Dilbarjin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dilbarjin — qadimgi shahar harobasi (miloddan avvalgi V hamda milodiy IV asr). Afgʻonistonning Balx shahridan 40 km shimoli-g'arbda joylashgan. Yunon-Baqtriya va Kushon podsholiklari davrida ravnaq topgan. Sovet-Afgʻon ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan (1970—78). Haroba toʻrtburchak shaklda, mudofaa devori (umumiy uzunligi 1,5 km, qalinligi 3,5 m) bilan oʻralgan. Bir necha burji, 4 darvozasi, atrofi xandaq boʻlgan. Shahar markazida 20 m balandlikda alohida mudofaa devori (uzunligi 600 m) bilan oʻralgan shoh saroyi joylashgan, uning bir darvozasi boʻlib atrofi xandaq bilan oʻralgan. Shahar hududida budda ibodatxonasi, devoriy rasmlar bilan bezatilgan yirik bino, xumdon, mudofaa devorlari harobalari tekshirilgan. Dilbarjindagi binolar hashamatli qilib bezatilgan. Bir xona devoriga otga suyanib turgan shaxslarning toʻq-qizil, sariq, koʻk, binafsha, jigarrang rasmlari (balandligi 2,13 m) ishlangan. Boshqa xonada hoʻkiz minib turgan hind xudolari Shiva va Parvati rasmlari tasvirlangan. Yana bir xonaning devorida tik turgan 12 kishi va qoʻllarida qadah ushlab oʻtirgan ikki qator shaxslar tasviri ishlangan, tasvirlarning boshlari orasiga qadimgi hind-brahma yozuvi bitilgan. Rasmlar Hindistonning qadimgi sanʼatiga taqlid qilib ishlangan boʻlsada, Bolaliktepa va Panjikent devoriy rasmlariga juda oʻxshashdir. Dilbarjindan, shuningdek, sopol idishlar, mis tangalar, yunon yozuvi bitilgan tosh boʻlagi ham topilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Kruglikova I. T., Pugachenkova G. A., Dilberdjin, M., 1977; Drevnyaya Baktriya, M., 1984.