Ish haqi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ish haqimehnatga pul shaklida toʻlanadigan haq; qiymatning oʻzgargan shakli, ish kuchi (taqdim etilgan mehnat xizmati)ning bahosi.[1] Ish kuchi qiymati va narxi bevosita ish haqida ifodalanadi. Ish haqi darajasi mehnat bozorida kelishiladi. Xodim mehnat bozorida mehnatni emas, oʻz ish kuchini sotadi. Ish haqi mehnatning pul shaklidagi bahosi boʻlib, uni ishga yollovchilar (korxona, muassasa, tadbirkor) mehnat qiluvchilarga maʼlum vaqt mobaynida maʼlum miqdordagi va muayyan sifatli ishni bajarganliklari uchun toʻlaydilar. Yollanma xodim uchun ish haqi asosiy daromadi manbai hisoblanadi.

Ish haqi — yollanma xodim daromadining asosiy manbai, unga tegishli ish qobiliyatiga boʻlgan mulkchilik huquqini iqtisodiy jihatdan roʻyobga chiqarish shakli. Shu bilan birga ish beruvchi uchun yollanma xodimlar mehnatiga toʻlanadigan haq ishlab chiqarish harajatlarining unsurlaridan biri. Ish beruvchi mehnat resurslaridan ishlab chiqarish omillaridan biri sifatida foydalanish uchun uni xarid qiladi.

Vaqtbay va ishbay ish haqi[tahrir]

Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mehnatning miqdori va sifatiga qarab mehnatga haq toʻlashning, asosan, vaqtbay va ishbay tizimlari qoʻllaniladi. Vaqtbay ish haqi shaklida xodim oladigan ish haqi miqdori ishlagan vaqt bilan bogʻliq boʻladi, yaʼni ish haqi miqdori mehnat unumdorligi va intensivlik darajasiga bogʻliq emas. Ishbay ish haqi xodimning maʼlum vaqt mobaynida tayyorlangan mahsuloti miqdori bilan oʻlchanadi. Ishbay ish haqining koʻrinishlaridan biri — akkord ish haqi. Bunda jamoa yoki ayrim xodimga ish hajmi oldindan belgilab beriladi, umumiy haq summasi kelishib olinadi. Ish butunlay yakunlanganidan keyin ish haqi oxirigacha toʻlanadi. Ish haqining bunday shaklidan koʻpincha qurilishda foydalaniladi. Bulardan tashqari aksar mamlakatlarda ish haqidan tashqari mehnatda erishgan yutuqlari uchun mukofotlash ham mavjud. Bular vaqtbay mukofot, ishbay mukofot tizimlari hamda korxonada olingan foyda hisobidan ajratiladigan moddiy ragʻbatlantirish fondidan mukofotlash tizimidir.

Nominal va real ish haqi[tahrir]

Ish haqi miqdori yollanma xodimlarning turmush darajasini ifodalovchi koʻrsatkichdir. Nominal va real ish haqi koʻrsatkichlari mavjud. Nominal ish haqi yollanma xodimning oʻz mehnati evaziga olgan pul daromadalari. Real ish haqi xodimning olgan ish haqiga qancha va qanday isteʼmol buyumlari sotib olishi va madaniy-maishiy xizmatlardan foydalanish mumkinligini koʻrsatadi. Boshqacha aytganda real ish haqi — bu nominal ish haqining „xarid etish“ qobiliyati. Real ish haqi boshqa sharoitlar bir xil boʻlganda, nominal ish haqiga toʻgʻri mutanosibdir va isteʼmol buyumlari va xizmatlar narxining darajasiga teskari mutanosibdir.

Ish haqi stavkasi[tahrir]

Odatda, mehnat bozorida ish kuchiga muvozanatli narx shakllanadi. Bu narx ish haqi yoki ish haqi stavkasi deb ataladi. Mehnat birligining bozor narxi ish haqi miqdori (stavkasi) boʻlib, lavozim okladi tarzida yoki shartnomaga muvofiq belgilab qoʻyiladi, lekin mamlakatda qonun bilan belgilangan eng kam ish haqi darajasidan oz boʻlishi mumkin emas. Shuningdek, ish haqi miqdori muayyan vaqt birligi (soat, kun, hafta, oy) ichida bajariladigan va muayyan kasb-malaka xususiyatlariga ega boʻlgan mehnatga toʻlanadigan haq darajasini belgilaydi.

Ish haqining vazifasi[tahrir]

Ish haqining asosiy vazifasi ishlab chiqarishning bevosita qatnashchisi boʻlgan xodim hamda uning oila aʼzolarining hayot va mehnat faoliyati sharoitlarini taʼminlashidan iborat. Qiymatning mehnat nazariyasi ish kuchini alohida, oʻziga xos tovar deb hisoblaydi. Shu sababli, bu nazariya ish haqini tovar boʻlgan ish kuchi qiymatining oʻzgargan shakli, yaʼni uning puldagi ifodasi deb hisoblaydi va uni ish kuchini takror ishlab chiqarishi uchun zarur boʻlgan tirikchilik vositalari qiymati tarzida taʼriflaydi. Ish haqiga ish kuchi qiymatining puldagi ifodasi sifatida qarash aniq mehnat bozorida ish haqi darajasiga talab va taklif omillarining taʼsirini hisobga olmaydi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar mehnat bozorida real ish haqining oʻrtacha darajasi yashash uchun zarur tirikchilik vositalari minimumiga qaraganda ancha yuqori darajada turadi.

Ish haqiga taʼsir koʻrsatuvchi omillar[tahrir]

Bozor iqtisodiyoti sharoitida ish haqi xajmiga bir qator bozor omillari (tovarlar va xizmatlar bozorida talab va taklif oʻzgarishlari, mehnatga boʻlgan talab narxining oʻzgaruvchanligi, isteʼmol tovarlari va xizmatlar narxi oʻzgarishi va boshqalar) va bozordan tashqari omillar taʼsir koʻrsatadi, buning natijasida mehnatga haq toʻlashning muayyan darajasi vujudga keladi.

Ish haqini tartibga solish[tahrir]

Rivojlangan mamlakatlarda ish haqini tashkil etish (ish haqi miqdori, mehnat miqdori va sifati bilan unga toʻlanadigan haq miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlash, mehnatni meʼyorlash, tarif tizimi va boshqalar) va tartibga solishda davlat muhim rol oʻynaydi. Ularda tarixan ish haqini tashkil etish va tartibga solishning markazlashgan davlat tizimi va markazlashmagan tizimi qaror topgan. Ish haqini tartibga solishning markazlashmagan tizimi xususiy mulk egalari yoki jamoa mulkdorlar hamda kasaba uyushmalari, aksiyadorlik jamiyatlari, kooperativlar va boshqalar tomonidan amalga oshiriladi.

Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxonalar va tashkilotlar uchun umumiy va majburiydir.

Ish haqini davlat tomonidan tartibga solish va tashkil etishning muhim unsuri tarif tizimi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mamlakat boʻyicha hukumat belgilagan, asosan ishchi va xizmatchilar ish haqini tashkil qilishda foydalanishi uchun tavsiya etiladigan yagona tarif tizimi (setkasi) amal qiladi, korxona (tashkilotlar)lar yagona tarif setkasi asosida oʻz tarif setkasini ishlab chiqish va razryadlar sonini belgilash huquqiga ega.

Oʻzbekistonda dastlab 1993-yil 1-yanvardan 28 ish haqi razryadlariga boʻlingan va 0—28 razryadlar oʻrtasida tarif koeffitsiyentlari farqi 14,28 boʻlgan yagona tarif stavkalari joriy qilindi. 1996-yil 1-sentabrda esa ish haqi razryadlari 22 ta va 0—22 ish haqi razryadlari oʻrtasida tarif koeffitsiyentlari farqi 5,998 boʻlgan yangi yagona tarif setkasi qabul qilindi. Yagona tarif stavkasi xodimlarning barcha kasb-malaka guruhlari boʻyicha tarif stavkalari va maoshlari nisbatini belgilashda mehnat tafovutlariga baho berishga yagona yondoshuvni taʼminlaydi.

Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi 3 asosiy yoʻnalishda amalga oshiriladi: 1) davlat tomonidan ish haqi minimumi (eng kam ish haqi miqdori) belgilanadi. Inflyatsiya jarayonida eng kam ish haqini indeksatsiyalash hukumatning maxsus qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi; 2) korxonalarda ishlovchi xodimlarning barcha toifalari uchun oʻrtacha ish haqining ortib borishi maʼlum darajada cheklanadi. Davlat bu usuldan tanglik holatlarida inflyatsiya surʼatlarini pasaytirishda foydalanadi; 3) ish haqining oʻrtacha ortib borishiga qarab ortib boruvchi soliq stavkalari belgilanadi. Bu eng yuqori ish haqi darajasining oʻsishiga taʼsir koʻrsatish va uni iqtisodiy usullar bilan cheklash imkonini beradi.

Yollanma xodimlar ish haqini davlat yoʻli bilan tartibga solish aholining eng kam taʼminlangan qatlamlari — yoshlar, malakasiz xodimlar, mehnat qobiliyati cheklanganlar va boshqalarni ijtimoiy himoya qilishda, inflyatsiya, real ish haqining pasayishini cheklashda muhim ahamiyatga ega.

Manbalar[tahrir]

  1. Musayeva, Yusupov, Zamira; Yusupov, Qodirjon (2000-2005). "Ish haqi". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 

Havolalar[tahrir]