Konfutsiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Confutsiydan yoʻnaltirildi)

Konfutsiy (xitoycha 孔子, miloddan avvalgi 551—479-yil) — Xitoy faylasufi, konfutsiychilik asoschisi va siyosiy arbob boʻlgan. Uning saboqlari va faylasufligi Xitoy, Koreya, Yaponiya va Vetnam xalqlarining oʻy-fikri va hayotiga chuqur taʼsir koʻrsatgan.

Konfutsiy

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Konfutsiy kambagʻallashib qolgan zodagon va harbiylar oilasida tugʻilgan. 22 yoshida taʼlim berish bilan shugʻullanib, Xitoyning eng mashhur oʻqituvchisi sifatida shuhrat qozongan. Konfutsiy oʻzi ochgan maktabida 4 ta fan: axloq, til, siyosat va adabiyot oʻqitilgan. 50 yoshida Konfutsiy siyosiy faoliyatini boshlab, Lu davlatida yuqori amaldori boʻlib xizmat qiladi. Fitnalar natijasida xizmatidan ketadi, 13 yil mobaynida Xitoyning turli oʻlkalariga boradi, biroq u joylarda oʻz gʻoyalarini qoʻllay olmagach, miloddan avvalgi 484-yilda Luga qaytib keladi. Taʼlim berishdan tashqari qadimiy Xitoyning 5 ta mumtoz asari — „Shudzin“, „Shidzin“, „Idzin“, „Yuedzin“ va „Lidzi“ni toʻplash, tahrir qilish, tarqatish bilan shugʻullanadi. Konfutsiy taʼlimoti uning „Lun yuy“ („Suhbatlar va mulohazalar“) kitobida bayon etilgan. Bu kitob aslida Konfutsiyning fikrlari va suhbatlari asosida shogirdlari va izdoshlari tomonidan yaratilgan. Konfutsiy oʻzi uchun, avlodlari, yaqin shogirdlari uchun alohida ajratilgan qabristonga dafn etilgan; uning uyi Konfutsiy ibodatxonasiga aylantirilgan, bu joy ziyoratgoh boʻlib qolgan.[1]

Xitoydagi ilm-fan taraqqiyotida Konfutsiy va uning maktabi alohida ahamiyatga ega. Uning Xitoy falsafasi tarixida tutgan oʻrnini Suqrotning yunon falsafasi tarixidagi oʻrnigagina qiyoslash mumkin. Uning butun dunyoda mashhur boʻlgan nomi „kun“ va „futszi“ soʻzlari asosida yasalgan „Kun“ hozirgi vaqtda familiyani anglatuvchi soʻz boʻlsa, „fu“ faylasuf, „szi“ oʻqituvchi maʼnolarini ifodalovchi soʻzlardir. Yaʼni Konfutsiy „falsafa oʻqituvchisi“ degan soʻzlarning familiya maqomini olgan shaklidir. Konfutsiy yashagan davrdan „Toʻrt asos“ va „Besh asos“ degan ulkan yozma yodgorliklar saqlanib qolgan. „Besh asos“ Konfutsiyga qadar yaratilgan „Qoʻshiqlar kitobi“, „Taomillar kitobi“ („Marosimlar kitobi“), „Rivoyatlar kitobi“ va „Folbinlik kitobi“ („oʻzgarishlar kitobi“) singari qismlardan iborat boʻlgan. Lekin bu kitoblarning barchasi konfutsiylik taʼlimoti asosida qayta ishlangan va Konfutsiy taʼlimotining mohiyatini ochishga xizmat qilib kelgan. „Toʻrt asos“ esa Konfutsiy „Hikmatlar“idan tashqari, „Menzi“ („Men-muallim“), „Buyuk taʼlimot“ va „Oraliq haqidagi taʼlimot“ sin-gari Konfutsiy shogirdlarining hikmatli soʻzlaridan tashkil topgan. Konfutsiy taʼlimoti markazida „muruvvatli zot“ turadi. U hukmron tabaqaning ideal vakili boʻlib, Konfutsiy taʼlimoti yordamida oʻzida jamiyat farovonligini taʼminlaydigan va maʼnaviy asoslarini ifodalay oladigan oliyjanob fazilatlarni shakllantirgan. Konfutsiy „Hikmatlar“i „muruvvatli zot“ning shunday yuksak insoniy fazilatlarini aks ettiradi. Aniqroq aytsak, bu zot oliy hukmdorga nisbatan chuqur ehtiromli, xalqqa esa muruwatli boʻluvchi, butun kuch va qobiliyatini jamiyat oldidagi burchini oqlashga, milliy urf-odat va anʼanalarning toʻla-toʻkis bajarilishini taʼminlashga sarf etuvchi kishidir. Shuning uchun ham uning oʻgitlari, pand-u nasihatlari Xitoyda hanuzga qadar eʼzozlanib va qadrlanib keladi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil