilik qiladi. Xurosonda u oʻn ming atrofida askar toʻplaydi va Parvon yonida moʻgʻullarni magʻlub etadi. Lekin 1221-yilda Hind daryosi yonida boʻlib oʻtgan jangda Chingizxon Jaloliddinni magʻlub etadi. Shu bilan birga, uning oilasi qatl etiladi. U esa oʻzining omon qolgan toʻrt mingta askari bilan Hind daryosining narigi qirgʻogʻiga oʻtishga erishadi va Hindistonga qochadi.
Jaloliddin Hindistonda uch yil oʻtkazadi, keyin esa Kavkazga oʻtib oladi. 1224-yilda Eronga va Mesopatamiyaga yurish qiladi. Iroq, Fors, Gurjiston,Ozarbayjon va Armanistonni qoʻlga kiritadi. 1125-yilda Jaloliddin qoʻshinlari Ozarbayjonni, Gurjistonni va Armanistonni qoʻlga kiritishadi. 1226-yilda gurjilarning poytaxti Tbilisini qoʻlga oladi.
Keyingi yili (1227) Jaloliddin Ray atrofida moʻgʻullarni magʻlub etadi, keyin esa, Isfahon yonida ham ular ustidan ulkan gʻalabani qoʻlga kiritadi. Bu paytga kelib u ikki frontda jang olib borayotgan edi: Gʻarbiy Eronda — moʻgʻullarga qarshi, Kavkazortida — gurji va armanlarga qarshi. 1228-yilda xorazmshohga qarshi birgalikda Rum sultoni Alovuddin Kaykubod, Misr sultoni Malik Al-Komil va Kilikiya-arman qiroli Xetum I urush eʼlon qilishadi. Yerevan yaqinida Jaloliddin qoʻshini magʻlub boʻlishadi.
1230-yilda Jaloliddin Iroq qal’asi Xilotni qoʻlga kiritadi, lekin tezda Qayqubod va Malik Al-Komil tomonidan magʻlubiyatga uchratiladi. Toʻliq magʻlubiyatni O'qtoyxon tomonidan yuborilgan sarkarda Charmag'on oxiriga yetkazadi. Jangda ogʻir yaralangan Jaloliddin Kurdiston togʻlarida yashirinadi, 1231-yilda esa kurdlar tomonidan oʻldiriladi.
Hozirgi kunga kelib, Jaloliddin, oʻzbek va turkman xalqlarining milliy qahramoniga aylangan. Unga atab bir necha doston va asarlar yaratilgan.