Etnik guruh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Etnik guruh — muayyan bir xalq (qabila, qabila ittifoqi, elatning) ning parchalanib alohida qismlarga boʻlinib ketishi natijasida vujudga keladigan guruh. E.g.ni quyidagicha izohlash mumkin: oʻz xalqidan (qabila, elat) ajralib chiqqan guruh va boshqalar xalqlar tarkibiga kirib, uzoq muddat yashab, shu xalqning tili, xoʻjalik faoliyati, urf-odatlari, turmush tarzini qabul qilib, unga batamom singib, oʻzlarini shu xalq etnik nomi bilan ataydigan boʻlib qoladi.

Ammo shu bilan birga bu guruh oʻz etnik nomini oʻtmishda qaysi qabila, elatga mansub ekanligini, baʼzi anʼanalarni saqlab qolgan boʻladi. Masalan, qipchoqlar 19-asrning 2-yarmi — 20-asrning boshlarida oʻzbek xalqining tarkibida (oʻz lahjalari, turmush tarzi, madaniy hayotidagi baʼzi xususiyatlarini saqlab qolganliklari tufayli) etn. guruh boʻlgan boʻlsalar, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, turkman, boshqird va boshqalar xalqlar tarkibida ham ular (qipchoqlar) E.g. hisoblangan. Shu singari qangʻli, uyshun va boshqalar bir qancha boshqa qabilaviy nomlar ham yuqorida eslatilgan xalqlar tarkibida mavjud boʻlgan. Bular oʻz etnik nomlari bilan qaysi xalqlar ichida boʻlsalar, oʻsha xalq (qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, turkman, boshqird va boshqalar) nomi bilan atalgan.

E.g. turmush va madaniyatning baʼzi jihatlari (tili, dini, moddiy va maʼnaviy madaniyatini oʻziga xos xususiyatlari va boshqalar)ni saqlagan xalq (millat)ning boshqa milliy guruhlar bilan aralashuvi; elatga oʻzining ayrim muhim belgilarini saqlagan holda qoʻshilishi natijasida, shuningdek, xalqning bir qismi asosiy etnik hududdan uzoq vaqt uzilib qolishi oqibatida yangi tabiiy geografik sharoitga tushishi natijasida xoʻjalik va madaniy oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlishi bilan vujudga keladi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.