Chakanda

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chakanda, jirgʻanoq (Hippophae) — jiydadoshlar oilasi daraxtsimonlar yoki butasimonlar turkumi; dorivor va mevali ekin. Yevrosiyoning iliq ikdimli mintaqalarida 3 turi tarqalgan. Sharqiy va Gʻarbiy Sibir, Kavkaz, Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekistonda daryo sohillari va toʻqayzorlarda Ch.ning jumrutsimon turi (H.rhamnoides) yovvoyi holda oʻsadi. Rossiyaning Oltoy, Sibir va Noqoratuproq zonalarida madaniylashtirilgan navlari oʻstiriladi. Tabiiy oʻsadigan chakandazorlardan ham keng foydalaniladi. Ch. yorugʻsevar, qurgʻoqchilik va sovuqqa chidamli. Boʻyi 2—5 m, sershox, bargi nashtarsimon zich, usti kulrang , osti kumushsimon. Ch. ikki uyli (erkak va urgʻochi daraxtli) oʻsimlik. Bahorda barg chiqarishi bilan gullaydi, shamol yordamida changlanadi. Gullari mayda sargʻish, hidli. Mevasi avg . oxiri—sent. boshlarida pishib yetiladi, mayda, tuxumsimon yoki dumaloq, novdalarga zich yopishgan, rangi och sariq yoki sargʻishqizil, taʼmi nordonshirin. Tarkibida organik kislotalar, qand, S va V, Ye, Gʻ guruhi vitaminlari, karotin hamda tibbiyotda ishlatiladigan shifobaxsh moy bor. Ch. bachki, parxish hamda qalamchasidan koʻpaytiriladi. Qumliklarni, qirgʻoqlarni, temir yoʻl boʻylarini mustahkamlash, yoʻlaklarni qordan ximoya qilish maqsadida ham ekiladi. Mevalari yangiligida yeyiladi, murabbo, jem, sharbat tayyorlanadi, moy olinadi. Bogʻ va xiyobonlarda manzarali oʻsimlik sifatida oʻstiriladi.