Ishlov beruvchi sanoat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ishlov beruvchi sanoat - sanoat va qishloq xoʻjaligi xom ashyosiga ishlov beruvchi yoki uni qayta ishlovchi sanoat tarmoklari majmui. Mehnat predmetlari bevosita tabiatda boʻlgan undiruvchi (undirma) sanoatdan farqli ravishda Ishlov beruvchi sanoatda inson mehnati sarflanib yara-tilgan mehnat mahsulotlariga ishlov beriladi. Ishlov beruvchi sanoatga qora va rangli metallar, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari, mashina va uskunalar, yogʻochni qayta ishlash, sellyuloza-qogʻoz, sement va b. qurilish materiallari, yengil va oziqovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar, shuningdek, sanoat mahsulotlarini taʼmirlash korxonalari kiradi. Ishlov beruvchi sanoat kengaytirilgan takror ishlab chiqarish bazasi boʻlib, ijtimoiy mehnat unumdorligi oʻsishini taʼminlaydi. Jami sanoat mahsulotlari xajmida Ishlov beruvchi sanoat hissasi mamlakat industrial taraqqiyoti darajasini va sanoat tarmoq tuzilma-sining ilgʻorligini aks ettiradi. Oʻzbekistonda Ishlov beruvchi sanoat ning paxta tozalash, yogʻ-moy tarmoqlari 19-asrning 2-yarmidan, mashinasozlik, metallga ishlov berish, kimyo, toʻqimachilik tarmoqlari 20-asrning 20—30-yillardan boshlab barpo etila boshladi.

Rivojlangan davlatlardan AQSH, Yaponiya, GFR, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanadada I.b.s. taraqqiy etgan (qarang Sanoat).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil