Hol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hol (tilshunoslikda) — gapning ikkinchi darajali boʻlaklaridan biri boʻlib, ish-harakatning belgi-sifatini, uning bajarilish usulini, shu bajarilish bilan bogʻliq boʻlgan oʻrin, payt, sabab, maqsad, shart-sharoit, miqdordaraja kabi xususiyatlarini koʻrsatadi. Hol ravish, feʼl, ot, sifat, son, olmosh kabi soʻz turkumlari bilan, shuningdek, taklidiy soʻzlar bilan ifodalanadi: Odil uyalganidan qizarib ketdi (Oybek); Sulaymonov tantanali ravishda knopkani bosdi (Abdulla Qahhor); Yetti oʻlchab, bir kes (maqol). Ravishning barcha turlari hol vazifasida kela oladi. Feʼlning ravishdosh, sifatdosh shakllari hol vazifasida keladi. Masalan, Saida kulib soʻzladi. Anvar jilmaygan holda kirib keldi. Oʻzbek tilida hol mazmun jihatdan 8 xil boʻladi: Tarz hol — ish-harakatning bajarilish holati, usuli va sifatini bildiradi, odatda feʼlga bogʻlanadi: Ular juda sekin yurishdi (Oybek). Miqdor-daraja holi — ishh-arakatning bajarilish darajasini, shu bajarilish bilan birga bogʻliq boʻlgan miqdorni bildiradi: Koʻp oʻyla, oz soʻzla (maqol). Sabab holi — harakat, holat yoki belgining roʻy berish saba-bini bildiradi. Bunday hollar feʼl bilan ifodalangan boʻlakka ham, ot bilan (keng maʼnoda) ifodalangan boʻlakka ham bogʻlana oladi: Qolaversa, k ye n -jaukamizga jonimiz kuyganidan keldik (Odil Yoqubov). Oʻsha oqshom men andak sharob ichganim uchun kayfiyatim yaxshi edi (Robindranat Tagor). Maqsad holi — harakat, holat yoki belgining roʻy berishidagi maqsadni anglatadi: Sizni deb bu yerga keldim, Yoʻlchi aka (Oybek). Shart holi — harakat, holatning biror shart asosida roʻy berishini bildiradi: Ishlasa, tishlaydi. Toʻsiqsizlik holi — harakat, holatning roʻy berishiga toʻsiq boʻla olmagan shartni bildiradi: U koʻrsa ham oʻzini koʻrmaslikka soladi. Oʻrin holi — harakat va holatning roʻy berishi, boshlanish, yoʻnalish oʻrnini va bu yoʻnalishdagi soʻnggi nuqtani bildiradi: Stansiyadan temiryoʻlchilar, shahardan hasharchilar yetib keldi (Asqad Muxtor). Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-tarozu (maqol). Payt holi — harakat, holatning roʻy berish vaqtini anglatadi: Erta-indin bu yerlar qam chamandek yashnaydi (Sharof Rashidov).

Soʻnggi yillarda hol boʻyicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari holning maʼno (mazmun) turlari keragicha taqlil qilingan boʻlsa-da, uning grammatik tabiati chuqur va atroflicha tavsif etilmaganligini koʻrsatadi. Amalga oshirilgan tadqi-qotlar ham holning faqat nutqiy koʻlamdagi tashqi belgilari, maʼnosi, vazifasi hamda ifodalanish xususiyatlarini talqin qilishga bagʻishlangan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ubayeva F., Hozirgi oʻzbek adabiy tilida hol kategoriyasi, Toshkent, 1971.
  • Oʻzbek tili grammatikasi, 2-jild, Sintaksis, Toshkent, 1976.