Haydarkoʻl

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Haydarkoʻl
40°55′0″N 66°45′0″E / 40.91667°N 66.75000°E / 40.91667; 66.75000 G OKoordinatalari: 40°55′0″N 66°45′0″E / 40.91667°N 66.75000°E / 40.91667; 66.75000 G O
Haydarkoʻl 2007-yilda
Haydarkoʻl 2007-yilda
MamlakatOʻzbekiston Oʻzbekiston
Dengiz sathidan balandlik247 m
Yuzasi3 000 km²
Hajmi44,3 km³
Shoʻrlik1,5-2 ‰
Aydarkoʻlning 2022 yilgi suniy yoʻldoshdan olingan surati

Haydarkoʻl (Haydar koʻli va Aydar koʻli deb ham nomlanadi) — Nurota tizma togʻlarining shimoliy etagidagi koʻl. Haydarkoʻl 1960-yillar oxirida asosan Janubiy Qozogʻistonning Chordara suv omboridan oqib kelgan ortiqcha suvlar hisobidan paydo boʻlgan.

Koʻl Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan. Haydarkoʻl Shimoliy qirgʻoqlari Sharqiy Qizilqumga tutashadi.

Koʻlning uzunligi 159 km, eni 26 km. 2005-yilda Haydarkoʻlda 44,3 km³ suv boʻlgan. Hozirgi kunda koʻlning hajmi taxminan 3000 km² ni tashkil qiladi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1969-yilgacha Haydar shoʻrxogi (botigʻi)da mayda shoʻr koʻllar va shoʻrlar keng tarqalgan edi. Ayrim olimlar Haydar shoʻrxogini Sirdaryoning qadimiy oʻzani deb hisoblaydi.[1] 1968—69-yillarda yogʻingarchilikning haddan tashqari koʻp boʻlishi tufayli Sirdaryo oqimining bir qismi (qariyb 21 km³) Chordara suv ombori va Arnasoy orqali Aydar botigʻiga oqizildi, chunki Orol dengiziga oqizish uchun shuncha suv Sirdaryo oʻzaniga sigʻmas edi. Haydarkoʻl shu tariqa tashkil topdi.[2]

1968 — 1969 yillarda qish juda qattiq keldi. Qahraton sovuq 40-50 sm. bo‘lib yoqqan qorlarning erishiga yo‘l qo‘ymadi.

Selsiy bo‘yicha ko‘rsatkich 25-30 daraja sovuqqa yetganda qorning qalinligi 60-70 sm.ga yetdi. Odamlar ayniqsa, chorvasi ko‘p xo‘jaliklar sarosimaga tushib qoladi. Forish tuman rahbarlari qo‘shni tuman rahbarlari bilan bog‘lanib, amaliy yordam so‘rab murojaat qilishadi. Tez fursatlarda buldozer va 2 ta zanjirli traktorlar yem-xashakka to‘ldirilib, yordamga yetib kelishadi. Qishning avji sovug‘i mart oyining 15-20 sanalariga qadar davom etardi. Navro‘z bayrami arafasida janubdan iliq havo epkinlari esa boshlagach qorlar issiq qozonga sariq yog‘ni solganday jadal eriy boshlaydi. „Kaftday“ jilg‘a oquvchi joydan „bir quloq“ suv oqardi. Qish bo‘yi muzlagan yer buncha ko‘p suvni o‘ziga singdira olmaydi. Daryolarning, suv omborlarining suv satxi sezilarli darajda ko‘tariladi. Bu paytda aholini toshqin xavfidan asrash maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat rahbarlari kelishib, „Chordara“ suv omboridagi ortiqcha suvni „Qizilqum“ cho‘lidagi „Aydar“ botig‘iga yo‘naltirishga qaror qilishadi.

Davrining tajribali cho‘ponlaridan bo‘lgan Borli aka Quvonov Aydar ko‘lining paydo bo‘lishi haqida quyidagicha xotirlagandi.

— „Aydar“ botig‘ining atrofida tumanimizning qo‘y-echkilari boqilardi. Bir kuni qo‘ra-qo‘tonlarimiz ustidan ikki qanotli samoliyot pastlab uchib, bir to‘p xat tashlab o‘tadi. Xatni o‘qib ko‘rsak, odamlar zudlik bilan chorva mollarini „Aydar“ botig‘idan olib ketish va xavfsiz hududga ko‘chish haqida ogohlantirilgan ekan. Xatda yozilishicha katta suv kelayotgan emish.

Ertasi kuni qo‘shni cho‘pon to‘yga aytdi. 3-4 kishi bo‘lib to‘yga otlandik. Tushdan keyin to‘ydan qaytsak, bir katta ariq bo‘lib oqayotgan suv ot-ulovlarimizning qorniga yetib qolibdi. Ertasi kuni esa, suv go‘yoki daryoday kengayib ketibdi. To‘satdan samolyot tashlab ketgan xat yodimizga tushib, tezda chorvani „Aydar“ botig‘idan olib chiqish choralarini ko‘rdik. „Qizilcha“ yaylovlaridan chiqib, 15 kun deganda bola-chaqamiz bilan To‘liboy qishlog‘iga yetib keldik.

Xullas 1969 yilning bahori odamlarning xotirasida „Aydarko‘l“ paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holda saqlanib qoldi.

Aydarkoʻl 1984 yil sunʼiy yoʻldosh orqali olingan surati
aydarko'l
Aydarko'l tabiati

Geografik xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydarkoʻl 2003-yilda

Haydarkoʻlning togʻ etagidagi janubiy qirgʻoqlari ancha tekis va suv osti yon-bagʻirlari nisbatan tikroq. Shimoliy qirgʻoqlari notekis va qiya, orol va yarim orollar mavjud. Koʻlning uzunligi 159 km, eni 26 km. Haydarkoʻlning shimoliy qismi ancha sayoz, oʻrtacha chuqurligi 10—12 metr, chuqur joylari 26—30 metr, ayrim joylarda chuqurligi 40 metrgacha.

Haydarkoʻl tor yoʻlaklar orqali Tuzkon va Arnasoy koʻllari bilan tutashgan. Haydarkoʻl Jizzax viloyatidagi Oqbuloq, Sangzor daryosining Qiyli tashlamasi, Chordara suv ombori va Arnasoyga quyilayotgan Markaziy Mirzachoʻl tashlamasi oqimi hisobiga toʻyinadi. 1994—95-yillarda qish va bahorda Chordara suv omboridan katta hajmda suv kelishi natijasida Arnasoy, Tuzkon va Aydar koʻllarining suv maydoni 184 ming ga dan 320 ming gektarga yetdi. Suvining minerallashuv darajasi 1 litrda qariyb 12—15 gramm va undan ortiq.

Aydarko'l
Quyosh botishi manzarasi

Flora va faunasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydarkoʻlning qirgʻoqqa yaqin sayoz joylari va orollari atrofi qamish va boshqa suv oʻsimliklari bilan band. Koʻlda zogʻora baliq, laqqa baliq, sudak, tovon baliq, leshch va boshqa baliq turlari mavjud. Baliq ovlanadi (yiliga oʻrtacha 3 ming tonnadan ziyod). Qoravoy, saqoqush, chayka, yovvoyi oʻrdak va boshqa suvda suzuvchi qushlar yashaydi.

Suvning go‘zal rangi va taʼsirchan kattaligi tufayli, xushmanzara ko‘l ko‘pincha „qumlikdagi firuza dengiz“ deb nomlanadi. Aydarko‘l bo‘yida ikki mingdan ortiq bo‘lmagan odam yashaganligi sababli, ko‘l atrofidagi tabiat yovvoyi va inson oyog‘i tegmagan bo‘lib qolmoqda.

Ko‘lning qirg‘oqlari Navoiy viloyatining Nurota tumanidan Jizzax viloyatining Forish va Mirzacho‘l tumanlarigacha cho‘zilgan. Ko‘lda suv osti oqimlari yo‘q va undagi tuz miqdori ham unchalik yuqori emas, bu esa ushbu hududda nabotot va hayvonot olamining rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Baliq ovlash mavsumini rivojlantirish va muvaffaqiyatli ovlashda oddiy sazan, sudak, oqqayroq, laqqa baliq, chexon kabi ko‘plab baliq turlari mavjudligi qulaylik tug‘diradi. Ko‘lning tepasida tez-tez ko‘tarilib turadigan pushti pelikanlarni, nafis oqqushlarni ko‘rish mumkin. Bu yerda Qizil kitobga kiritilgan qushlar ham boshpana topgan — jingalak pelikan, kichkina baqlan, qizil bo‘yinli kazarka, kul rang o‘rdak-piskulka, oq ko‘zli botqaldoq, dasht bo‘ktargi, oq dumli suvburgut, qora kalxat. Ko‘lning nabotot va hayvonot olamining xilma-xilligidan tashqari, Aydarko‘l dam olish uchun eng yaxshi joylardan biri hisoblanadi. Sohillari ajablanarli darajada yumshoq va toza qum bilan qoplangan ko‘p kilometrlik plyajlar, qirg‘oq atrofida zich o‘sgan suvli o‘t-o‘lanlarning tozaligi, shuningdek, qirg‘oq zonasidagi tinchlik va osoyishtalik ko‘plab ijobiy taassurotlar va unutilmas daqiqalarni his qilishda yordam beradi.

Muammolar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qozogʻistonning Chordara suv omboridan ortiqcha suv Aydarkoʻlga yuborilsa, toshqin xavfi tugʻilishi mumkin.[3] 2005-yilning fevral oyida shunday vaziyat yuzaga kelgan. Suv toshqinlarining oldini olish maqsadida Aydarkoʻlda toʻgʻon qurilgan.

  • Bundan tashqari, Qozogʻistonda 2008-11-yillarda qurilgan Koʻksaroy suv omboridan tashlanadigan suv ham Haydarkoʻlda toshqin xavfini tugʻdiradi. Shu sabab oshiqcha suvni oqizish uchun Qozogʻiston hukumati har safar Oʻzbekiston hukumatidan ruxsat soʻraydi. Ikkinchi tarafdan, ayrimlar Koʻksaroy sabab Haydarkoʻlga yetarlicha suv bormasligi mumkinligini aytib keladi.[4]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Moʻminov, Ibrohim, ed (1971). "Aydar shoʻrxoki". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1. Toshkent. 189 b. 
  2. "Aydar koʻli". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1. Toshkent. 2000-2005. 233 b. 
  3. „Aydarkoʻl toshish arafasida“. Ozodlik radiosi (2005-yil 22-fevral). Qaraldi: 2015-yil 19-avgust.
  4. Qobil, Rustam „Ulkan suv omborlari foydasi va zarari nimada?“. Bi-Bi-Si oʻzbek xizmati (2010-yil 19-fevral). Qaraldi: 2015-yil 19-avgust.

[1]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]



  1. Jizzax viloyat hokimligi axborot xizmati