Jahongir Muhammad

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jahongir Mamatovdan yoʻnaltirildi)
Jahongir Muhammad
Tavalludi 1-sentyabr 1955-yil (1955-09-01) (68 yosh)
Fuqaroligi Oʻzbekiston Qoʻshma Shtatlar
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti
Kasbi
  • Jurnalist
  • yozuvchi
  • tilshunos
Turmush oʻrtogʻi Rohila Qodirova
(1980-yildan)
Bolalari 4
Veb-sayti jahonnoma.com

Jahongir Mamatov (1955-yil 1-sentyabrda tugʻilgan) — siyosat arbobi, tilshunos olim, yozuvchi va jurnalist.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahongir Mamatov 1955-yilning 1-sentyabrida O'zbekistonning Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tugʻilgan. U 1972-yilda Samarqand tumanidagi 24-oʻrta maktabni tamomlagan.

1980-yilda oila qurgan. Toʻrt farzandi bo'lib, rafiqasi — Rohila Qodirova.

1973-1979-yillarda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida oʻqigan va 1981-yilga qadar tilshunoslik va jurnalistikada etika boʻyicha ilmiy izlanishlar qilgan.[manba kerak]

Mehnat faoliyatini 1973-yilda „Toshkent haqiqati“ gazetasida korrektorlikdan boshlagan. 1974-1979-yillarda respublika „Qishloq haqiqati“ gazetasida mas’ul kotib oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 1976-1978-yillarda Armiyada xizmat qilgan.

1979-1981-yillarda Oʻzbekiston radiosining qishloq xoʻjalik boʻlimida redaktor lavozimida ishlash bilan birga qishloq xoʻjalik va qishloq madaniyati muammolariga bagʻishlangan maxsus „Tabarruk zamin“ dasturiga muharrirlik qilgan.

1981-1982-yillarda Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Ulugʻbek davlat xoʻjaligida Madaniyat masalalari boʻyicha direktor oʻrinbosari boʻlib ishlagan.

1982-1985-yillarda Samarqand viloyat „Lenin yoʻli“ („Zarafshon“) gazetasining qishloq xoʻjaligi va „Partiya turmushi“ boʻlimlarini boshqargan.

1985-1990-yillarda „Sovet Oʻzbekistoni“ („Oʻzbekiston ovozi“) gazetasining Samarqand viloyat boʻyicha maxsus muxbiri boʻlib faoliyat koʻrsatgan. Ayni paytda „Mushtum“ jurnali va „Qishloq haqiqati“ gazetalarining jamotachi muxbiri boʻlgan. Shu yillarda uning mingdan ziyod fel’etonlari, tanqidiy va tahliliy maqolalari eʼlon qilingan. Baʼzi asarlari „Yoshlik“ almanaxi va „Begʻubor tong“, „Samarqandni titratgan 525 kun“ kitoblarida nashr etildi.

Qayta qurish yillarida oshkoralik muammolari haqida yozilgan „Qur’on va Qurol“, „Yonayotgan ayol“, „Yopiq eshikning ochilishi“ kabi turkum tahliliy ocherklari Oʻzbekiston hamda Ittifoq Jurnalistlar uyushmalarida birinchi oʻrinni egallagan.

1990-yilda 35 yoshli Jahongir Mamatovga „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist“ unvoni berilgan.

Shu yili u Samarqand viloyat Jomboy tumanidan Oʻzbekiston Xalq deputati etib saylangan. 1990-1993-yillarda u Oʻzbekiston Oliy kengashida Oshkoralik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari boʻlib ishlagan va „Matbuot haqida“gi ilk qonun loyihasining muallifidir. Oliy kengashda u „Tashabbus“ deputatlar guruhi faoliyatini boshqardi, Parlamentning „Xalq soʻzi“ gazetasini tuzish ishiga boshchilik qildi.

Oʻzbekiston Oliy kengashida 1990-yilning 20-iyunida Kengash kotibiyatining raisi etib saylangan Jahongir Mamatov mazkur sessiyaning kun tartibiga Oʻzbekiston Mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilish masalasini kiritishga muvaffaq boʻldi. „ERK“ va „Birlik“ taqdim etgan loyihalar asosida yangi bir loyiha yozish uchun tuzilgan besh kishilik komissiya tarkibiga kirga Mamatov sessiyada qabul qilingan Oʻzbekiston Mustaqillik deklaratsiyasi matnini yozgan edi.

Bekobod, Boʻka voqealaridan keyin Parkentda Mesxet turklari bilan yuz bergan qonli hodisalarni hukumatning oʻzi uyushtirganini iddao etgan Jahongir Mamatov safdoshlari bilan birga mazkur masalada Oliy kengash komissiyasini tuzdirishga muvaffaq boʻldi. Oʻzi ham mazkur komissiya tarkibiga saylanga Mamatov haqiqatdan ham Parkent voqealari ortida KGB turganini isbotlovchi hujjatlarni oʻrtaga chiqarishga muvaffaq boʻlgan va shundan keyin quvgʻinga uchragan.

Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti uni prezident Karimovni va Oliy sud raisini televideniye orqali haqorat qilishda ayblab ustidan ish ochish uchun ruxsat soʻrab Oliy kengash rayosatiga murojaat qildi, ammo deputatlarning faolligi bois bunday ruxsatni ololmadi.

U Oliy kengashda tashkil etishga kirishgan „Yuzma-yuz“ gazetasi bilan bogʻlab uning masalasi rayosatda muhokama etildi va yana hukumat oʻz maqsadiga erisha olmadi. 1991-yilning 17-avgust kuni demokratiya uchqunlarini oʻldirish uchun uyushtirilgan Davlat toʻntarishi — GKCHP jarayonidagi qonunbuzarliklarga qarshi u bir necha safdoshi bilan birga Oliy kengash binosi yonida Kommunistik partiya biletini yoqib, oʻz noroziligini oshkor bildirgan edi.

U Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining raisi etib saylanganda esa hukumat saylov natijalarini buzib eʼlon qilish bilan uning yoʻlini toʻsdi.

U ishlagan Oshkoralik qoʻmitasi Oliy kengashning qudratli kuchiga aylandi. Shu sabab ham Karimovning topshirigʻi bilan bir necha marta bu qoʻmitani yopishga urinishdi, ammo Jahongir Mamatov tarafdorlari bunga yoʻl bermadi.[manba kerak] Oxir oqibatda, Oliy kengash haqidagi qonunlar qoʻpol buzilgan holda bu qoʻmita yopildi. Ayrim manbalarga ko'ra, buning sababi Mamatovni chetlatish bo'lgan. Uni chetlatishgach, qoʻmita qayta ochilgan.

1991-yilda Jahongir Mamatov oʻz safdoshlari bilan birga prezident Karimovning diktatorona harakatlarini jilovlash masalasini Oliy Kengashning 7-sessiyasi kun tartibiga kirita oldi.

Tashabbuskor deputatlarning talabi bilan Oʻzbekiston prezidenti va Xalq deputatlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boʻlim ochildi va Jahongir Mamatov mazkur boʻlimga mudir boʻldi. Keyin u Oʻzbekiston televideniyesiga rahbar etib tayinlandi.

1992-yilning 16-yanvarida Toshkent talabalar shaharchasida yuz bergan qonli voqealardan keyin mazkur hodisalarni Oʻzbekiston televideniyesida oshkora yoritish imkoniyatlari cheklangani va mamlakatda diktatura oʻrnatilganini eʼlon qilib u oʻz vazifasidan isteʼfo berdi. Bu voqea Oʻzbekiston tarixida hukumat tarkibida turib, hukumatga norozilik bildirgan, diktatura oʻrnatilganini ochiq, yozma ravishda eʼlon qilib oʻz vazifasidan isteʼfo etgan ilk voqea edi.

Jahongir Mamatov oʻzbek demokratik muxolifatini birlashtirib diktaturaga qarshi turishga yoʻnalib 1992-yil 2-mart kuni ERK partiyasi binosida oʻtgan Oʻzbekiston Demokratik kuchlari forumining tashkilotchilaridan biri boʻldi.

Jahongir Mamatov shundan keyin nohukumat „Turon“ tashkilotiga prezidentlik qildi. Garchi qonunlarda tashkilotni yopish vakolati sudga berilgan boʻlsa-da qonunlar oyoqosti qilingan holda Adliya vazirligining hukmi bilan shoshilinch tarzda bu tashkilot bekitildi, mol-mulki musodara qilindi.

Jahongir Mamatov shu davrda Karimovning qilmishlari haqida „Saroy oʻyinlari“ kitobini yozdi. Bu kitobning qoʻlyozmalari hukumat tomonidan musodara qilinganiga qaramay uning nusxalari tarqalib ketdi va ERK gazetasining 1994-yilgi sonlarida nashr etildi ham.

1993-yilning 3-yanvard Mamatov ERK partiyasining mafkura masalalari boʻyicha kotibi va „ERK“ gazetasining Bosh muharriri etib saylandi. Bundan hukumat vahimaga tushdi.

1993-yil 6-yanvarda ERK partiyasi binosi yaqinida u suiqasddan qutulib qoldi. Voqeaning keyingi kuni Moskvada chop etiladigan „Izvestiya“ gazetasida Lebedeva imzosi bilan chiqqan maqolada suiqasd ortida hukumat turgani yozilgandi.

1993-yil 7-fevralda hukumat qonunga xilof ravishda u bosh muharriri boʻlgan gazetani yopdi.

1993-yil 13-fevralda uning Toshkentdagi uyi tortib olindi va u kuch bilan Samarqandga koʻchirildi.

1993-yil 21-mart sanasida Mamatov Ozarbayjonda oʻtkazilishi kerak boʻlgan Turk dunyosi qurultoyiga ERK partiyasining vakili sifatida yoʻl oldi. Qurultoy Turkiyaga koʻchirildi va u mazkur qurultoyda ERK partiyasi va rahbariyati boshiga kelgan qatagʻonlar, Oʻzbekistonda diktatura avj olgani haqida bayonotlar tarqatdi. Mamlakatga qaytishi bilan 1993-yil 17-aprel kuni u Samarqandda qoʻlga olindi.

Jahongir Mamatovning xalq orasidagi obroʻyidan qoʻrqqan hukumat bu ishni amalga oshirish uchun shu kuni Samarqandga respublika Bosh prokurori Boʻritosh Mustafoyev, Adliya vaziri Alisher Mardiyev, Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovni yubordi va viloyat hokimi Poʻlat Abdurahmonov boshchiligida maxsus amaliyot oʻtkazilib Jahongir Mamatov va uning qarindoshlari, doʻstlari qoʻlga olindi. U bilan tanish boʻlgan juda koʻplab shaxslar hokimiyat tizimlaridan chetlatildi. Uning deputatlik vakolati toʻxtatildi.

Mamatovning turmush o'rtog'i Rohila Qodirovaga eridan voz kechish va bu haqda matbuotga maqola yozish talabi qoʻyildi. Qodirova buni rad etdi. Tintuv paytida oʻzlari pasportini olib ketganlari holda toʻrt farzandning onasini pasport rejimini buzganlikda ayblab sud qilishdi va ikki yil jazo berishdi.

1993-1994-yillar orasida Jahongir Mamatov Ozarbayjon, Turkmaniston, Gurjiston davlatlarida yashagan. „ERK“ gazetasinng xorijdagi bir qancha nashriga jamoatchilik asosida, haq olmay muharrirlik qildi. Keyinchalik „Harakat“ jurnaliga ham xayrihoxlik asosida yordam berdi.

Oilasini ham Oʻzbekistondan olib chiqqandan keyin 1994-yildan eʼtiboran Turkiyada yashay boshlagan Jahongir Mamatov 1994-1998-yillarda Istanbul shahridagi Koch universitetida, „Turkiya“ gazetasida ishlash barobarida BBC Jahon xizmatining Oʻzbek boʻlimiga muxbirlik qildi va „Ozodlik“ radiosining ham hamkori boʻldi.

U xorijga chiqqandan keyin Karimov shaxsi va rejimining mohiyatini ochib tashlagan „Quvgʻin“ romanini yozdi. Bu kitob Oʻzbek adabiyoti tarixida sodda va yangi uslubda yozilgan hamda qoʻlma-qoʻl oʻq’ilgan, turli yoʻllar bilan qishloqlarga qadar yetib borgan asar boʻldi.

1995-yilda Oʻzbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati talabi bilan Oʻzbekiston Oliy Sudi uni „ERK“ gazetasini xorijda chop etganlikda, prezidentni haqorat qilganlikda, izn olmay mamlakatdan chiqib ketganlikda aybladi. Shu zayl uni konstitutsiyaviy tuzumni agʻdarishga urinish kabi uydirma bilan ayblab qidiruv eʼlon qildi.

Shundan keyin rejim Jahongir Mamatovni yoʻqotish uchun xorijga uch marotaba suiqasdchilarni yubordi. Uning hayoti Turkiyada ham xavf ostida qoldi. U Turkiya hukumatining bosimiga uchradi va 1998-yilning fevral oyida BMTning qochqinlar komissarligi orqali AQSHdan siyosiy boshpana oldi.

2000-yilda Oʻzbekiston Oliy sudi yana bir marta ajrim chiqarib, uni qidiruvda deb eʼlon qildi va 2001-yil may oyida uning opa-singillari, yaqinlari toʻhmat qilan qamoqqa olini.[manba kerak]

Bunga qadar uning koʻplab kitoblari nashr etildi. AQShda u jurnalistik faoliyatini davom ettirdi va 1999-2004-yillarda „Amerika ovozi“ radiosining Oʻzbek xizmatida ishladi. Ilgari tinglovchilari deyarli boʻlmagan radioni Oʻzbekistonda BBC va Ozodlik radiosi darajasiga koʻtardi. Ayni paytda u AQShda chet tillar maktablarida Oʻzbek tilidan dars berdi va 2001-yildan eʼtiboran Xalqaro tilshunoslik markazida katta ilmiy xodim vazifasida ishlab kelmoqda.

2005-yilning 23-may kuni Jahongir Mamatov Oʻzbek muxolifatini birlashtirish murojaati bilan chiqdi va uzoq yillardan keyin ilk bor 2005-yilning 11-iyulida muxolifat liderlari va faollarini bir joyga toʻplashga muvaffaq boʻldi. Shu yilning 25-sentyabrida uning tashabbusi bilan Demokratik Oʻzbekiston Kongressi mustaqil nohukumat tashkiloti sifatida shaklanganini eʼlon qildi va 2009-yilga qadar bu tashkilotni boshqardi.

Shundan beri u siyosiy faoliyat bilan emas, balki ilmiy hamda ijodiy faoliyat bilan band.

Jahongir Mamatov 30 ga yaqin kitoblarning muallifidir. Uning AQSh, Turkiya, Ozarbayjonda ham bir qancha kitoblari nashr etilgan.

Uning kitoblari AQSH Kongressi kutubxonasi katalogiga kirgan.

Ammo uning asarlari oʻzi mustaqilligi uchun kurashgan Vatani — Oʻzbekistonda taʼqiqlangan. U tilshunoslik borasida AQShda nashr etilgan toʻrtta yirik kitobning ham muallifidir.

Tanqid[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mamatov Islom Karimov komandasi tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Kitoblari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad oʻzbek va ingliz tillarida 40 ga yaqin kitoblar va toʻplamlar yozgan.[1] Uning bir qancha kitoblari boshqa tillarga, jumladan rus, ingliz, nemis va turk tillariga oʻgirilgan.

  • IAK
  • Karimovning kashfiyotlari
  • Oʻzbeklar va oʻzbeklar
  • Oqsaroy sirlari
  • Zehniyat jumbogʻi
  • Qatagʻon
  • 2006-yil
  • Hayqiriq
  • Tarixni titratgan kunlar
  • Quvgʻin-1
  • Quvgʻin-2
  • Quvgʻin-3
  • Assasin
  • 220 latifa
  • Ankabut: Siyosiy latifalar
  • Kulmagan elning baxti ham kulmaydi
  • Aldarkoʻsa taxtga minganda
  • Karimovning 100 kuni
  • Ozodlikning olovli yoʻli
  • Ishoratlar
  • Oltinchi qavat
  • Turonzamin faryodlari
  • Yaqin moziy
  • Siam egizaklari
  • Panjaralar
  • Ikkinchi front
  • Samarqandni sogʻinib
  • Vatan mansiz…
  • Oʻzligim
  • Havzi qulqulum
  • Nurnoma
  • Shahidlar mozori
  • Islom lashkarlari
  • 60 ning 60 lahzasi
  • Dictionary of Central Asian Islamic Terms
  • Uzbek Islamic Debates
  • Tajik-English Dictionary
  • The Dark Days
  • Comprehensive Uzbek-English Dictionary

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Tarjimai hol“ (uz). jahonnoma.com. Qaraldi: 2019-yil 21-oktyabr.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „IAK“
  2. Ahmadjon Muxtorov: „Soʻz mulki Jahongirligiga daʼvogar“
  3. Yodgor Obid: „Otash qalb uchqunlari“
  4. Gulchehra Nurullayeva: Munosabat
  5. Abdurahim Polatov, „Nur yoʻli“
  6. „Birlik“: „Ozodlikning olovli yoʻllari“
  7. Xalq deputati guvohnomasi
  8. ERK partiyasi guvohnomasi
  9. Prezident devoni guvohnomasi
  10. Amerika ovozi" hujjatlari
  11. Yilning eng yaxshi jurnalisti. Mukofotlar. VOA — „Tun in“, December, 2000, vol.4 No.6 page 6
  12. Amerika hukumatining siyosatini ifodalagan bosh maqola, 30-May, 2001-yil („Repression in Uzbekistan“, BBG-IBB-VOA-editorial=0-09287 5/30/2001)
  13. Amerika hukumatining siyosatini ifodalagan bosh maqola, 8-Avgust, 2001 („Repression in Uzbekistan continues“, BBG-IBB-VOA-editorial=0-09394 8/21/2001)
  14. Inson huquqlari masalalarini yaxshi yoritganligi uchun mukofotlar: 2001; 2002; 2003; 2004-yillar
  15. Nasratulla Laheb, „Interviews by Jahangir Muhammad“ 2001
  16. BBC: „Exiled writers“, Bi-bi-si
  17. „Generalning iqrori“, Bi-bi-si
  18. Muhammad Solih, „Xalq irodasi“, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1990yil, 29 Iyun.
  19. Rasim Ekshi: „Dr. Baymirza Hayit armagʻani“, Istanbul, 1999, ISBN 975-7893-15-3
  20. Arslan Tekin, „Bir Turan Yolchisi“, Istanbul, 1996, ISBN 975-7893-11-0

Istanbul, 1999, ISBN 975-78-15-3

  1. Abduvali Vohidov, „Zagovorshiki“, „Trud“ gazetasi, 1995-yil, 19 May.
  2. Zaynutdinov, X.A. Oʻzbekiston MXX Tergov boshqarmasining boshligʻi, „Ayblov fikri“, 12 Sentyabr, 1994-yil.
  3. Oʻzbekiston Oliy Sudining hukmi, 2000-yil
  4. Zayniddin Asqarov Bayonoti

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]