Ibn Taymiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ibn Taymiya, Taqiy ad-din Ahmad (1263, Harron, Suriya — 1328, Damashq) — hanbaliylik mazhabiga mansub faqih va ilohiyotchi olim. 1269 y. otasi oilasi bilan Damashqqa koʻchib oʻtadi. I. T. dastlab otasi asos solgan Sukkariya madrasasida taʼlim oladi, soʻng 21 yoshida shu madrasaga oʻzi mudarrislik qiladi. 1296 y. Damashkdagi Hanbaliya madrasasida saboq berdi. 1306—12 y. larda Misrda yashadi. Shu davrda u Misr ilohiyotchilari bilan keskin bahslar yuritdi va natijada 2 marta zindonga tushdi. 1313 y. Damashqqa qaytib yana mudarrislik faoliyatini davom ettirdi. Ammo, bu yerda ham 1321 va 1326 y. zindonga tushadi va tutqunlikda vafot etadi.

I. T. oʻz dunyoqarashi boʻyicha hanbaliylik mazhabining salafiya oqimiga mansub edi. U Muhammad (as) sahobalarining fikrlarini 4 mazhab asoschilarining taʼlimotlaridan ustun qoʻyish, ijtihod masalasida esa Qurʼon va hadis matnlari bilan cheklanish tarafdori edi. I. T. islomning "sof" ligi uchun kurashib, falsafa, kalom (xususan, ashʼariylar) ni, avliyolarga sigʻinish va Muhammad(as) qabrini ziyorat qilishni keskin qoraladi. Siyosat bobida I. T. davlat va dinning birligi gʻoyasini targʻib etdi. I. T. yozgan ilmiy va diniy asarlar oʻrta asrlar islom merosining tarkibiy qismini tashkil etadi va hamma tomonidan eʼtirof qilinadi. Ammo ayni vaqtda hanbaliylik taʼlimotining toʻda shakllanishida katta xizmat qilgan bu asarlar Yaqin Sharq tarixining keyingi davrlarida islom oqimlari uchun nazariy asos rolini oʻynay boshladi. Hanbaliylarga xos ijtimoiy-siyosiy faollik I. T. asarlarida yuqori darajaga koʻtarilganining sababi shundaki, u davrda Suriya (Shom) dan sharqda joylashgan yerlar moʻgʻullar qoʻl ostida, ammo aholisi musulmon edi. Hatto Eron va Irokda hukmron boʻlgan ilxonlar (xulaguiylar) ham islomga kirgandilar. Lekin I. T. ularni haqiqiy musulmon deb hisoblamas, ularga qarshi jihodga daʼvat etardi. I. T. gʻoyalarini keyinchalik bir necha diniy-siyosiy harakatlar, jumladan, vahhobiylar kengaytirdilar va islomda eng keskin taʼlimotni barpo qildilar. I. T. asarlaridan vahhobiylar oʻzlarining gʻarazli maqsadlarida foydalanadilar (qarang Vahhobiylik). Shunga qaramay I. T. asarlarida islomiy mafkuraning Ahli Sunna yoʻnalishiga va huquqshunoslikka oid muhim maʼlumotlarni ham uchratish mumkin.