Elektrogitara

Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Elektrogitara

Gibson Les Paul elektrogitarasi (1954)
Torli asbob
Turi

Torli asbob
Hornbostel–Sachs klassifikatsiyasi 321.322
(Kompozit xordofon)
Registri

(standart sozlangan gitara)

Elektrogitara — torli cholgʻu asbobi, gitaraning bir turi. Elektrogitaralar ovoz oluvchilar orqali metal torlarning tebranishini elektr audio signallarga aylantiradi. Elektrogitaradan chiqqan signal radiokarnayga toʻgʻridan-toʻgʻri ulash uchun juda kuchsiz boʻlgani sabab bu signal radiokarnayga berilishidan avval kuchaytiriladi. Elektrogitaradan chiqqan signal elektron signal boʻlgani uchun uni osonlik bilan elektron sxemalar yordamida turli xil qilib oʻzgaritish mumkin. Signalni oʻzgartirishning ikki keng tarqali usuli ovozni buzish (inglizcha distortion) va aks sado (inglizcha reverb) effektlaridir.

Elektrogitara 1931-yil ixtiro qilingan. Keyin bu asbob jazz musiqachilari orasida tezlik bilan keng tarqagan. Bugunga kelib elektrogitara pop musiqaning eng muhim asbobiga aylandi.[1] Zamonaviy elektrogitaralar minglagan ovoz chiqara oladi. Elektrogitara yana rok va musiqaning boshqa turlarining rivojlanishidagi muhim omillardan biridir.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1936-1940-yillarda chiqarilgan Gibson ES-150 gitarasi

20-asring boshlarida torli asboblar ovozini elektr toki yordamida kuchaytirish uchun bir necha marta harakat qilishgan. 1910-yillarda maʼqullangan patentlar ichida skripka va banjo kabi asboblarning ichiga telefonning qismalarini oʻrnatib ovoz kuchaytirish boʻyicha patentlar bor. 1920-yillarda musiqachilar bir nechta torli asbobning koʻprigiga mikrofon oʻrnatib koʻrishgan. Lekin bu moslamalrning ovozi sust boʻlgan. 1920- va 1930-yillarda juda koʻp odam elektrik asboblar bilan tajribalar qilgani uchun elektrogitarani birinchi kashf qilganman deb davo qiladiganlar koʻp.

Elektrogitaralarni boshida gitara yasovchilar va gitara ishlab chiqaruvchilar turli xil qilib yasashgan. Gitara yasovchi Les Paul gitaraga mikrofon oʻrnatib ber necha tajriba qilgan. Eng birinchi elektrogitaralarning baʼzilarini yasashda akustik instrumentlardagi kabi ichi boʻsh qorinlardan foydalanilgan. Birinchi elektrik kuchaytirilgan gitarani 1931-yil AQSh Milliy Gitara Korporatsiyasining (National Guitar Corporation) boshligʻi George Beauchamp va uning yordamchisi Paul Barth yasashgan.[2]

Bitta butun qismdan iborat va „tova“ (inglizcha „Frying Pan“) deb ataluvchi gitaraning birinchi prototipini Milliy Gitara Korporatsiyasining ishchisi Harry Watson yasagan.[2] Savdoga ishlab chiqarish 1932-yilning yozida Beauchamp, Adolph Rickenbacker (boshida Rickenbacher) va Paul Barthning hamkorligida tuzilgan Ro-Pat-In Korporatsiyasi (inglizcha „Electro-Patent-Instrument Company Los Angeles“ birikmasidan olingan) tomonidan boshlangan.[3][4] 1934-yilda kompaniya Rickenbacker Elektr Torli Asboblar Kompaniyasi (Electro Stringed Instrument Company) deb qayta nomlangan.

Orkestrlar kattalashgani sari gitaraning ovozini kuchaytirishga boʻlgan ehtiyoj ham oʻsdi. Jazz musiqada ishlatilgan ilk elektrogitaralar ichi boʻsh, elektromagnetik moslamalar oʻrnatilgan akustik gitaralar boʻlgan. 1932-yilga kelib elektr yordamida ovozi balandlatiladigan gitaralar bozorga chiqdi. Ilk elektogitara ishlab chiqargan kompaniyalar roʻyxatiga Rickenbacker (Ro-Pat-In deb atalgan boshida) (1932-yil), Dobro (1933-yil), National (1934-yil), AudioVox va Volu-tone (1934-yil), Vega, Epiphone va Gibson (1935-yil) kompaniyalarini kiritish mumkin. 1936-yilga kelib elektrogitara ishlab chiqargan kompaniyalarning soni juda koʻpayib ketdi.

Qattiq qorinli ekeltrogitara yogʻochdan yasaladi. Unda ovozni balandlatadigan havo boʻshligʻi yoʻq. Rickenbacker 1931-yil aluminiydan quyib yasalgan „tova gitara“ (inglizcha „The Frying Pan“ yoki „The Pancake Guitar“) dizaynini tayyorlab, keyingi yil sotuvga chiqargan. Bu gitaraning ovozi zamonaviy gitaralarning ovoziga oʻxshash. Yana „tova gitara“ juda shovqinli ovoz chiqara oladi.

Ilk bor hujjatlangan elektrik kuchaytirilgan gitara bilan sahnaga chiqish 1932-yil Gage Brewer tomonidan boʻlgan.[5] 1933-yil ilk bor ovoz yozishda elektrogitaradan qoʻllanilgan. Akustik qorinlarda ovoz karnaylardan qaytib gitaraga kelib shovqin chiqarar edi (buni inglizcha „feedback problem“ deyiladi). Shu sabab 1940-yillarga kelib elektrogitaralarda akustik qorin oʻrniga asosan qattiq qorindan qoʻllanila boshlandi.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Elektrogitara qismlari

Elektrogiatarlarning turli xilllari mavjud. Gitara tayyorlashda ishlatilgan material, qorinning shakli, dasta, koʻprik, ovoz olgichlarning tuzilishi turlicha boʻlishi mumkin. Shunday boʻlsada, deyarli barcha elektrogitaralarda uchraydigan muayyan qismlar bor. Chapdagi rasmda aksar gitaralarda mavjud boʻlgan qismlar koʻrsatilgan.

Zamonaviy elektrogitaralarning qorni odatda qattiq boʻlib, yogʻoch yoki plastmassadan yasaladi. Gitaraning juda ham turi koʻp. Olti torli elektrogitara eng keng tarqalgan. Elektrogitaralarda ovoz oluvchilar (inglizcha „pickup“ deb nomlanadi) metal torlarning tebranishini elektr audio signallarga aylantiradi. Ovoz oluvchilarning soni bir nechta boʻlishi mumkin.

Elektrogitara dastasi ham turli shaklda boʻlishi mumkin. Uzun dastalarda parda soni koʻp boʻladi. Elektrogitara pardalari chalish oson boʻlishi uchun baʼzan bir oz yoysimon qilib yasaladi.

Elektrogitaradan chiqqan ovoz kuchaytirgichga (inglizcha „amplifier“) yetishdan avval pedal va boshqa moslamalar yordamida oʻzgartiriladi. Kuchaytirgichlar yordamida ham turli effekt qoʻshish mumkin.

Effekt beruvchi qismlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boss ovoz buzish (distortion qoʻshish) pedali

1960-yillarda musiqachilar elektrogitarani yanada mukammalashtirish uchuun effekt beruvchi qismlardan foydalana boshlashdi. Bu qismlar ovozga turli xil effektlar qoʻsha oladi. Efekt beruvchi qismlarning turi juda koʻp. Eng keng tarqalgan qismlarda pedal (inglizcha „stomp box“ yoki „pedal“) boʻladi. Pedal elektrik qismlar oʻrnatilgan metal yoki plastmassa qutidir. U gitarachining oldida polga qoʻyiladi. Gitaradan kelayotgan signal pedaldan oʻtadi. Quti bir yoki ikki oyoqni ishlatib boshqariladi.

Quyidagi effektlar keng tarqalgan:

  • Xor effektidan foydalanish;
  • Ovozni bir oktava balandlatish yoki pastlatish ;
  • Ovozni buzish (inglizcha distortion);
  • Odam ovoziga oʻxshatadigan ovoz chiqaradigan turli xil filtrlardan qoʻllanish (inglizcha „wah-wah“ deb ataladi);
  • Ovozni boʻgʻish;
  • Ovozni kechiktirish.

Pedalda odatda effekt oz boʻladi. Gitara pedal taxtalarida bir nechta pedal boʻlishi mumkin. Bunaqa moslamalarni odatda musiqachilarning oʻzlari yasashadi. Bir nechta effekt qoʻsha oladigan va koʻp pedalli moslamalar (inglizcha „multi-effects device“ yoki "multi-FX device" deb nomalanadi) elektron qismlar yordamida juda koʻp effekt qoʻsha oladi. Zoom va Korg kabi yapon kompaniyalari 1990-yillardan beri koʻp effektli moslamalarni chiqarib kelishmoqda.

Elektrogitara aksesuarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kapo[tahrir | manbasini tahrirlash]

Akustik gitarani chalgandagi kabi elektrogitara chalayotganda ham kapodan qoʻllanish mumkin. Kapo (italyancha capo tasto (bosh toʻxtatgichi) jumlasidan olingan) ochiq simlarning ovoz balandligini oʻzgartirish uchun qoʻllaniladi. Kapolarda odatda prujina boʻladi va ular gitaraning simlarini siqib qoʻyish uchun qoʻllaniladi. Gitaraning tonini yarim ton koʻtarish uchun kapo birinchi pardaning ustiga qoʻyiladi. Bir ton koʻtarish uchun esa ikkinchi pardaga qoʻyiladi va hokazo. Kapo akkord chalishni osonlashtiradi.

Mediator[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turli xil gitara mediatorlari

Mediator (inglizcha guitar pick yoki plectrum) biror qattiq materialning kichik boʻlakchasidir. Mediator odatda koʻrsatgich va bosh panja oʻrtasida ushlanadi va simlarni chalish uchun qoʻllaniladi. Oʻzbek asboblaridan rubob ham mediator bilan chalinadi. Klassik gitarachilar odatda panjalari bilan chalishadi. Mediator asosan poʻlat simli va elektrogitaralarni chalish uchun qoʻllaniladi.

Mediatorlar asosan plastmassadan yasaladi. Ammo suyak, toshbaqa kosasi va yogʻochdan yasalgan turlari ham mavjud. Ilk mediatorlar toshbaqa kosasidan yasalgan. Keyinchalik toshbaqalarning soni kamaygani uchun ulardan mediator yoki boshqa narsa yasash taqiqlangan. Hozirgi kunda taqiqdan avval toshbaqa kosasidan yasalgan mediatorlar juda qadrlanadi.

Mediatorlarning shakli va oʻlchami har xil boʻladi. Jazz uchun ishlatiladigan mediatorlar kichik boʻladi. Bas gitara mediatorlari boʻlsa katta boʻladi. Mediator qalinligiga qarab ishlatiladi. 0,2 mm dan 0,5 mm gacha boʻlgan yupqa mediatorlar odatda ritm chalish uchun ishlatiladi. 0,7 mm dan 1,5 mm yoki undan ham qalin boʻlgan mediatorlar esa solo chalish uchun qoʻllaniladi.

Chalish texnikalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tembri oʻzgartirilgan gitara. Gitarani tembrni oʻzgaritirish uchun odatda gitaraning simlari orasiga yoki simlarning ustiga turli obyektlar qoʻyiladi.

Elektrogitarnaing ovozini nafaqat elektonik ovoz effektlari bilan, balki chalishda turli texnikalardan qoʻllanib ham oʻzgartirish mumkin. Bunday texnikalarning misollari quyidagilardir:

  • Torni egish; Bu texnika faqat elektrogitara uchun xos emas. Lekin elektrogitarada qattiq qoringa yumshoq simlar oʻrnatilgani uchun bunday gitaralarda simlarni egish juda osondir.
  • Dastani egish; bunda qorinni ushlab turib dasta yoki oldinga, yoki orqaga egiladi. Juda qattiq egilsa dasta sinib ketishi mumkin.
  • Tremolo (exo) qoʻshuvchini ishlatish.
  • Ikkala qoʻl bilan ham pardalarni bosish.
  • Oʻyish; bu koʻrsatgich panja yoki bosh pancha bilan chalingan torga tegishdir.
  • Ovozni baland-past qilish; bu ishni maxsus pedal orqali ham qilsa boʻladi.
  • Ovoz chiyillashidan qoʻllanish; bu ovoz signali mikrofondan karnayga va karnaydan yana qaytadan mikrofonga oʻtib zanjir hosil qilganida chiqadigan ovozdan qoʻllanishdir (bu ovoz zanjiri inglizcha "feedback" deb ataladi).
  • Mediator oʻrniga boshqa jism qoʻllanish.
  • Gitaraning oʻziga oʻrnatilgan effekt chiqaruvchilardan qoʻllanish.
  • Panjalarni sirgʻaltirish; bunda bir nota chalinganidan keyin qoʻl sim boʻylab pastga yoki yuqoriga yurgiziladi.
  • Gitaraga turli hil qoʻshimchalar qoʻshish; masalan uchinchi koʻprik qoʻshish.

Vibrato, torni tortish (inglizcha pull-off), torni urish (inglizcha hammer-on), kaft bilan ovozni boʻgʻish (inglizcha palm muting), garmonika va oʻzgartirib sozlash texnikalari nafaqat elktorgitaralarni chalishda, balki klassik hamda akustik gitaralarni chalishda ham keng qoʻllaniladi.

Elektrogitara turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Elektrogitaraning juda ham koʻp turi bor. Masalan elektrogitaraning qattiq qorinli, yarim akustik, elektro-akustik turlari mavjud. Torlarning soni ham har xil boʻladi. Hatto bitta torli gitaralar mavjud. Toʻrt, yetti, sakkiz, toʻqqiz, oʻn, oʻn ikki simli turlari ham bor. Ikkita dastali elektrogitaralar ham keng tarqalgan.

Elektrogitara markalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quyida dunyoning turli mamlakatlarida chiqariladigan elektrogitara markalari koʻrsatilgan.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Hempstead, Colin; Worthington, William E.. 20-asr texnologiyasining ensiklopediyasi, 2-jild (ingl.). Taylor & Francis, 2005 — 793 bet. ISBN 1-57958-464-0. [1]
  2. 2,0 2,1 Wheeler, Tom. Gitara kitobi: Akustik va elektrik gitaralar bo'yicha qo'llanma (ingl.). Harpercollins, 1978 — 153 bet. ISBN ISBN 0-06-014579-X. 
  3. Richard R. Smith. Rickenbacker gitaralarining tarixi (ingl.). Centerstream Publications, 1987-09-01 — 10 bet. ISBN 978-0-931759-15-4. 
  4. Evans, Tom. Gitara: O'rta asrlardan boshlab rokkacha musiqasi, tarixi, tuzilishi va chaluvchilari (ingl.). Paddington Press, 1977 — 344 bet. ISBN ISBN 0-448-22240-X. 
  5. Wheelwright, Lynn; Walter Carter. Ro-Pat-Inning Birinchi Elektrik Ispan Gitarasi (ingl.), 2007. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (12 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 14-avgust, 2022-yil(2022-08-14) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.